
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasi, tom ma’noda, tarixiy voqelik bo‘ldi. Uning tarixiyligi shundaki, Prezidentimiz mamlakatimizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalish hamda vazifalarni belgilab berish asnosida, qo‘lga kiritilgan yutuqlar qatorida, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, mavjud muammolarga ham alohida to‘xtaldi. Ularni bartaraf etish yo‘llarini va chora-tadbirlarini aniq-tiniq ko‘rsatib berdi.
Korrupsiya ildiz otayotgan sohalar, yoshlar ta’lim-tarbiyasida uchrayotgan oqsoqliklar, aholi kambag‘al qatlamining qaddini tiklashiga ko‘maklashish... Yurtboshimiz bu dolzarb masalalarga to‘xtalganda, zalda o‘tirganlar bir-biriga qaradi. Nigohlardan shuncha dardimiz bor ediyu, ammouni aytishga shu vaqtga qadar hech birimizning jur’atimiz yetmasdi, degan fikrni anglash mumkin edi.
Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashda,turli illatlardan xoli, farovon, odil jamiyatni qurishda eng muhim “richag” — har birimiz o‘zimizni “halollik vaksinasi” bilan emlashimiz kerakligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, aynan halollik shu vaqtga qadar millatga azob berib kelayotgan dardlarga malhamdir. Halollik shunday bir sehrli kalitdirki, aynan u taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lib kelayotgan eshiklarni ochadi. “Halollik vaksinasi” vijdonimizni uyg‘otib, qurum bosgan zehniyatimizni tozalaydi.
Prezidentimiz bildirgan fikrlar, ilgari surgan tashabbus va g‘oyalar madaniyat sohasidagi ishlarning ham, tom ma’noda, yadrosi bo‘la oladi. Masalan, ishga halol yondashish, halol yashash, vijdon amrini hayot tamoyiliga aylantirish borasidagi fikrlarni olaylik. Halollik aslida madaniyat degani-ku! Inson halol bo‘lishi uchun unda, avvalo, ichki madaniyat bo‘lishi zarur.
Shunday ekan, biz, madaniyat xodimlari islohotni, birinchi o‘rinda, o‘zimizdan boshlashimiz shart. Biz tizimni shunday holatga keltirishimiz kerakki, muzey, kino, teatr, san’at maktablari, istirohat bog‘lari, madaniyat dargohlari tarbiya o‘chog‘i bo‘lishi, ular odamlar uchun ma’naviy xaloskor maskanlarga aylanishi zarur.
Odamlar ko‘ryapti-ku, deb, qaynona-kelin mojarolaridan nariga o‘tolmaydigan filmlarni suratga olaveradigan, tomoshabinlar kulsa bo‘ldi, deya bachkana mavzulardagi spektakllarni sahnalashtiradigan, maza-matrasiz, tuturiqsiz so‘zlarni tizib, tumtaroq jumlalarni ham qo‘shiq qilib kuylayveradigan zamonlar o‘tdi endi.
Bugun odamlarning ko‘zini ochadigan, mudragan qalblarni uyg‘otadigan, hayotga, Vatanga muhabbatini oshiradigan, bunyodkorlikka undaydigan asarlar yaratishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Oldimizni baland marralarni qo‘yib, yuksak orzu-maqsadlar uchun halol mehnat qilmasak, olib borilayotgan bugungi islohotlardan orqada qolib ketamiz. Xalqimiz, Prezidentimiz oldimizga qo‘yayotgan talablarga javob bera olmaymiz.
Tariximizning oydin lahzalari shunday xulosa beradiki, sahna doimo tomoshabinlardan baland bo‘lgan, kinotasmalarga insonni ezguliklarga ergashtirguvchi g‘oyalar muhrlangan, kuy-qo‘shiqlarda yurtdoshlarimizning dardu qayg‘ulari, orzu-armonlari, ishonchu umidlari tarannum etilgan. Bu jihatlar barchamizga o‘rnak, ibratdir.
Yurtboshimiz nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun, avvalo, ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat muhimligini, ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘lishini qayd etdi. Sharq donishmandlarining “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!”, degan hikmatini alohida ta’kidladi.
Ushbu fikrlardan kelib chiqib aytish joizki, bugungi kunda hammamiz zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishni, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lishni uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylantirishimiz kerak. Shundagina Prezidentimiz taklifi bilan nom olgan joriy — Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida oldimizga qo‘yilgan topshiriq hamda vazifalarni uddalay olamiz.
Murojaatnomada madaniyat sohasida izchil amalga oshirilayotgan islohotlar yangicha ruhda, shiddat bilan davom ettirilishi ta’kidlandi. Jumladan, bu yil madaniyat va san’at muassasalariga alohida e’tibor qaratilib, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari ko‘riladi. Budjet mablag‘lari hisobidan 22 ta teatr va madaniyat ob’ektlari quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, davlat-xususiy sherikligi asosida 20 ta madaniyat markazi va istirohat bog‘lari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Kinematografiya sohasida badiiy jihatdan yetuk asarlar yaratish, zamonaviy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshiriladi, yangi kinoteatrlar quriladi.
Joriy yilda davlat buyurtmasi asosida kino mahsulotlari ishlab chiqarishni moliyalashtirish takomillashtiriladi. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan Kinematografiyani 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi hamda “Kinematografiya to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish topshirig‘i berildi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida ikkinchi bor Xalqaro maqom festivalining o‘tkazilishi madaniy hayotimizdagi muhim voqealik bo‘ladi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, ushbu festival ajdodlarimizdan bizgacha yetib kelgan nodir musiqa merosimizni targ‘ib qilish, uni jahon miqyosida tarannum etishga imkoniyat yaratmoqda. Biz, san’at ahli, xalqimizning ilg‘or ziyolilari yoshlarda maqom san’atiga to‘g‘ri munosabatni shakllantirish uchun ushbu madaniy merosimizning sehrli kuchini, jozibasini, ulug‘vorligini ularning ongu qalbiga yetkazib bera olishimiz zarur.
Shuningdek, 2020 yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.
Xo‘sh, hozirgi kunda nima uchun jadidchilik harakatini, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak? Prezidentimiz o‘z chiqishida bu savolga lo‘nda qilib javob berdi: “Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.
Bugungi globallashuv sharoitida turfa madaniyatlar to‘qnash kelmoqda. “Ommaviy madaniyat” degan illat ongu qalbimizga, hayotiy qarashlarimizga chang solayotir. Tan olishimiz kerak: ba’zida osongina mo‘may daromadga ega bo‘laman, obro‘ orttiraman, deb, har xil vasvasalarga uchayotganimiz, soxtakorlik, dabdababozlik ortidan quvayotganimiz ham bor gap. Bular xalqimizning azaliy qadriyatlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini, ayniqsa, ertamiz egalari — yoshlar tafakkuriga o‘ta salbiy ta’sir etishini doim ham anglayvermaymiz.
Yoki anglasak ham aldamchi tasavvurlar, hoyu havaslar ustun keladi. Lekin, bir narsa aniqki, vaqt hammasini saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadi. Shunday ekan, bugun vijdonsizlik qilsak, sahnaga xiyonat etsak, so‘zning qudratini mensimasak, kelajak avlod bizni kechirmaydi. Bu — aniq!
Aytish mumkinki, bugun har bir madaniyat xodimi adolat to‘nini kiyishi, ma’rifat qilichini ko‘tarishi lozim. Qilich deganda, odatda, tasavvurga qon keladi. Adolat qilichi shafqatsiz bo‘ladi, kerak bo‘lsa, haqiqat yo‘lida odamni o‘ldiradi. Ammo ma’rifat qilichi hech qachon qon to‘kmaydi. U davolaydi, tarbiyalaydi, yuksaltiradi, vaksina aynan shudir. Vaksina odamni o‘ldirmaydi, aksincha, dardiga shifo bo‘ladi. Shu ma’noda, bizning qo‘limizdagi qilich ham jamiyatni jarohatsiz davolashga, turli illatlardan tozalashga xizmat qiladi. Mana shu pozitsiya — madaniyat pozitsiyasi.
Vazifamiz faqatgina biror yerda konsert o‘tkazib kelish yoki mana bu tarixiy obidani ta’mirlab qo‘ydik, deb gerdayish emas, aynan “halollikvaksinasi”ni jamiyat ongiga singdirishdir. Ruhiy tarbiyani biz olib borishimiz kerak. Madaniyat aslida shu. Madaniyat, bu — qonun. Shu o‘rinda madaniyatli odam kim, degan savol tug‘iladi. O‘zini nimalardandir cheklay olgan, o‘ziga taqiq qo‘ya olgan va o‘zini qaysidir ezgu ishga majbur qila olgan odam — madaniyatli odam.
O‘z oldiga muayyan taqiq va vazifa qo‘ya olyaptimi, ana o‘sha inson turli nopok ishlarga aralashmaydi. Qonunga itoatkor odam — madaniyatli odam. Bunday insonlarning hayot tamoyilida ezgulik, bunyodkorlik, halollik, adolat ustuvor bo‘ladi. Bu insoniy aqida bizda ufurib turishi kerak. Har bir xodimimizning muomalasidan tortib, yurish-turishida, ish faoliyatida qat’iy dastur bo‘lishi kerak bu jihat. Shundagina xalqning ma’naviy xaloskori bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnimizni topa olamiz.
Odamlarning uyiga kuch bilan emas, aynan ma’rifat bilan, madaniyat bilan kirib borishimiz zarur. Odam bolasiga qanday kuyinsa, jamiyatga ham shunday kuyinishimiz lozim.
Murojaatnomada bildirilgan fikrlar, mulohazalar, hayotbaxsh tashabbuslar har birimizni ana shunday mushohadalarga undaydi, ertamiz bugundan-da yorug‘, farovon va baxtli bo‘lishiga ishonchimizni mustahkamlaydi. Qalbimizni shu yurt farzandi ekanimizdan faxr-iftixorga to‘ldiradi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz — hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli, buyuk xalqmiz.
Barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir xalqmiz.
Bu yo‘lda qanday qiyinchilik va mashaqqatlar bo‘lmasin, barchasini mardona yengib o‘tishga tayyormiz. Bunday ezgu ishlarda bizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘ladi.
Ozodbek NAZARBЕKOV,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar