00:16 / 09.02.2022
1 940

«Lukashenkoning bayonoti rasmiy Toshkentni xavotirlantirishi kerak»

«Lukashenkoning bayonoti rasmiy Toshkentni xavotirlantirishi kerak»
Rossiyalik jurnalist Vladimir Solovyovning Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan intervyusi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘rtasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Lukashenkoning fikricha, sobiq SSSR hududidagi aksariyat davlatlar, xususan O‘zbekiston ham 10-15 yillar o‘tib hozirgi Rossiya va Belarus ittifoqiga qo‘shilib, armiyasi, pul birligi yagona bo‘lgan Ittifoqni tashkil qiladi.

Solovyovning kelgusida 350-450 mln odamdan iborat birlashgan davlat tuzish kerakligi bo‘yicha fikrini davom ettirgan Lukashenko quyidagi fikrlarni aytgan:

«Qozoqlarga yaqindagi voqealar dars bo‘ldi, ular ham qo‘shiladi. 15 yillar ichida Ukrainaning ham qo‘shilmasdan iloji qolmaydi. Armaniston ham hech kimga kerak emasligini tushundi. Aniq aytamanki, ular ham bizga qo‘shiladi. Ozarbayjon biroz so‘roq ostida, chunki uni Turkiya qo‘llab-quvvatlayapti. O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning ham qo‘shilmasdan boshqa iloji qolmaydi».

Ushbu fikrlarga ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti faollari munosabat bildirib, O‘zbekiston va boshqa respublikalarning taqdirini muhokama qilganlarni keskin tanqid ostiga olmoqda.

Xususan, huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev mazkur suhbatni mahallada o‘tgan-ketganni muhokama qiladigan, birovlarning shaxsiy hayoti haqida suhbatlashib, ularning taqdirini o‘zicha chamalaydigan g‘iybatchilarga qiyoslagan.

«O‘zbekistonning o‘z tanlagan yo‘li va prinsiplari bor. O‘zbekiston u xoh sharq bo‘lsin, xoh g‘arb bo‘lsin, boshqa davlatlar bilan teng sheriklikdagi o‘zaro manfaatlar yuzasidan hamkorlik qiladi. Xudo xohlasa, doim shunday bo‘lib qoladi. Rossiya va Belarus esa o‘zining AQSH hamda Yevropa bilan bog‘liq muammolari, sanksiyalarini o‘zi hal qilsin. Bizni bunga aralashtirmasin. Va bizning taqdirimizni biz uchun hal qilishni ham yig‘ishtirishgani ma’qul. O‘zbekiston taqdirini o‘zbek xalqi hal qiladi, ilohim, boshqalarga kunimiz qolmasin», degan huquqshunos.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i faollaridan biri Bahodir G‘aniyev esa ruslar bilan iqtisodiy jihatdan bog‘liqlik jihatlarimiz borligi uchun siyosatda shaxmat o‘ynashga majbur ekanligimiz, ammo mot qilishlariga qo‘ymasligimiz kerakligini qayd etgan.

«KXSHTdan chiqqanimiz to‘g‘ri qaror bo‘lgan. YEOIIdan ham chetroq turganimiz yaxshi. Lukashenkoning gapiga kelsak, Ukrainani ruslar aniq qo‘ldan boy berib bo‘ldi. Turkiya Ozarbayjonni berib qo‘ymaydi. Ruslarni o‘zida hozir barqarorlik yo‘q, yaqin 10 yil davomida ularni ko‘proq o‘z ichki muammolari va G‘arbni qarshiligi band qilib qo‘yadi. Ustiga-ustak, o‘z tarkibiga biz yoki Qozog‘istonni qo‘shmoqchi bo‘lsa, hazm qilolmay o‘zi ham bo‘linib ketishi mumkin. Uning o‘z tarkibidagi musulmon hududlarda separatizm kuchli, bizda esa ruslar kam qolgan, – degan G‘aniyev.

Shuningdek, Azon.uz’ning siyosiy masalalar bo‘yicha eksperti Kamoliddin Rabbimov Lukashenkoning bayonoti rasmiy Toshkentni xavotirlantirishi kerakligini bildirdi.

«Davlat mustaqilligini Millat taqdiridagi eng katta hodisa sifatida qadrlovchi O‘zbekiston uchun Belorussiya Prezidenti Lukashenkoning gaplari o‘ta xavotirli deb qabul qilinishi kerak.

Belorussiyada 2020 yilda yuz bergan ommaviy namoyishlar, Belorussiya geosiyosatida, tashqi siyosatida ko‘p narsani o‘zgartirdi. O‘tgan o‘n yilliklar davomida Lukashenko Rossiya va G‘arb o‘rtasida, ma’lum muvozanatni saqlab kelayotgan edi. Rasman Belorussiya Rossiyaga yaqin edi, lekin strategik masalalarda Lukashenko V.Putinning tashabbuslari va loyihalariga “yo‘q” deya e’tiroz bildirish imkoniyatini saqlab kelardi. Lekin keyingi ikki yilda Lukashenkoning fikrlash vektori va harakatlar strategiyasi ancha o‘zgarganini ko‘rish mumkin.

Bugun geosiyosiy masalalarda Lukashenko V.Putinning komandasidagi asosiy “hujumchi”ga aylandi. Oldin u “himoyachi” edi xolos. Hujumchi bo‘lganda ham V.Putindan ko‘ra ko‘proq hujum qilayotgan o‘yinchi bo‘lmoqda. Lukashenko Ukrainaga nisbatan ancha agressiv bayonotlar va amaliyotlar qilmoqda.

Lukashenko Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi, KXSHT borasida, postsovet hududidagi Putindan keyingi ikkinchi “integrator-mafkurachi” bo‘lib maydonga chiqdi.

Lukashenkoning O‘zbekiston borasidagi ikki bayonoti bir-birini to‘ldiradi. Qozog‘iston voqealari fonida u “keyingi navbat O‘zbekistonga bo‘ladi!” deb O‘zbekistonni o‘zicha “ogohlantirgandek” bo‘ldi.

Mana endi “O‘zbekiston ham ilojsizlikdan baribir bizning ittifoqqa qo‘shilishga majbur bo‘ladi”, demoqda. Lukashenkoning gaplaridan Kremlda sobiq SSSRni yangi formatda tiklash borasida aniq va puxta o‘ylangan loyihalar borligini anglash mumkin. Lukashenko “suvereniteting o‘zingda qolaversin – ichki muammolaringni o‘zing hal qilasan. Lekin, mustaqil bo‘lmaysan – tashqi siyosatda seni to‘liq Putin/Moskva nazorat qiladi!” demoqda.

Lukashenkoning bu bayonoti rasmiy Toshkent uchun oxirgi va o‘ta jiddiy signal bo‘lishi kerak: Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining strategik maqsadi – iqtisodiy hamkorlik, kollektiv o‘sish emas, balki geosiyosiy kurash, kollektiv g‘arb va boshqalar bilan strategik to‘qnashuvga tayyorlanish va tashqi siyosatda, geosiyosiy hamkorlik masalalarida Moskva nazoratida bo‘lishga tarixiy rozilik berish hisoblanadi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi o‘zinig geosiyosiy mustaqilligini saqlab, muvozanat ushlab turishga muvaffaq bo‘lgan deyarli yagona davlat hisoblanadi. Lukashenkoning bu bayonoti Kremlning O‘zbekiston geosiyosiy mustaqilligiga nisbatan agressiv bosimini to‘liq ochiqlaydi, rasmiylashtiradi.

Mana shu fonda, rasmiy Toshkent ichki va tashqi siyosatda davlat legitimligini parvarishlash, jamiyatni davlat atrofida jipslashtirish, davlat mustaqilligini va geosiyosiy mustaqillikni saqlab qolish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish zarurati, tarixiy darajada oshib boradi
», – dedi siyosatshunos.

Eslatib o‘tamiz, Belarus rahbarining bu «qilig‘i» birinchi marta emas. Qozog‘istondagi voqealar fonida ham Lukashenko o‘zicha O‘zbekistonni ogohlantirib, saboq chiqarishga chaqirgan edi. Bunga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev javob qaytarib, har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga ega ekanligimizni ta’kidlagan edi.

Sherali Soliyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Lukashenkoning bayonoti rasmiy Toshkentni xavotirlantirishi kerak»