Ma’lumki, ayni damlarda Angliyaning Liverpul shahrida kattalar o‘rtasidagi nufuzli jahon chempionati qizg‘in tarzda kechmoqda. Unda dunyo boks yulduzlari qatoridan yurtimiz vakillari ham munosib ishtirok etishmoqda.
-48 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan iqtidorli sportchi Sabina Boboqulova musobaqaning muhim bosqichida Italiya terma jamoasi a’zosi Jovanna Marchesega qarshi ringga ko‘tarildi.
Bellashuv to‘liq 3 raund davom etdi va juda ham keskin kurash ostida kechdi. Jangning eng yorqin lahzalaridan biri — Boboqulovaning raqibasini bir marta nokdaun holatiga tushirishi bo‘ldi. Bu holat unga psixologik ustunlik berdi va qolgan raundlarda ham u o‘zini ishonchli namoyon etdi.
Yakunda hakamlar bir ovozdan qaror chiqarib, g‘alabani Sabina Boboqulovaga topshirishdi. Bu natija orqali hamyurtimiz jahon chempionatining yarim finaliga yo‘l olib, yana bir marotaba o‘z mahoratini namoyish etdi.
Endilikda u medal uchun bahs olib boradi va barcha ishqibozlar undan yangi zafarlar kutishmoqda. Muxlislar esa Boboqulovaning jasorati va qaysarona irodasi bilan g‘ururlanishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!