00:20 / 02.02.2022
1 602

Nega korrupsiya yo‘qolmaydi?

Nega korrupsiya yo‘qolmaydi?
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov «Facebook»dagi sahifasida «Nega korrupsiya yo‘qolmasligi» haqida o‘z fikrlarini yozdi.

«Bizning jamiyatimizda odamlar bir-birini aldashda raqobat qilishadi. Shuning uchun korrupsiya, monopoliya, avtoritarizm — milliy zehniyatning ifodasi hisoblanadi.

Bugun bir seminarda, o‘tgan kungi voqeani aytib, ijtimoiy psixologiyani biroz tahlil qildik...

Somsaga navbatda turibmiz: bir tandir somsa tugab, ikkinchisiga 40 minut navbat kutdik. Navbat juda uzun. Somsa sotilishni boshlashi bilan 5-6 yoshli kichkina qizcha kelib, navbatdan tashqari somsa olib ketdi. Keyin, bu holat yana bir necha marta takrorlandi. Hech kim indamadi...

O‘sha qizchalarga pul berib yuborayotgan — kattalar. Yana bir ayol kelib, «mehmon kelib qolganligini» aytib, navbatsiz olib ketdi. Ya’ni, boshqalarni aldashda odamlar yangiliklar yaratishadi, novatorlik qilishadi, original yo‘llarini izlashadi.

Bir-birini aldashda raqobat qiladigan jamiyatlarda institutlar ishlamaydi, ishlay olmaydi. Chunki, institutlar — kelishilgan va rioya qilinadigan qoidalar hisoblanadi... Shu sabab, avtoritarizm, monopoliya va korrupsiya, bu bizda norma, anomaliya emas...
».

Yuqoridagi fikrlarga qo‘shimcha
«Somsaga navbatda turish nafsimizga og‘irlik qilganidek, davlat idorasida navbat kutish ham bizga yoqmaydi.

Qaysidir idora eshigida bir parcha qog‘ozni olish uchun sarg‘ayib o‘tirganingizda, shu idoraning kattasi tanishingiz bo‘lsa, unga iltimos qilib, ishingizni navbatsiz bitirishga urinib ko‘rasizmi? Yoki shu idorada ishlaydigan odam ammasining o‘g‘li yoki xolasining qizi ish bilan kelganda, uning ishini navbatsiz hal qilib beradimi?

Hal qilmay ko‘rsinchi. Mahalla-ko‘y orasida, qarindoshlar oldida nima degan odam bo‘ladi? Shunday joylarda ishlayotgan payting yaqinlaringning koriga yaramasang, unda qachon yaraysan? Qarindosh-urug‘ingga, oshna-og‘aynilaringga nafing tegmasa, qanaqa odamsan o‘zi?

Xuddi shunday, tanish-bilishchilik asosida ish bitirish hayot tarzimizga aylangan. Tanishing bo‘lsa, senga davlat idoralarida navbatsiz xizmat ko‘rsatishadi. Tanishing bo‘lsa, «yog‘liroq» joyga ishga kirasan. Tanishing bo‘lsa, soliqchilar sening biznesingni kamroq bezovta qiladi. Tanishing bo‘lsa, million dollarlik tenderlar seniki.

Bu ishlardan zarracha vijdonimiz qiynalmaydi. Falon joyda tanishimiz borligidan faxrlanamiz. Shunday tanishi borlarga havas qilamiz.

Tanishi yo‘qlar-chi? Tanishi yo‘qlarning tanishi — pul. Pul har qanday eshikni ochib beradi. Faqat eshiklarning narxi har xil.

Aksariyatimiz uchun «tepa»da aylanadigan million-million dollarlik pullar pora, lekin navbatda turmasdan bitta «spravka»ni olish uchun beradiganimiz — 10 ming so‘m pul pora emas.

Albatta, 10 ming so‘mning ijtimoiy zarari 10 million dollarlik poranikidan kamroq, lekin har ikki ish ortida turgan zehniyat va maqsad bir xil: noqonuniy yo‘l bilan tezroq ishimizni bitirish.

Navbatda turishdan erinib o‘rtaga tanish tiqishdan qutulmagunimizcha; ishlarimizni ko‘proq vaqt oladigan qonuniy yo‘l bilan emas, balki tez bitadigan qing‘ir yo‘l bilan bitirish odatimizdan voz kechmagunimizcha, bizda korrupsiya yo‘qolmaydi. Bu yerda summaning ahamiyati yo‘q: agar qonunni buzyapsanmi, kimningdir haqqini, navbatdagi o‘rnini nohaq olib qo‘yyapsanmi; 10 ming so‘m ham, 10 million dollar ham birdek pora.

Demak, 10 ming so‘mlik porani berishdan va olishdan or qilishni o‘rganmagunimizcha, million dollarlik poralarni olish va berish davom etaveradi
».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nega korrupsiya yo‘qolmaydi?