Impichment tahdidi sabab Tramp Grenlandiyani kuch bilan olishdan qaytdimi?

AQSH siyosati atrofida yana bir qattiq to‘lqin ko‘tarildi. Reuters manbalariga tayanilgan xabarlarga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati Grenlandiya ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun harbiy yo‘lni tanlash fikridan chekingan. Sabab esa juda ham “og‘ir artilleriya”: Kongressda ayrim demokratlar bilan birga ba’zi respublikachilar ham harbiy harakat bo‘lsa, impichment jarayoni boshlanishi mumkinligini ochiq aytishgan.
Ma’lum qilinishicha, qonun chiqaruvchilar Tramp Kongress bilan oldindan maslahatlashmasdan, Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiyaga nisbatan kuch ishlatish ssenariyini boshlab yuborishidan xavotirga tushgan. Shu fon ortida davlat kotibi Marko Rubio va Oq uydagi boshqa yuqori lavozimli amaldorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaatlar bo‘lgani ham qayd etilgan.
Manbalar ta’kidlayotgan asosiy nuqta shunda: agar AQSH Grenlandiyaga nisbatan harbiy qadam tashlasa, bu nafaqat diplomatik janjal, balki ichki siyosiy portlashga ham sabab bo‘lishi mumkin. Ayrim respublikachilarning “harbiy bosqin impichmentga olib keladi” degan ogohlantiruvi ma’muriyat ritorikasini yumshatishga majbur qilgani aytilmoqda.
Grenlandiya masalasi so‘nggi haftalarda tez-tez tilga olinayotgan mavzulardan biriga aylandi. Tramp orolni AQSH milliy xavfsizligi nuqtayi nazaridan muhim deb izohlagan, buni Rossiya va Xitoy bilan bog‘lagan. Biroq Grenlandiya hukumati o‘z pozitsiyasini ochiq aytgan: ular AQSH tarkibiga kirishni istamaydi.
Bu voqea yana bir haqiqatni ko‘rsatdi: global geosiyosatda “kuch ishlatish mumkin” degan gapning o‘zi ham bozorlarni, ittifoqchilar ishonchini va ichki siyosiy barqarorlikni bir zumda silkitib yuborishi mumkin. Qisqasi, ba’zan bitta tahdidning o‘zi “reja”dan ham qimmatga tushadi.
Endilikda asosiy savol shunday: Grenlandiya bo‘yicha Vashington qanday yo‘l tanlaydi — savdo, diplomatiya yoki uzoq muddatli kelishuvlar? Bir narsa aniq: bu mavzuda har bir qadamni dunyo “layv rejim”da kuzatyapti va har bir noto‘g‘ri harakatning bahosi katta.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!