
O‘zbekistonda yirik xalqaro ko‘ngilochar loyiha — Disneyland mavzusidagi bog‘ni qurish rejalari muhokama qilinmoqda. Ushbu tashabbus mamlakat turizm salohiyatini oshirish, mintaqani yangi darajadagi dam olish maskaniga aylantirish maqsadini ko‘zlamoqda. Loyiha amalga oshsa, u nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlar uchun ham jozibali nuqtaga aylanishi kutilmoqda.
Mazkur masala Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda The Walt Disney kompaniyasining vitse-prezidenti Xayma Vashington o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekistonda Disney konsepsiyasiga mos madaniy va turistik infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shu bilan birga, mamlakatda xalqaro kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratilgan Cinema Park kreativ bog‘ini tashkil etish rejasi ham ilgari surildi. Ushbu maydon kino, animatsiya va raqamli kontent sohalarida ishlovchi ijodkorlar uchun zamonaviy platformaga aylanishi mumkin.
Uchrashuvda Gollivud mutaxassislari bilan hamkorlikda yangi avlod animatorlar, rejissyorlar va ssenariynavislarni tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu qadam mahalliy kino va animatsiya sanoatini global bozorga olib chiqish uchun muhim poydevor bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda Disney'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasini ochish, shuningdek, o‘zbek tilida bolalar uchun mo‘ljallangan kontent namoyish etuvchi telekanalni ishga tushirish masalalari ham muhokama qilindi. Qisqasi, Disney bilan bog‘liq rejalar katta — agar bu g‘oyalar amalga oshsa, O‘zbekiston uchun bu haqiqiy multfilmdek yorqin tarixiy sahifa bo‘lishi mumkin.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.