
Oʻzbekistonda 2026 yil 1 yanvardan Fanlar akademiyasi Jamgʻarmasi ish boshlaydi. Yangi tuzilma ilm-fan sohasini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydigan asosiy mexanizm sifatida ko‘zda tutilmoqda. Bu orqali olimlar o‘z g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish uchun aniq resurslarga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Jamgʻarma Fanlar akademiyasi faoliyatini modernizatsiya qilishga oid prezident qarori bilan tashkil etilmoqda. Rejalarga ko‘ra, yangi ishlanmalar soni va ulardan olinadigan daromad 3 barobarga oshiriladi, yosh tadqiqotchilar ulushi 60 foizga yetkaziladi. Shuningdek, ilm-fan va sanoat integratsiyasi mustahkamlanib, xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaytiriladi.
Hujjatda strategik ahamiyatga ega tadqiqotlar va innovatsion tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlar uchun barqaror moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan. Bu chora-tadbirlar xorijdagi ilmiy diaspora vakillarini Oʻzbekistonga qaytarish va milliy ilm-fan rivojiga jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Fanlar akademiyasi infratuzilmasi kengaytiriladi: tizimga Ilgʻor texnologiyalar markazi hamda Xalqaro molekulyar allergologiya markazi o‘tkaziladi. Namangan, Samarqand va Termiz shaharlarida akademiyaning hududiy bo‘limlari ochiladi, Markaziy Osiyoda Xalqaro fanlar kengashining mintaqaviy ofisi tashkil etiladi. Milliy arxeologiya markazi esa Antropologiya institutiga aylantiriladi.
Avvalroq Toshkent shahrida nazariy fiziklar uchun yangi institut ochilishi haqida ham xabar berilgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.