O‘zbekistonda bir necha kun davomida ijtimoiy tarmoqlarda muhokama markaziga aylangan voqea yakunlandi — Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyevaning sevimli mushugi topildi. Bu haqda u shaxsan o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Shahnoza Mirziyoyeva — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari — yozgan postida mushugining 11 oktyabrdan beri izlanib kelinganini, nihoyat u yana uyiga qaytganini xursandchilik bilan bildirdi.
“Mushugimiz topildi. Endi u uyda va men xotirjamman. Bu mo‘jiza!” — deb yozgan Mirziyoyeva. Uning so‘zlariga ko‘ra, mushukni izlash jarayonida yuzlab insonlar yordam qo‘lini cho‘zgan, ijtimoiy tarmoqlarda e’lonni tarqatgan va iliq so‘zlar bilan qo‘llab-quvvatlagan.
“O‘zbekistonda shunchalik mehribon va insoniy fuqarolar borligini yana bir bor his etdim. Har bir qo‘ng‘iroq, har bir repost biz uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi”, — deya minnatdorlik bildirdi u.
Mirziyoyeva ta’kidlashicha, ushbu voqea orqali u jamiyatdagi yaxshilik va hamdardlik kuchini yana bir bor anglagan. “Kichik do‘stlaringizni asrang, chunki biz ular uchun javobgarmiz”, — deya yozuvini yakunladi u.
Shu tariqa, bir necha kun davom etgan izlanishlar sevimli hayvonning omon qaytishi bilan yakunlandi. Mushukning topilishi ijtimoiy tarmoqlarda keng quvonch bilan kutib olindi — ko‘pchilik buni “yaxshilik va insoniylikning g‘alabasi” deb baholadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!