date 07:28 / 06.03.2022
views 1 365

Oʻzbekistonda bemor tana harorati 16 darajagacha sovitilib, 12 soatlik operatsiya oʻtkazildi

Oʻzbekistonda bemor tana harorati 16 darajagacha sovitilib, 12 soatlik operatsiya oʻtkazildi
Foto: SSV
Oʻzbekistonda 66 yoshli bemorning tanasi +16 darajagacha sovitilib, 12 soatlik murakkab operatsiya oʻtkazildi, deya xabar qilmoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, oʻrta chirchiqlik Toʻxtasin Dehqonov uzoq yillar yuqori qon bosimidan jiddiy aziyat chekib kelgan. Shifokorlarga oʻz vaqtida murojaat qilmagani va kerakli muolajalarni olmagani sabab xastalik ogʻir asoratlarni keltirib chiqargan.

Xususan, yanvarda MSKT tekshiruvidan soʻng aorta qon tomirining yuqori qismi katta hajmda shishgani ma'lum boʻldi. Avvaliga bemor Toshkent viloyatdagi hududiy shifoxonalarda infarkt tashxisi bilan davolangan, ammo oʻzgarish boʻlmagan. Oqibatda ikki hafta oldin poytaxtdagi shifoxonalardan biriga oʻta ogʻir ahvolda olib kelingan.

Shundan soʻng Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan kardiojarroh Rustam Yorbekov boshchiligidagi shifokorlar bemorni bilan tekshiruvdan oʻtkazgan.

Tomografiya tekshiruvida aortaning koʻtariluvchi qismi yorilib, qavatlarga boʻlinib, aortaning tushuvchi koʻkrak qismining oʻrtasigacha tromb hosil boʻlgani aniqlandi. Qolaversa, bu yorilish miya tomirlari, uyqu, qoʻl va oʻmrov osti arteriyalariga tarqalganligi hamda aortaning ravogʻi va pastga tushuvchi qismigacha oʻtgani kuzatilgan.

Tashxis xulosalaridan soʻng bemor operatsiya qilingan. 12 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, bemor kasallikdan butkul xalos boʻlgan. Ayni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi.

«Operatsiyaning ogʻir oʻtishini avvaldan bilardik. Sababi ham aortaning koʻtariluvchi va tushuvchi qismi, ham ravogʻi hamda miya tomirlarini sun'iy protezlash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, mazkur amaliyotning noyobligi bemor tanasi 16 darajagacha sovitilib, tanadagi qon aylanishi 112 daqiqaga toʻxtatib qoʻyildi. Faqat braxiotsefal va uyqu arteriyasi orqaligina miya qon bilan ta'minlab turildi.

Aytish lozimki, bu kabi operatsiyalarni oʻtkazish uchun anesteziolog, reanimatolog, perfuziolog kabi malakali tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda soʻnggi avlod sun'iy qon aylanish uskunasi, gipoterm va miyada qon aylanishi va oksigenatsiyani koʻrsatuvchi zamonaviy tibbiy jihozlar talab qilinadi.

Shu sababli ham avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda oʻtkazilgan
», — deydi shifokor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat