date

Manchester derbisi oldidan “Siti”da jiddiy yo‘qotishlar yuzaga keldi

Manchester derbisi oldidan “Siti”da jiddiy yo‘qotishlar yuzaga keldi

Yevropaning yetakchi chempionatlari xalqaro tanaffusdan keyin yana qizg‘in o‘yinlar bilan start olmoqda. Angliya Premer-ligasida to‘rtinchi turning eng kutilgan va shiddatli bellashuvlaridan biri, albatta, Manchester derbisi hisoblanadi. Bu bahsda barcha futbol ishqibozlari “Manchester Siti” hamda “Manchester Yunayted”ning to‘qnashuvini katta qiziqish bilan kuzatishmoqda.

Biroq derbi oldidan Xosep Gvardiola jamoasi jiddiy yo‘qotishlarga duch keldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, “shaharliklar” tarkibida bir vaqtning o‘zida 13 nafar futbolchi turli jarohatlar tufayli safdan chiqqani ma’lum qilindi.

Jumladan, “Brayton”ga qarshi o‘yinda shikast olib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘iniga qo‘shila olmagan Abduqodir Husanov ham hozirgi kungacha davolanish jarayonida.

Matbuot anjumanida Pep Gvardiola derbida qaysi o‘yinchilar yordam berolmasligini oshkor qildi:

– Umar Marmush Misr terma jamoasidan jarohat bilan qaytadigan bo‘ldi. Shuningdek, Rayan Ayt-Nuri va Rayan Sherki ham oldimizda turgan muhim bahsda ishtirok etolmaydi. Markaziy himoyachimiz Jon Stounzning ham maydonga tushish imkoniyati juda kam, ammo uning jarohati unchalik og‘ir emas.

Shu bilan birga, Gvardiola qolgan futbolchilarning barchasi sog‘lom ekanini ma’lum qildi. U ayniqsa Marmush holati bo‘yicha tibbiy tekshiruv natijalarini kutmoqda.

– Menimcha, Umarning to‘liq tiklanishi uchun bir necha hafta talab qilinadi. U keyingi xalqaro tanaffusgacha safga qaytib ulgurishi kutilyapti, – dedi “Siti” ustozi.

Shuningdek, Pep Gvardiola "Manchester Yunayted"ga qarshi o‘yin oldidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Qo‘shimchv tarzda "Mening ixtiyorimda 16 nafar sog‘lom futbolchi bor. Bunday holatda tanlash ancha oson. Menda 26 nafar futbolchi yo‘q", - dedi "shaharliklar" ustozi.

Manchester derbisi doimiy ravishda shiddat va dramatizmga to‘la bo‘lgani uchun, tarkibdagi bu yo‘qotishlar “shaharliklar” uchun jiddiy sinovga aylanishi tabiiy. Ammo muxlislar Gvardiola qo‘l ostidagi jamoa yanada jipslashib, derbini yuqori darajada o‘tkazishiga ishonishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Manchester derbisi oldidan “Siti”da jiddiy yo‘qotishlar yuzaga keldi