20:45 / 08.04.2019
4 450

Qarovsiz bolalar bog‘chasi, ellik ming so‘mlik ish haqi, haftalab dars o‘tilmaydigan kollej

Qarovsiz bolalar bog‘chasi, ellik ming so‘mlik ish haqi, haftalab dars o‘tilmaydigan kollej
Xabaringiz bor, yaqinda saytimiz orqali Dehqonobod tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli ayrim tibbiyot maskanlaridagi bir qator achinarli holatlar haqida tanqidiy maqola e’lon qilingan edi. Oradan biroz fursat o‘tib, bu borada tuman Tibbiyot birlashmasi rahbari Farmon Jalilov yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning bartaraf etilgani haqida og‘zaki ma’lumot berib o‘tdi.

Bugun aytmoqchi bo‘lganimiz esa ta’lim va tarbiya masalalari bilan uzviy bog‘liq jarayonda yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato va kamchiliklar haqida.

E’tibor qarating: Dehqonobod tumani Oqrabot (Oxirgi rabot) qishlog‘ida joylashgan 7-maktabgacha ta’lim muassasasi haqida xuddi shu fikrlarni bildirib o‘tish mumkin. Gap shundaki, tasodifan ushbu bog‘cha bolalarining qarovsiz va xavfsizligi ta’minlanmagan holatdaligi e’tiborimizni tortdi va biz muassasani jurnalistik nuqtai-nazardan o‘rganib chiqishga ahd qildik.

Bolalar xavfsizligi qay darajada ta’minlangan?
Avvalo, kunning ancha sovuqligiga qaramay, bolajonlar tashqarida. Kichkintoylarning eng kattasi 3 yoki 4 yoshdaligini inobatga olsak, ulardan 5-10 qadam narida hovlidagi (undan sal nariroqda boshqa itlar ham sayr qilib yurgandi) kattagina it ularning hayotiga xavf tug‘dirmaydi deb kim kafolat bera oladi? E’tiborsizlik ham evi bilan-da. O‘zlarini “bog‘cha opalar” deb tanishtirgan ayollar birozdan so‘ng egnilariga oq xalat kiyib olishdi, ammo faqat ba’zilari xolos. Chunki, mana shu oq xalat ham sanoqli bo‘lib, hamma xodimlarda yo‘q ekan.

Ellik ming so‘mlik ish haqiga talash
Ichkari xonalarni kuzatar ekanmiz, qalin kiyimlarda uyquga yotqizilgan bolajonlarning yuzlari sovuqda qizargan, burnilaridan suv kelib bizga tikilib turishardi. Beixtiyor xona o‘rtasiga o‘rnatilgan mahalliy pechkaning muzdekligidan yana bir bor hayratga tushdik.

- Bugun pech yoquvchimiz kelmagandi,-deydi biz bilan suhbatda bog‘cha hamshirasi. Mudiramiz ham yo‘q, o‘qishga ketgan. Qayta tayyorlov bo‘yicha yosh kadrlar o‘qiyapti-ku, shunga bo‘lsa kerak.

Qishloq sharoitida xonalarni isitish uchun mahalliy pechdan foydalanish yaxshi. Ammo, u muntazam ravishda yoqilmasa bolalar salomatligiga jiddiy putur yetadi.

Voajab, bor-yo‘g‘i 50 ming so‘m maosh oladigan o‘t yoquvchi bir kun ishga kelmasa katta muammo tug‘ilar ekan. Bunday deyishimizga asosli sabablarimiz bor, albatta. Surishtirib bilishimizcha, mazkur muassasaga o‘t yoquvchi bo‘lib ishga olingan ayol rostdan ham 50 ming so‘m oylik ish haqi olar ekan. Eng qizig‘i, buni bog‘chaning xo‘jalik mudiri Bahrom Ergashev ham tasdiqladi.

- To‘g‘ri, bog‘chamiz kichkina, buning ustiga yaqinda davlat dasturi asosida yangi joyda qurilish-ta’mirlash ishlari boshlanadi. Shu boisdan balki, xodimlarimiz biroz e’tiborsizlik qilishgandir. Haqiqatdan ham o‘t yoquvchimiz bugun ishga kelmagan, natijada kunning sovug‘iga qaramay pech yonmay qolgan. Uniyam tushunish kerak, uyi bog‘chadan bir qishloq narida. Oilaviy sharoiti ham haminqadar. Ochig‘i, jamoadagi tarbiyachi-yu, oshpaz ayollar shunga beradigan maoshni o‘zimizga bersangiz, o‘zimiz pechni yoqamiz, deb har doim tortishib turishadi. Bularni murosaga keltira olmay halakmiz o‘zimiz ham.

Kimdan javob olamiz?
Muammo bor. Bo‘lganda ham, bola tarbiyasi bilan bog‘liq. Bog‘cha mudirasi qayta tayyorlovda bo‘lsa, tuman maktabgacha ta’lim bo‘lim mudiri muassasa uchun mas’ul shaxsni biriktirmaydimi?
Bu borada Dehqonobod tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirining fikri bilan qiziqdik. Afsuski, Muzaffar Rahmatov savollarimizni kulibgina tingladi-yu, ammo aniqlik kiritib bermadi.

Yana bir e’tiborsizlik…
Bog‘cha va kollej o‘rtasida kata farq bor. Ammo har ikkisida ham ta’lim-tarbiya jarayonlari olib boriladi. Bola tarbiyasiga ham, o‘smir tarbiyasiga ham sovuqqonlik bilan qarab bo‘lmaydi. Dehqonoboddagi ta’lim-tarbiya muassasalaridagi bu kabi holat odatiy hol bo‘lsa kerak. Yo‘qsa, Boyqo‘rg‘on hududida joylashgan “Sanoat” kasb-xunar kolleji mutasaddilari o‘z ishlariga mas’uliyatsiz yondoshishmagan bo‘lar edi. Mamlakatimizda kollejlar tizimida o‘zgarishlar bor, ammo bu degani dars jarayonlari to‘xtatildi degani emas. Tugadi degani emas.

Haftalab dars o‘tilmaydi (mi?)
“Sanoat” kasb-xunar kollejining sinf xonalarining dars vaqtida bo‘m-bo‘shligi, o‘quv partalarining bir necha kunlik changi, sinf doskasidagi bir hafta avval yozilgan sanasini ko‘rib sizda ham shunday savol tug‘iladi. Afsuski, kollej direktori Abduraim Yusupov yo‘qligi bois bizda tug‘ilgan savollarga direktorning o‘quv tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Chori Abrayev javob berdi:
- Bugun dars bo‘ldi. O‘quvchilar to‘liq bo‘lmasa ham kelishgandi, oxirgi dasr ingliz tili bo‘lishi kerak. Lekin, bizda uch yildirki, mutaxassis yo‘qligi bois ushbu dars o‘tilmaydi. Shu sababdan o‘quvchilarga javob berib yubordik.

Norozi kollej direktori
Kollej direktorining ishda emasligi va bunga ma’lum sabab borligini o‘rinbosarlar bildirib o‘tishdi. Ammo, hududni o‘rganib ortimizga qaytar chog‘imiz bizga po‘pisa bilan qo‘ng‘iroq qilgan direktor Abduraim Yusupovning hatti-harakatlarini ochig‘i, tushunmadik. Vaziyatni to‘liq o‘rganmay turib unga baho berish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi, bilmadik. Har holda mavjud kamchiliklar o‘z o‘rnida barham topsa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

P/S: Dehqonobodda muammolar ko‘p. Ammo, ijobiy ishlar ham yo‘q emas. Biz bugun joylardagi ayrim tashkilot va muassasalarni tanqid qilishni maqsad qilmaganmiz. Biroq ko‘rganlarimiz haqida o‘z nuqtai-nazarimizni bildirib o‘tishga haqlimiz.
Kuzatuvlarimiz davom etadi…
Dilshod NABIYeV,
Muqaddas ISMOILOVA.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qarovsiz bolalar bog‘chasi, ellik ming so‘mlik ish haqi, haftalab dars o‘tilmaydigan kollej