20:37 / 26.04.2018
4 328

Bahrom Nazarov nima uchun filmlarda suratga tushmasligini aytdi

Bahrom Nazarov nima uchun filmlarda suratga tushmasligini aytdi
Ayni damda san’atkor bilan suhbat uyushtirish internet endi rivojlangan paytlardagidek oson emas. Chunki san’atkorlar ham texnologiyalar davrida muxlislari bilan turli ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilishi yoki o‘z ijodiy yangiliklarini sahifalarida taqdim etib borishi mumkin. Ammo bular jonli muloqotga teng kelmaydi, nazarimizda. Xuddi kitobni internetda o‘qish boshqayu o‘zini varaqlab mutolaa qilish boshqadek.

Biz ham sizlarga ana shu ajib hisni taqdim etish maqsadida iste’dodli xonanda Bahrom Nazarovni suhbatga chorladik.

— Assalomu alaykum, Bahrom aka. Avvalambor, taklifimizga rozilik berganingiz uchun tashakkur. Ayting-chi, odamlarning gap-so‘zlaridan o‘zingizni qanday himoya qilasiz?
— E’tibor bermayman. Gap-so‘zlarga e’tibor bersangiz, gap ko‘payib ketadi, nazarimda.

— Qanday vaziyatda aqlga va qay holda hissiyotga tayanib ish ko‘rasiz?
— Jahlim chiqqanda aqlga, ilhom kelganda hissiyotga tayanib ish ko‘raman.

— Aldagan, pand bergan odamingizni kechira olasizmi?
— Ha, kechiraman. Chunki men kechirimli insonman.

— Qay darajada kechirimlisiz?
— Bilasizmi, kim bilandir tortishib qolsam ham tezda esimdan chiqarib, o‘sha odamni kechirib yuboraman. Negaki inson kechirimli bo‘lishi kerak. Agar chegaradan o‘tkazib yuborishsa ham vaqt hammasini davolashiga ishonaman.

— San’atkor boshqalarga o‘rnak bo‘lishi kerak, deyishadi. Sizningcha, hamma san’at vakillari ham bu mas’uliyatni his etyaptimi? O‘zingiz-chi?
— Mas’uliyatni his qilayotganlar ham bor, his qilmayotganlar ham bor. Bilasizmi, biz madaniyat targ‘ibotchilarimiz va bizga muxlislarimiz ergashadi. Bizdan o‘rnak olishadi. Shuning uchun ham biz o‘zimizni nazoratda ushlashimiz kerak.

— Demak, siz ham o‘zingizni mas’uliyatli san’atkorlar toifasiga kiritasiz…
— Albatta. Chunki yosh avlod sizga qarab havas bilan qadam tashlaydi, sizga qarab kiyinadi, sizdan madaniyatni o‘rganadi. Shu sabab ham biz o‘rnak bo‘lishimiz shart, deb hisoblayman. Bizning birgina noto‘g‘ri harakatimiz ularga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. To‘g‘ri, ayrim hamkasblarim orasida o‘z qarichi bilan o‘lchaydiganlari bor va bu borada ularga aql o‘rgatishdan yiroqman.

— Hamon talaba bo‘lish ishtiyoqidamisiz yoki?..
— Albatta, bu yil talaba bo‘laman, nasib bo‘lsa…

— Lekin o‘tgan yilgi suhbatlaringizda ham shu gapni aytgandingiz…
— To‘g‘ri, o‘tgan yili hujjatlarimni topshirib, imtihon kuni to‘yga — xizmatga ketib qolganman (kulib).

— Ayting-chi, o‘zingizga yoqmagan savollarga javob bermagan hollaringiz ham bo‘lganmi? Va nega?
— Yoqmasa, javob bermay qo‘ya qolaman va keyingi savolga o‘taylik, deyman.

— Sizga biror-bir filmda suratga tushish taklifini bildirishsa…
— Takliflar bo‘lgan. Lekin rad etaman. Sababi, e’tibor bergan bo‘lsangiz, kliplarimda ham o‘zim rol ijro etmayman. Negaki aktyorlik mening qo‘limdan kelmaydi. Bitta klipimda o‘zim rol ijro etib, o‘z imkoniyatlarimni bilganman va boshqa rol ijro etmaslikka qaror qilganman. Klipdagi rolim o‘xshamagani uchun hamma o‘z ishini qilgani ma’qul, degan fikrga kelganman.

— Qaysi aktyor yoki aktrisa bilan rol ijro etgan bo‘lardingiz, agar sizda aktyorlik iqtidori bo‘lganida?..
— Mel Gibson bilan (kuladi). O‘zbek aktrisalaridan esa Dilnoza Kubayeva bilan rol ijro etgan bo‘lardim. Bilasizmi, o‘zbek aktyor-aktrisalari orasida hammaning ijodiga ham muxlislik qilolmayman.

— Kitobni chiroyli she’r qidirganda o‘qiysizmi yoki boshqa vaqtlarda ham mutolaaga vaqt topasizmi?
— She’r kitob qo‘limga tushishi bilan, albatta, chiroyli va ma’noli she’rlarni qidiraman. Boshqa badiiy kitoblarga, to‘g‘risi, vaqt ajratganim yo‘q hozircha.

— Nega ayol san’atkorlar bilan duet kuylamaysiz? Yoki ular taklifingizni rad etishidan cho‘chiysizmi?
— Yo‘q, chunki taklif bildirmayman. Aniqrog‘i, shu vaqtgacha hech kim bilan duet kuylamaganman va bu borada rejam ham bo‘lmagan. Takliflar bo‘lgan, balki, qachondir aytarman ham. To‘g‘ri, yaqinda Jahongir Poziljonov bilan duet kuyladim. Bu film uchun maxsus saundtrek edi.

Bilasizmi, men yurakni jiz ettiradigan va xalqning e’tiboriga tushadigan duet bo‘lishini xohlayman. Mening ijodimda ham duet bo‘lishi kerak, deb duch kelgan qo‘shiqni duet qilolmayman.

— Xo‘p, shunday duet qo‘lingizga tushdi, deylik. Qaysi ayol san’atkorga taklif bilan chiqasiz?
— Masalan, Sevara Nazarxonga, yana… Rosti o‘ylab ko‘rmaganman boshqa san’atkorlarni.

— Shu kungacha qilgan eng katta xatongiz?
— Yoshlik yillarimning ko‘p vaqtini bekorchilikda o‘tkazganim mening eng katta xatom.

— Ozodbek Nazarbekov sizning ustozingiz. Ayting-chi, ustozingizni tanqid qila olasizmi? Deylik, xatolarini yuziga aytolasizmi?
— Yo‘q, chunki ular mening ustozim. Lekin agar mendan fikr so‘rasalar bu borada fikrlarimni bildirishim mumkin.

— Qahva yoki choy?
— Albatta, choy. Hozir qaynoqqina ko‘k choy bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi (kulgi ko‘tarildi).

— Deylik, borishingiz shart bo‘lgan tadbir va yaqin insoningizning to‘yi, u sizdan xizmatda bo‘lishingizni iltimos qilgan — qaysi birini tanlaysiz?
— Albatta, yaqin insonimning to‘yiga boraman. Agar pulli to‘y bo‘lsa, uni bekor qilib, tadbirga borishim mumkin. Lekin yaqinlarimning to‘yida xizmatda bo‘laman.

— Bahrom Nazarov 20-30 yildan keyin o‘zini qanday tasavvur qiladi?
— (o‘ylanib) Bilmadim, Xudo xohlasa, farzandlar davrasidagi bobo bo‘lish. Yana…
Rosti, 20-30 yildan keyin qo‘shiq aytmasam kerak, menimcha. Negaki buni tasavvur qilolmayman.

— Xayolingizda tinimsiz aylanadigan qo‘shiq?
— (o‘ylanib) Bular ko‘p. Ayniqsa, Sami Yusufning qo‘shiqlarini doim aytib yuraman. Agar tilimga birorta qo‘shiq kelsa, uni kun davomida xirgoyi qilaman va bu kayfiyatimga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

— Rostini ayting, mushtlashganmisiz va nima uchun?
— Albatta, qaysi birini aytsam ekan (kuladi). Yoshligimda, maktab davrimda ko‘p urishardik… Bu har bir bolada bo‘ladi, menimcha.
Bilasizmi, hayotda og‘ir-bosiq bo‘lganim uchun esimni taniganimdan keyin urishib, mushtlashgan holatlar bo‘lmagan.

— Balki, yashirayotgandirsiz?
— (kulib) Balki…

— Ustozingizdan so‘ramoqchi bo‘lgan savolingiz? Yoki hanuzgacha so‘rolmagan gapingiz…
— (o‘ylanib) Unaqa savolim yo‘q. Chunki ustozim men uchun ideal inson.

— Sizni ham bir necha bor plagiatda ayblashdi…
— Bitta meni ayblashmadi-ku. Avval ham aytganimdek, men muxlislarim uchun ijod qilaman. Men uchun gap-so‘zlar ikkinchi darajali. Bilasizmi, men “Pari-pari”ni o‘g‘irlab aytmaganman! Muxlislarim bilishini xohlayman, qo‘shiqni muallifdan so‘rab aytganman.

Vaholanki, qozog‘istonlik, turkmanistonlik, eronlik ijodkorlar ham mening qo‘shiqlarimni kuylashyapti. Men buni jar solib aytayotganim yo‘q-ku. Chunki bu ijod va siz ilhomlangan narsangizni muxlislarga ham ilingingiz keladi. Men muxlislarning kayfiyati uchun ijod qilaman va bu men uchun hammasidan muhim!

— Yulduz Usmonova, Nasiba Abdullayeva, Zulayho Boyxonova va Gulsanam Mamazoitova. Siz…
— Gulsanam Mamazoitova va Nasiba Abdullayeva.

— Nega aynan ular?..
— Chunki bu ijodkorlarning ijodini yoqtiraman.

— Birorta qo‘shig‘ini xirgoyi qilib bera olasizmi?
— Bu dunyo sig‘magan ikki ko‘zimga,
To‘lib qoldi ikki tomchi achchiq yosh.
Peshona deganga yozilgan ekan,
Rohat emas faqat, chidam va bardosh.

Yana ushbu ustoz san’atkorning “Bahor” qo‘shig‘i ham menga juda yoqadi va imkon bo‘lsa aynan “Bahor” qo‘shig‘ini o‘zlaridan so‘rab aytgan bo‘lardim. Gulsanam Mamazoitovaning esa “Sensizligimda” qo‘shig‘ini ijro etardim.

— Sir bo‘lmasa, to‘ylarga qanchaga chiqasiz?
— (kuladi). Buni aytolmayman.

— Ayting-chi, to‘y xizmatlari uchun belgilangan narxni hammaning ham cho‘ntagi ko‘taradimi?
— Yo‘q, hamma ham bu narxni ko‘tarmaydi. Lekin biz xarajatlarimizga qarab narxni belgilashga majburmiz. Sababi, ijodimizni davom ettirish uchun shunaqa narx belgilanadi. Ya’ni klip suratga olish, TVda aylantirish, radioda efirga berish — hammasining narxi osmonda. Ammo to‘y egasining cho‘ntagiga ham qarab ish tutamiz. Ba’zida kamroq pulga, ba’zida bepul ham xizmatga borganmiz. Chunki muxlislar bor, biz bormiz.

— Oxirgi konsertingizda bir muxlisingizning to‘yida bepul xizmat qilib berishingizni aytgandingiz. Xo‘sh, o‘sha muxlisingiz uylandimi? Yoki sizga bog‘lanolmay to‘yini o‘tkazib yubordimi?
— Konsertda uch nafar muxlisga va’da berganman. Lekin ular hali uylanmadi, chunki u yigitlar yosh. Va’da-va’da, bog‘lanishsa, albatta, to‘yida xizmat qilib beraman.

— Bahrom Nazarovning haqiqiy san’at talablariga javob beradigan qo‘shig‘i bormi?
— Bor, masalan, Maxtumquli g‘azali bilan aytilgan “Ey, yoronlar”, Alisher Navoiy g‘azali bilan aytiladigan “E, Rab” va boshqalar. Estrada yo‘nalishida ham shunday qo‘shiqlarim bor, deb o‘ylayman.

— Hammamiz har bir gapga o‘ylab javob beramiz. Ayniqsa, aqlimizni tanigach. Ayting-chi, Bahrom Nazarov bo‘lmasingizdan oldin kimningdir dilini og‘ritganmisiz va hozirgacha shu ishingizdan xijolat chekib turasizmi?
— Men bu borada ko‘p o‘ylanaman, lekin hech ham javob topolmayman. Chunki ustozimning yonida bo‘lganim uchun bunga vaqt bo‘lmagan. Lekin kimnidir ko‘nglini og‘ritib qo‘yganimni sezsam, albatta, uzr so‘rayman.

— Eshitishimizcha, bir to‘yda mast muxlislaringiz boshqa san’atkorlarning qo‘shig‘ini kuylaganingiz uchun sizni do‘pposlamoqchi bo‘lishgan ekan. Shu rostmi?
— Rost. Adashmasam, Samarqandda bo‘lgandi bu voqea. Men to‘ylarda, asosan, ustoz san’atkorlarning va ustozimning qo‘shig‘ini kuylashim mumkin. Tasavvur qiling, to‘y egasi sizning qo‘shiqlaringizni eshitish uchun xizmatga chaqirgan bo‘lsa, siz boshqa qo‘shiqlardan kuylasangiz dili og‘rishi mumkin.

Yana bir narsa bunday dilxiraliklar boshqa san’atkorlarda ham kuzatiladi, deb o‘ylayman.

— O‘g‘lingizning ismi Ozodbek…
— Ustozimga o‘xshagan inson bo‘lishini xohlaganman va shu ismni qo‘yganman. Chunki ustozim men uchun ota o‘rnida.

— Tabiblar, folbinlar va domlalarga ishonasizmi va ularga hech ishingiz tushganmi?
— Bu ro‘yxatdan folbinlarni chiqarib tashlang. Domlalar esa Allohning kalomini o‘rgangan insonlar bo‘lib, ularning yoniga o‘zimga, farzandlarimga dam soldirish uchun borib turaman.

Tabiblarga bormaganman va ishim ham tushmagan shu vaqtgacha. Lekin ularning kuchlisi bo‘lsa, ixlos bilan borish kerak, nazarimda, dardingizga shifo topish uchun. Shu qatorda men ham agar salomatligim uchun bor deyishsa, borgan bo‘lardim.

— Ijodiy yangiliklaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz…
— Yaqinda “Xijron” nomli qo‘shig‘imni taqdim etdim. Bu ijodimdagi eng uzoq vaqt sarflangan va ijodimda tub burilish yasagan klip bo‘ldi. Shu vaqtgacha birorta klipimiz

premyerasiga 34 kun sarflamagan edik. Do‘stim, aktyor va xonanda Ali Otajonovga hamda aktrisa Sitora Alimjonovaga ijrolari uchun minnatdorchilik bildiraman. Ular uncha-muncha aktyor va aktrisa ko‘nmaydigan shartlarimizga ko‘nib, klipimizda rol ijro qilishdi.

Shuningdek, aprel-may oylariga vodiy va voha bo‘ylab gastrol rejalashtirganmiz. 16 kunlik xizmat safaridan qaytgach, noyabr oyidagi yangi konsertimizga tayyorgarlikni boshlaymiz. Hozirda konsertning ishchi repertuari va qo‘shiqlar ustida izlanyamiz.

— Samimiy suhbat uchun tashakkur.
Yulduz ISOQOVA
suhbatlashdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bahrom Nazarov nima uchun filmlarda suratga tushmasligini aytdi