date

O'zbekistonda aviachipta xaridiga qiziqish bir yilda 21% ga oshdi

O'zbekistonda aviachipta xaridiga qiziqish bir yilda 21% ga oshdi

2025 yilda O'zbekistonda aviachipta izlash va bron qilish faolligi o‘tgan yilga nisbatan 21% ga ko‘paydi. Aviasales.uz aviabozor bo‘yicha yil yakunlari tahlili asosida shunday ma’lumot berdi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.

Eng katta o‘sish ichki yo‘nalishlarda kuzatildi: mamlakat ichidagi parvozlarga qiziqish qariyb 33% ga oshgan. Xalqaro yo‘nalishlar ham ijobiy dinamikani ko‘rsatib, 18% ga o‘sdi. Natijada xalqaro bronlar ulushi jami buyurtmalarning 62% iga yetdi.

Xorijga safarlar tarkibida Rossiya yo‘nalishining ulushi kamaydi: 34% dan 29% gacha tushgan. Ayni paytda Osiyo va Kavkaz bo‘yicha qiziqish keskin kuchaydi. Eng katta sakrash Xitoyda qayd etilib, u yerga oid qidiruvlar soni ikki baravardan ko‘proqqa oshgan. Janubiy Koreya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Gruziya yo‘nalishlarida ham o‘sish bor.

Xorijga uchish chiptalarining o‘rtacha narxi taxminan 5% ga arzonlashdi. Shuningdek, sayohatchilar parvozlarni oldingidan yaqinroq muddatda bron qila boshladi — o‘rtacha hisobda uchishdan 10 kun oldin.

Ichki parvozlarga to‘g‘ri kelgan talab ulushi qariyb 20% ni tashkil etdi. Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qiziqish barqaror qolgan, Samarqand va Buxoroga chiptalarga talab biroz pasaygan. Biroq Urganch va Nukusga parvozlar ommalashgan.

Shu bilan birga, O'zbekiston ichidagi aviachipta narxlari o‘rtacha 12% ga ko‘tarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys uchun 1,096 mln so‘mga yetdi. Aviasales.uz foydalanuvchilari yil davomida parvozlarda 70 mln soatdan ortiq vaqt o‘tkazib, deyarli 750 mln km masofani bosib o‘tgan.

Aviakompaniyalar reytingida Uzbekistan Airways yetakchiligini saqlab qoldi — bozor ulushi 45%. Keyingi o‘rinlarda Centrum Air, Ural Airlines, Qanot Sharq va Aeroflot qayd etildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O'zbekistonda aviachipta xaridiga qiziqish bir yilda 21% ga oshdi