
O‘zbekiston farmatsevtika bozorida tarkibiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. DATFO Analytics tahliliy hisobotiga ko‘ra, 2025 yil sentabr oyi yakunlariga binoan biologik faol qo‘shimchalar (BADlar) dorixonalar savdo hajmining 9,5 foizini tashkil etdi.
2024 yil bilan solishtirilganda, BADlarning pul ko‘rinishidagi savdo hajmi 1,7 barobar, o‘ramlar bo‘yicha esa 1,4 barobar oshgan. Shu bilan birga, farmatsevtikaning boshqa ko‘plab segmentlari turg‘unlik holatida qolmoqda.
Tadqiqotga ko‘ra, BADlarning asosiy o‘sishini AQShdan olib kelinayotgan import mahsulotlar ta’minlamoqda. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, biologik qo‘shimchalarning mashhurligida reklama emas, balki iste’molchilarning ishonchi va og‘zaki tavsiyalar muhim rol o‘ynayapti.
Talabning ortishi fonida dorixona tarmoqlari ushbu yo‘nalishni jadallik bilan rivojlantira boshladi. BADlarning dorixona savdosidagi ulushi 10 foizga yaqinlashgan, Toshkent shahrida bir merchandizing javonining o‘rtacha qiymati atigi 30–40 AQSh dollarini tashkil etadi.
Bu esa mazkur segmentni savdo maydonidan olinadigan daromad bo‘yicha eng foydali yo‘nalishlardan biriga aylantiradi. Segmentda mutlaq yetakchi NOW Foods brendi bo‘ldi.
DATFO Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, NOW Foods BADlar savdosi bo‘yicha dorixona kanallarini rivojlantiruvchi infratuzilma ishtirokchisiga aylangan va butun kategoriya uchun standartlarni belgilab bermoqda. Solaray va Solgar premium segmentdagi pozitsiyalarini mustahkamladi.
Solarayning bozor ulushi 1,6 foizni tashkil etib, savdolari qariyb ikki barobar (+93 foiz) oshdi. Solgar esa 1 foiz ulush bilan 67 foizga o‘sishni qayd etdi.
Swanson brendi esa tarqatish bo‘yicha misli ko‘rilmagan o‘sishga erishdi — savdolari 172 foizga oshib, dorixonalar qamrovi 118 tadan 500 ta nuqtaga yetdi. Childlife bolalar liniyasi ham bozorda o‘z ishtirokini kengaytirdi.
Dorixonalar qamrovi 427 tadan 1 018 taga yetgan va bozor ulushi 0,56 foizni tashkil etmoqda. TOP brendlardan hech bo‘lmaganda biri mavjud bo‘lgan dorixonalar soni 2 226 tadan 3 429 taga (+54 foiz) o‘sdi.
Shunday qilib, BADlar endi tor doiradagi mahsulot bo‘lmay, dorixona assortimentining majburiy kategoriyasiga aylanmoqda.
O‘zbekistonda BADlar dorixona bozorining 10 foizini egalladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar