Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Surxondaryo hamda Qashqadaryodan keyin Samarqandda jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumanida qatnashdi. IIV rasmiysi ishtirokidagi matbuot anjumanida OAV xodimlari, bloger va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ko‘plab savollar bilan murojaat qilishdi.
«Tik Tok’ da ham sahifamiz bor»
Shohrux G‘iyosov matbuot anjumani boshida ichki ishlar vazirligi yildan-yilga OAV va fuqarolar uchun ochilib borayotganini aytib, ayni damda vazirlik qaysi tarmoqlarda o‘z ishlari haqida ma’lumot berib borayotganini sanadi.
«Hozir IIV qoshida 24 ta internet sayt ishlamoqda. Viloyat IIBlar sayti, tergov departamentining sayti va boshqalar shular jumlasidandir. Vazirlik sayti ham yangilandi, chunki bugungi ochiqlik siyosati davrida boshqacha ishlab bo‘lmaydi. Barcha ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z sahifamizni ochganmiz. YouTube'da MDH davlatlari orasida bizning o‘quvchilar soni eng ko‘p (70 mingdan ortiq). Umumiy kuzatuvchilarimiz soni 3 milliondan oshdi.
Hatto Tik Tok’da ham o‘z sahifamizni ochdik, chunki yoshlarga Tik Tok formatidagi videolar berib borishimiz kerak. Qator telekanallarda biz bilan hamkorlikda ko‘rsatuvlar tayyorlanmoqda. Avval televideniyeda berilgan narsani tarqatish bilan kifoyalangan bo‘lsak, hozir o‘zimiz tayyorlayapmiz. Bir so‘z bilan aytganda, bugun biz ham axborot tayyorlab, uni tarqatishga odatlandik», dedi G‘iyosov.
«Jurnalistlar bilan muammo yo‘q, ammo blogerlar bilan...»
IIV rasmiysi vazirlik va uning tarkibidagi boshqarmalar OAV vakillari, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari bilan ishlashga tayyorligi, har qanday ma’lumot uchun munosabat bildirishga harakat qilinishini aytdi. G‘iyosov ba’zi holatlarda ichki ishlar tizimidan munosabat olmay xabarlar tarqatilishi oqibatida tushunmovchiliklar yuzaga kelayotganini ta’kidladi.
«Biz doim jurnalist va blogerlar bilan ishlashga tayyormiz, qo‘l ostimdagi barcha xodimlarga bu haqda ko‘rsatma berganman. Ammo IIV xodimlaridan munosabat olmay xabar e’lon qilish holatlari ham ko‘p kuzatilmoqda. Bu borada jurnalistlar bilan muammo yo‘q, chunki ularda xabar e’lon qilish bo‘yicha tartib shakllangan. Blogerlar bilan esa muammo bo‘lmoqda. Ular ma’lumotni tekshirmay yoki kesib e’lon qilishadi, bu to‘g‘ri emas, axir biz doim munosabat bildirishga tayyormiz. Bilasizmi, bir yil davomida ichki ishlar xodimlari haqida 580 dan ortiq negativ ma’lumot tarqatilgan va shundan faqat 41 tasi o‘z isbotini topgan», dedi IIV matbuot kotibi.
G‘iyosovdan Samarqandda bo‘lib turgani uchun kattaqo‘rg‘onlik soliqchining o‘limi (soliqchi Azizbek Ahmedov YHXB xodimlari unga nisbatan kuch ishlatganidan so‘ng halok bo‘lgandi) bilan bog‘liq holat tizimda qandaydir o‘zgarishga sabab bo‘lgan-bo‘lmagani, bu holat IIV tizimi uchun qanday signal bo‘lganini so‘radik.
«Nafaqat Kattaqo‘rg‘ondagi voqea, balki zo‘rlik ishlatish bilan bog‘liq barcha holatlar IIV uchun favqulodda holat hisoblanadi. Bunday vaqtlarda maxsus ishchi guruh tuziladi. Kattaqo‘rg‘onda bizning xodimlar o‘z ishini bajarayotgan bo‘lgan. Ular soliqchini bo‘g‘ib o‘ldirgan deyish to‘g‘ri emas. Ularning ishlariga sud qonuniy chora ko‘rdi. Albatta, bu voqea jiddiy o‘rganib chiqildi.
Kattaqo‘rg‘ondagi voqeaning videosini kesib qo‘yishdan maqsad nimanidir ko‘rsatmaslik emas, shunchaki rolikni qisqartirish bo‘lgan. Chunki katta video bo‘lsa, uni ko‘rish noqulay. Biz shunchaki qoida buzilgan joylarni kesib berganmiz, dalillar yashirilmagan. Bu axborotni tezkor yetkazish jarayonidagi tushunmovchilik xolos, boshqa narsa emas», dedi IIV rasmiysi.
«Bu eskicha fikrlash»
«Zo’r TV» muxbiri faoliyati davomida tergovchilar axborot tarqatishga bir necha marta xalaqit berganini aytib, bu borada OAV bilan ishlashda qandaydir tartib bor-yo‘qligi haqida so‘radi. Uning aytishicha, efirda ketadigan ma’lumotlarni tergovchilar vazirlikka tasdiqlatib olish kerakligini aytgan. Bu esa jurnalist tayyorlagan material e’lon qilinishi kechikib ketishiga sabab bo‘lgan. Bunga javoban Shohrux G‘iyosov kimdir jurnalistga axborot tarqatishda asossiz xalaqit bergan bo‘lsa, u eskicha fikrlayotganini aytdi. IIV rasmiysi tergovchilar OAV bilan faol ishlasa, bu uchun maoshiga ustama ham to‘lab berilishini ta’kidladi.
«Tergovchi TVda chiqqani, OAVga o‘z ishi bo‘yicha maxfiy bo‘lmagan axborot bergani uchun ularning reytingi oshadi, hatto maoshiga ham ustama qo‘shiladi. Qaysi tergovchi ma’lumot yashirmoqchi bo‘lsa, u eskicha fikrlayotgan ekan. Men ham shu holatga duch kelib, tergov departamenti rahbarigacha chiqdim-da, biz tarqatilayotgan har bir ma’lumotni kelishib chiqaradigan bo‘lsak, to‘g‘ri bo‘lmasligini aytganman», dedi IIV matbuot kotibi.
Matbuot anjumanida qatnashgan Ichki ishlar vazirligi muassisligidagi «Postda» gazetasi muxbiri ham ma’lumot olish borasida muammolarga duch kelayotganini aytdi.
«Qanday ma’lumotlar yopiq ekani qonunda ko‘rsatilgan. Ammo terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi siz so‘ragan narsa keyinchalik qanday rezonans keltirib chiqarishini o‘ylab, ma’lumot bermagan bo‘lishi mumkin. Ammo vazirlik nashrida ishlarkansiz, Toshkentdagi rahbariyatingiz orqali murojaat qilsangiz, bu borada muammo bo‘lmasligi kerak», dedi G‘iyosov.
Mashinasi yoqib ketilgan bloger savoli
Shohrux G‘iyosov ishtirokidagi matbuot anjumaniga avtoblogerlar ayniqsa faol qatnashdi. Ulardan biri roppa-rosa bir yil avval o‘z mashinasi yoqib yuborilgani, ammo hamon bu jinoyat ochilmay qolayotganini aytdi. Uning fikricha, mashinasini aynan avtoblogerlik faoliyati uchun yoqib yuborishgan. IIV matbuot kotibi esa jinoyat ochilmagani hech kim ishlamayotganini anglatmasligini aytdi.
«Davlat haydovchini sekin haydashga majbur qilishi kerak»
Yana bir avtobloger G‘iyosovdan Samarqand shahridagi maktablar oldida «yotiq politsiyachi» usulidagi to‘siqchalar qo‘yilishini nazoratga olishni so‘radi. IIV rasmiysi bu borada fikrlarini bildirar ekan, chindan texnik tomondan haydovchini sekin haydashga majbur qilish zarurligini aytdi.
«Yo‘llardagi infratuzilmaning yomonligi, yo‘llarning holati jiddiy muammo. Davlat maktablar oldida yoki piyodalar yo‘lakchasi oldida mashinani sekin haydashga majbur qilishi kerak. Yo‘l belgilari, yo‘lda qandaydir kichik to‘siqlar, ogohlantiruvchi «yotiq politsiyachi» qo‘yish bilan. Bizning yo‘llarimizda koviddan ham ko‘proq odam o‘lmoqda, bu juda yomon.
Bu borada jamoat transportini rivojlantirish ham muhim omil hisoblanadi. Agar ko‘chalarda jamoat transportida, veloyo‘lakchalarda piyoda harakatlanish qulay bo‘lsa, parkovkalar ko‘paysa, harakat tartibga kelishi uchun juda foydali bo‘ladi», dedi G‘iyosov.
Shohrux G‘iyosov bloger Nikita Makarenkoning haydovchilik guvohnomasini olish qiyin bo‘lishi kerakligi haqidagi taklifini to‘liq qo‘llashini aytdi: «Makarenkoning taklifini 100 foiz qo‘llab-quvvatlayman. Chet elda bu narsa yaxshi rivojlangan. Ularda xususiy haydovchilik guvohnomasi beradigan firmalarga siz imtihondan o‘tolmasligingiz qaytanga foydali, chunki qo‘shimcha to‘lov qilib yana imtihondan o‘tishga majbursiz. Menimcha ham «prava» olish uchun imtihonlar qiyin bo‘lishi kerak», dedi IIV rasmiysi.
Blogerlardan biri G‘iyosovdan «Haydovchilik guvohnomasi olish jarayonida pora olish holatlari haqida bilamizmi? Bu hozir juda avj olgan», deb so‘radi. G‘iyosov esa huquqni muhofaza qiluvchi organ rasmiysi sifatida faktlar bilan ishlay olishini, bunday holatlar kuzatilsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri unga murojaat qilish mumkinligini aytib, ishtirokchilarga o‘z telefon raqamini berdi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas