Xorazmda Xiva — Urganch yoʻnalishida 49 kmli pullik avtomagistral quriladi

Xorazm viloyatida Xiva va Urganch shaharlarini bogʻlaydigan 49 kilometrli pullik avtomobil yoʻlini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Xiva shahar hokimligi matbuot xizmati maʼlum qildi. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Yangi yoʻnalish amaldagi Xiva shossesi (D215)ga muqobil boʻlib, hudud transport tizimini yangilash, xalqaro standartlarga mos zamonaviy yoʻl infratuzilmasini shakllantirishga qaratiladi.
Loyiha boʻyicha trassa Xivada, vokzal yaqinidagi Elobod va Nurli Hayot koʻchalari kesishmasidan boshlanib, Urganch aeroportigacha boradi. Yoʻl viloyat markazini janub va sharq tomondan aylanib oʻtishi koʻzda tutilgan.
Pullik yoʻl ishga tushirilishi avtomobil qatnovini yengillashtirishi, shaharlar orasidagi safar vaqtini qisqartirishi, harakat xavfsizligini oshirishi hamda yuk va yoʻlovchi tashish jarayonini tezlashtirishi kutilmoqda. Shuningdek, loyiha Xorazmning investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytirishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Ushbu tashabbus 14-yanvar kuni turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan. Muhokama doirasida Urganchdagi vokzal bilan aeroportni bogʻlaydigan temiryoʻl tarmogʻini barpo etish rejalari ham tilga olingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!