13:04 / 02.01.2018
9 792

Feruza Normatova: Piar orqali sha’nimga dog‘ tushirishni istamayman!

Feruza Normatova: Piar orqali sha’nimga dog‘ tushirishni istamayman!
— Ikki yil mobaynida O‘zbek davlat drama teatrida faoliyat yuritgan Feruza Normaatova kim yoki nima sabab «Diydor» teatr-studiyasida ishlashga qaror qildi?
— Haqiqatan siz yuqorida nomini aytib o‘tgan teatrda 2012-2014 yillarda ishlaganman. «Ming yillik hangoma», «Qiz kelin» singari o‘ndan ortiq sahna asarlarida katta-kichik rollarni ijro etish baxtiga ham muyassar bo‘lganman. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra teatrdagi faoliyatimni to‘xtatganman. Oradan uch yil o‘tgach, yana jonli sahnada rol o‘ynash nasib etdi. Kunlarning birida iste’dodli aktyor va akamdek yaqin bo‘lib qolgan do‘stim Akbarxo‘ja Rasulov qo‘ng‘iroq qilib, ustoz rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev yosh aktyorlarni jamlab, «Yulduzli tunlar» spektaklini sahnalashtirayotganini va menga ham rol borligini aytib qoldi. Yangilikni eshitib, juda ham quvondim va ertasigayoq teatr-studiyaga bordim. Bu dargoh menga begona emasligi va u yerning muhiti yoqqanligi bois ijod qilishga bajonidil rozi bo‘ldim. Menga Oyshabegim rolini berishdi. Rizqim shu yerga ham sochilgan ekan, hamkasblarim bilan bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, o‘z ustimizda tinimsiz ishlash va izlanishga harakat qilyapmiz.

— Aksariyat kinoda ishlaydigan ijodkorlar vaqt masalasida muammo borligini ko‘p takrorlashadi. Teatrning esa o‘z qonun-qoidalari mavjud. Hammasiga ulguryapsizmi?
— Dushanba kunidan tashqari, har bir kunimning yetmish foizi teatrda o‘tyapti. Sababi, dushanba kuni dam olish kunimiz. Kunni, ishni to‘g‘ri taqsimlashga intilyapman. Har kuni kundalik ishlarimni rejalashtirayotganda, birinchi o‘ringa teatrni qo‘yaman. Qolgan ishlarim esa ikkinchi darajali. Men bilan faoliyat yuritayotgan barcha hamkasblarimda ham shunday, teatrdagi ishimiz muhimroq. Repetitsiya jarayonlarini shunchaki o‘tkazib yubormaymiz.

— San’at sohasiga qiziqishingiz qachondan boshlangan?
— Bilasizmi, ota-onamning aytishicha, juda ham kichkinaligimdan televizor orqali efirga uzatiladigan kino va qo‘shiqlarni tomosha qilib, qo‘lchalarimni qimirlatib, raqsga tushishni odat qilgan ekanman. Esimda, bog‘chaga borgan kezlarimda tushlikdan so‘ng hamma o‘rtoqlarim uxlasa, men tarbiyachi opalarim ko‘magida raqsga tushishni o‘rganishga intilardim. Maktabda ham a’lo baholarga o‘qirdim. Xullas, san’at sohasiga tasodifan kirib kelmaganman va unga hech qachon xobbi hamda mablag‘ manbai sifatida qaramaganman.

— Eshitishimizcha, ko‘plab xonandalaru aktyorlarni kashf qilgan «O‘zbegim yoshlari» ansamblida ham faoliyat olib borgan ekansiz…
— Bo‘sh qolgan vaqtimni, albatta, foydali narsalarga sarflashga odatlanganman. Institutda o‘qib yurgan paytlarimda ham darsdan keyin raqs to‘garagi hamda dublyajga borardim. Ba’zan kichik-kichik hikoyachalar, aforizmlar yozardim. Uchinchi bosqichga o‘tganimda ansamblga raqs bo‘yicha imtihon topshirdim. Omadim bor ekan, birinchi urinishdayoq meni qabul qilishdi. Ko‘plab iste’dodli yoshlarni kashf qilgan mazkur jamoa raqqosalik mahoratimni charxlab, o‘z ustimda izlanishimga turtki bo‘lgan. Ansambl bilan dunyoning ko‘plab davlatlarida bo‘ldim, do‘stlar orttirdim. Afsuski, ikkinchi oilamdek bo‘lib qolgan «O‘zbegim yoshlari»da uch yil, ya’ni 2014 yilgacha faoliyat olib bordim, xolos. Lekin haligacha u yerdagi do‘stlarim va ustozlarim bilan qo‘ng‘iroqlashib, uchrashib turamiz.

— Gonorar siz uchun qanchalik muhim?
— Bu hayot, har birimiz tirik jonmiz. Yashashimiz, kiyinish, yeb-ichishimiz hammasi, albatta, moddiy tomonga borib taqaladi. Agar ssenariy zo‘r, rejissyor, partnyor o‘z ishining ustasi bo‘lsa, men uchun gonorar unchalik muhim emas. Buning mutlaqo aksi bo‘lsa, gonorarni birinchi o‘ringa qo‘yaman.

— Yaqinda ma’mur bilan ishlashni boshlaganligingizni eshitib, rosti, ajablandik. Adminstratorga ehtiyoj sezganligingizning boisi nima: bu zamon talabimi yoki boshqa biror jiddiy sababi bormi?

— Ishlash jarayonida zarurat tug‘ilganligi bois ma’mur bilan hamkorlik qilishni boshlaganim haqiqat. Xabaringiz bor, xalqimizning yaxshi va baxtli kunlarida boshlovchilik ham qilib turaman. Ma’murim tashkiliy ishlar bilan shug‘ullanadi. Ijodkorlar bilan esa o‘zim muloqot qilaman. Tig‘iz ish tartibimda ma’mur bilan ishlash menga ancha qo‘l kelmoqda.

— Oxirgi uch yillikda siz rol ijro etishni istagan film katta ekranga chiqdimi?

— Mahoratli rejissyor Yolqin To‘ychiyevning «Ma’suma» filmini ko‘rganimda juda ham ta’sirlanganman. Bosh qahramon rolini gavdalantirgan aktrisa Shahzoda Matchonovaning ijrosiga tan berib, u ijro etgan rolda o‘zimni tasavvur qilib ko‘rganman va ich-ichimdan shunga havas qilganman.

— «Milliy» telekanalida efirga uzatilayotgan «Shirchoy» ko‘rsatuviga qanday kelib qoldingiz?
— Dastlab bir necha muddat «Xit-parad» dasturiga boshlovchilik qildim. Keyin telekanal rahbariyatining ko‘rsatmasi bilan «Shirchoy»ga boshlovchilikka proba topshirdim. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgach esa shu ko‘rsatuvda ish boshladim. Ilgari turli tadbir va ko‘rsatuvlarni olib borib, oz bo‘lsa-da, tajriba to‘plaganim bu borada ancha qo‘l kelyapti.

— Sizni hamisha ijobiy rollarda ko‘ramiz. Agar rejissyorlardan salbiy qahramonni talqin qilish taklifi tushsa, uddalay olarmikansiz?
— Nega eplay olmas ekanman?! Axir to‘rt yil institutda ustozlarimdan shu soha bo‘yicha tahsil olganman-ku. To‘g‘ri, deyarli barcha rollarim ijobiy. Shu paytga qadar asosan, shartaki, so‘zamol, o‘yinqaroq kelin obrazlarida namoyon bo‘lgan bo‘lsam, yaqinda Dilshod Ahmedovning «Fitna» serialida salbiy kelin rolini o‘ynadim. Avvaliga rejissyor «Biron marta ham salbiy rol o‘ynamagansiz, qiynalib qolmaysizmi? Ertaga tomoshabinlar yomon ko‘rib qolishidan qo‘rqmaysizmi?» degan fikrlarni bildirdi. Men rejissyorga rolni u kutgan darajada ijro eta olishimga ishonishimni aytdim. Ota-onam ham «Biz rozimiz, qizim, o‘ynayver. Shu roling orqali kimgadir o‘rnak bo‘lsang, to‘g‘ri yo‘lga qaytishiga sababchi bo‘lasan», deyishdi. Obrazim orqali tomoshabinlarda qahramonimga nisbatan nafrat uyg‘onishi, shubhasiz.

— Bugun ko‘plab yosh san’at vakillari tezda yulduz bo‘lish yoxud bir haftada bo‘lsa ham tomoshabinlar tilida «yashash» maqsadida qandaydir piarlarga murojaat qilishmoqda. Sizda ham hech o‘zingizni piar orqali reklama qilish niyati bo‘lganmi?
— Ochig‘ini aytsam, mashhurlikka unchalik qiziqmayman. Shu bois hech qachon siz aytib o‘tgan yo‘l, ya’ni piar orqali mashhur bo‘lishni, qiz bola sha’nimga dog‘ tushishini xohlamayman. Oddiy oilada tug‘ilib, oddiy odamlar orasida yashaganligim uchun oddiylikni yaxshi ko‘raman. Meni rollarim orqali muxlislar «yulduz» qilishi mumkin, lekin men o‘z-o‘zimni mashhur qilolmayman. Balki, kun kelib, ijrom sabab el og‘ziga tusharman, buni esa vaqt ko‘rsatadi. Buni kim qanday tushunadi bilmayman-ku, lekin mashhurlik men uchun insoniy hissiyotlardan keyingi o‘rinda turadigan tushuncha.

— To‘yingiz qachon ekanligiga qiziqayotgan muxlislaringiz talaygina. Sovchilar ham eshik qoqib kelayotgandir-a?
— (samimiy kulib) Ha. Lekin hozir turmushga chiqish haqida o‘ylaganim yo‘q. Odatdagidek, ijod jarayonida bandman. Shuningdek, turmush qurish faqatgina mening xohishim bilan amalga oshadigan ish emas. Hamma narsaning vaqti-soati bo‘lganidek, kun kelib, albatta, to‘yim ham bo‘ladi. Peshonamga yozilgan shahzodaning qachon kelishini faqatgina taqdir biladi. Hayotimni yanada chiroyli qila oladigan va baxtga to‘ldiradigan, o‘zimni va kasbimni tushunadigan inson bilan taqdirimni bog‘lash niyatidaman.
— Ilohim, barcha ezgu orzularingiz ro‘yobini ko‘ring. Samimiy suhbat uchun minnatdorchilik bildirib qolamiz!
Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.


Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Feruza Normatova: Piar orqali sha’nimga dog‘ tushirishni istamayman!