20:54 / 19.12.2017
14 880

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda maktabgacha ta’lim tizimi muhokama qilindi

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda maktabgacha ta’lim tizimi muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 dekabr kuni maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Maktabgacha tarbiya ta’lim tizimining birlamchi va eng muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Sog‘lom genofondni, yetuk kadrlarni tarbiyalash, avvalo, shu tizimdan boshlanadi.

Biroq shu paytgacha bu tizim rivojlanishdan ortda qolgan edi. Oxirgi 20 yil davomida davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim muassasalari soni 45 foizga kamaygan. Oqibatda maktabgacha yoshdagi bolalarning 33 foizi bog‘chalarga qamrab olingan, xolos. Bu ko‘rsatkich Daniyada 99 foiz, Yaponiyada 97 foiz, Janubiy Koreyada 95 foizni tashkil etadi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni ijtimoiy, shaxsiy, hissiy, nutqiy, matematik, fizio-psixologik, jismoniy va ijodiy rivojlantirish bo‘yicha ta’lim dasturlari joriy etilmagan.

Umuman, bog‘chalar “ota-ona ishda bo‘lgan vaqtda bolaga qarab turadigan muassasa”ga aylanib qolgan.

Prezident mamlakat kelajagi va ravnaqida muhim o‘rin tutadigan bu sohaga alohida e’tibor qaratmoqda. Mamlakat hududlariga tashrifi chog‘ida maktabgacha ta’lim muassasalarini kirib ko‘rmoqda. Shavkat Mirziyoyev raisligida bu sohani rivojlantirish bo‘yicha bir necha yig‘ilishlar o‘tkazilgani ham ana shu e’tibordan dalolat.

Davlat rahbarining joriy yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida soha oldidagi dolzarb vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Shu kuni qabul qilingan Prezident qaroriga asosan bu sohada alohida vazirlik – O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi.

Yangi vazirlik zimmasiga maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog‘ini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, muassasalarga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash vazifalari yuklandi.

Bugungi kunda bu borada davlat dasturi qabul qilinib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlikning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etilib, joylardagi ahvolni yaxshilash, yangi bog‘chalar qurish, jumladan, nodavlat bog‘chalar tarmog‘ini kengaytirishga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Yig‘ilishda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Prezident maktabgacha ta’lim tizimidagi holatni hududlar kesimida tahlil qilib, o‘z yechimini kutayotgan muammo va kamchiliklarga to‘xtaldi. Xususan, joylardagi maktabgacha ta’lim muassasalarida kadrlar ta’minoti va salohiyati yetarli emasligi, sohada 57 mingdan ortiq mutaxassis mehnat qilayotgan bo‘lsa-da, ularning 85 foizini o‘rta ma’lumotli kadrlar tashkil etayotgani farzandlarimizni maktab ta’limiga talab darajasida tayyorlash imkonini bermayotgani ta’kidlandi.

Maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalar badiiy adabiyotlari yillar davomida yetkazib berilmagani, ota-onalarda bog‘chaga nisbatan ishonch yo‘qolgani, maktabgacha ta’lim tizimida yillar davomida ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgani tanqid ostiga olindi.

Shuningdek, ko‘pgina mahalliy hokimliklar tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati uchun zarur sharoit yaratilmagani, bog‘cha binolari bo‘m-bo‘sh turgani, ulardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmaganiga alohida e’tibor qaratilib, mutasaddi rahbarlarning bu boradagi hisobotlari tinglandi.

Yig‘ilishda qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida 2018 yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator strategik vazifalar belgilab berildi.

Birinchidan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Dastur asosida bog‘chalar qurish va rekonstruksiya qilish ishlari jadal davom ettirilishi ta’kidlandi.

2018 yil davlat byudjetidan 427 bog‘chada qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarish uchun 771 milliard so‘m mablag‘ ajratish (jumladan, 14 tasini yangidan qurish, 256 tasini rekonstruksiya qilish va 157 tasini kapital ta’mirlash) bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu jarayonda zamonaviy qiyofaga ega bo‘lgan 50, 100 va 150 o‘rinli bog‘cha binolari loyihalari qisqa muddatda qayta ishlab chiqilishi va bunda hududlar sharoiti hisobga olinishi, inshootlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi, bolalarning yuvinishi, ovqatlanishi, mashg‘ulot o‘tkazishi, o‘ynashi, uxlashi uchun barcha sharoitlar yaratilishi, oshxona alohida joylashishi, eng asosiysi, yangi binolar qurilishida bolalarga ta’lim-tarbiya berish jarayonini tashkil etish bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar qat’iy inobatga olinishi lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Ikkinchidan, davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi turdagi maktabgacha ta’lim muassasalarini faol tashkil etish kerakligi qayd etildi. Bu masalada eng muhim muammo – sarmoya ekanligini hisobga olib, tashkil etiladigan nodavlat ta’lim muassasalariga har tomonlama ko‘maklashish, kerakli kredit mablag‘larini ajratish uchun har bir viloyatga tijorat banklari biriktirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga bolalarni maktabgacha ta’limga qamrab olish darajasini keskin oshirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqish, bunda har bir tuman va shaharda 10-15 ta yangi, jumladan, davlat-xususiy sherikchilik mexanizmi asosida maktabgacha ta’lim muassasasini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Xususiy bog‘chalarga katta imtiyozlar berilgani, jumladan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab, 5 yil davomida xususiy bog‘chalar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun sarflanadigan mablag‘ning yarmi davlat byudjeti hisobidan qoplanishi ta’kidlandi. Bu ularga to‘lanadigan to‘lovlar oshib ketmasligini ta’minlaydi.

Uchinchidan, bog‘chalarda bolalarni sog‘lom ovqatlantirish va ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, buning uchun ajratilayotgan mablag‘ miqdorini oshirish chorasini ko‘rish yuklatildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga 2018 yildan boshlab har bir maktabgacha ta’lim muassasasiga 10-15 nafar fermerni sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib berish uchun biriktirish topshirildi.

Bolalar bog‘chalariga tayyor sifatli issiq ovqat yetkazib beradigan davlat korxonasi tashkil etish va “Ketring” xizmatini yo‘lga qo‘yish mexanizmini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

To‘rtinchidan, bog‘chalarda ta’lim-tarbiya va tibbiy xizmat sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2018 yili maktabgacha ta’lim muassasalarini Janubiy Koreya tajribasi asosida uslubiy va didaktik o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebel va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash me’yorlari ishlab chiqiladi.

Maktabgacha ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari, ta’lim-tarbiya dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, ularda bolalarga o‘qish va yozishni turli o‘yinlar orqali o‘rgatishni nazarda tutish lozimligi ta’kidlandi.

Yuqori malakali tarbiyachi va murabbiy kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti faoliyati takomillashtirilishi qayd etildi.

Mazkur institutda zamonaviy qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini yo‘lga qo‘yish orqali tizimdagi rahbar va pedagog kadrlar salohiyatini uzluksiz oshirib borish, shuningdek, ilg‘or pedagogik usul va uslublar ishlab chiqish, o‘quv va o‘quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodini yaratish va nashr etishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim uchun kadrlar tayyorlaydigan institutlarning qabul kvotalarini real ehtiyojdan kelib chiqib belgilash hamda maktabgacha ta’lim pedagoglariga qo‘yiladigan talablarni qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Beshinchidan, maktabgacha ta’lim sohasini takomillashtirish bo‘yicha xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, Jahon bankining Ta’limda global hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda “Bolalarni ilk yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida 2019-2022 yillarda 10 million dollar miqdoridagi grant va 50 million dollar miqdoridagi imtiyozli kreditni maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirishga yo‘naltirish bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Oltinchidan, maktabgacha ta’lim sohasiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasini tubdan takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Vazirlar Mahkamasi va Maktabgacha ta’lim vazirligiga ilg‘or xorijiy tajriba asosida “Maktabgacha ta’lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Yettinchidan, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bog‘chalarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini loyihalashni tubdan qayta ko‘rib chiqish yuklatildi.

Maktabgacha ta’lim sifati – ertangi kunimizni hal qiladigan masala. Maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish faqatgina yangi tashkil etilgan vazirlikning vazifasi emas. Bu Prezident, Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan boshlab, tuman hokimi, eng quyi idora rahbarigacha – barchamizning eng muhim vazifamiz bo‘lishi kerak, dedi davlat rahbari.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektorda maktabgacha ta’lim tizimi muhokama qilindi