17:46 / 05.05.2019
3 612

«Bu absurd taklif!». Universitet olimlarining rus tiliga rasmiy til maqomini berish tashabbusiga munosabati

«Bu absurd taklif!». Universitet olimlarining rus tiliga rasmiy til maqomini berish tashabbusiga munosabati
1 may kuni vesti.uz saytida e’lon qilingan murojaatda mualliflar O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish, buning uchun mamlakat qonunchiligiga zarur o‘zgartirish kiritishni taklif qilishdi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti olimlari Kun.uz tahririyatiga yo‘llangan xatda O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish bo‘yicha boshlangan tashabbusga munosabat bildirishdi.

Xabarlarda bir guruh o‘zbek faollari O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zgartirish kiritib, rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqishgan (aynan rasmiy til maqomi, davlat tili maqomi emas! Ko‘pchilik manbalarda rus tiliga davlat tili maqomi berilsin, deyilgani haqida yozishyapti, bu – xato).

Taklif mualliflari o‘zbek xalqining atoqli olimlari, mashhur fan, madaniyat, adabiyot va san’at namoyondalaridir. Vesti.uz saytida e’lon qilingan «Russkiy yazыk nam ne chujoy» deb nomlangan manifestda ayrim ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqatlar ham borligini inkor etib bo‘lmaydi.

Birinchisi, rus tili – fan tili ekanligi (xohlaymizmi, yo‘qmi, istalgan sohada ilmiy izlanish olib bormoqchi bo‘lgan inson rus tilini bilmasa, olim bo‘la olmaydi, u ingliz tilini mukammal darajada bilsa-da, baribir to‘laqonli ilmiy ish yoza olmaydi, chunki qaysi soha bo‘lishidan qat’i nazar, juda ko‘p ilmiy manbalar rus tilida. Bundan tashqari, minglab xalqaro ilmiy konferensiyalarning ishchi tillaridan biri sifatida, albatta, rus tili qayd etiladi.

Ikkinchisi – rus tili MDH davlatlari aholisi uchun hali ham o‘zaro muloqot tili ekani, ya’ni rus tilini bilgan odamning MDHning istalgan hududida tarjimonsiz harakat qila olishi, yashashi va ishlash mumkinligi, rus tili BMT, KXShT, ShHT, MDH va boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlarning rasmiy tili ekanligi.

Uchinchisi – shu paytgacha o‘zbek adabiyoti va san’ati namunalarining ko‘pchiligi asosan rus tili orqali jahonga mashhur bo‘layotgani, chunki o‘zbek tilidan boshqa tillarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilish endi yo‘lga qo‘yilyapti.

To‘rtinchisi, Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgani. Ayniqsa, oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning boshida prezidentlarning o‘zlari turgani. Rossiyadan O‘zbekiston ta’lim tizimiga juda katta hajmdagi investitsiyalar kiritilayotgani. Yaqinda O‘zbekistonda atom sanoatini rivojlantirish boshladi, Lavrov O‘zbekistonda AES qurish uchun joy ajratilganini ma’lum qildi, atom sanoatini rus tilisiz qanday tasavvur qilish mumkin? Bu sohadagi mutaxassislarni o‘zbek tilida tayyorlashning imkoni yo‘q. Millionlab odamlarning hayot-mamoti, xavfsizligi bilan bog‘liq sohaga rus tilini bilmaydigan, ya’ni shu sohaning haqiqiy bilimdoni bo‘lmagan odamlarni ishga qo‘yib bo‘lmaydi.

Ammo rus tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, uning kundalik hayotdagi rolini to‘g‘ri baholashga yo‘naltirilgan ayrim fikrlarini ma’qullangan holda ularning ayrim fikrlariga nisbatan qarshi fikrlarni ham bildirmoqchimiz.

Birinchidan, murojaat mualliflarining fikricha, «rus tiliga rasmiy til maqomini berish va buni qonunchilikda mustahkamlash vaqti yetgan». Bu – noto‘g‘ri fikr. Biz shu kungacha buning aksini qilishga urinib yotibmiz, axir!?

Davlatning qonunchilik va rasmiy ish yuritishida, sud jarayonida, ta’limda o‘zbek tilining mavqeyi va nufuzini oshirishga intilib, oxirgi 30 yil davomida turli sohalarning terminologik lug‘atlarini yaratishga harakat qilyapmiz-ku!? Internetda o‘zbek tilining qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning dunyo global tarmog‘ida munosib o‘rin egallashi uchun tinmay mehnat qilayotgan paytimizda bunday taklif - absurddan o‘zga narsa emas! Baraka topgurlar, axir buning teskarisi uchun kurashishimiz, ya’ni o‘zbek tili Davlat tili sifatida BARChA SOHALARDA qo‘llanishiga erishish, tom ma’nodagi o‘zbek tilida ish yuritish tizimini yaratish ustida tunu-kun tinmay izlanishimiz shart va zarur emasmi? Axir bunga davlat miqyosida ahamiyat berilyapti-ku, bu borada maxsus «Yo‘l xaritasi» qabul qilinganini ular bilmas ekanmi? Axir «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Kengashining «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Toshkent shahrida ijro etilishini o‘rganish natijalari to‘g‘risida» 2018 yil 15 noyabrdagi KQ-456-III son qarori asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan 2018 yil 24 dekabrda tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi» mavjud. Unda belgilangan chora-tadbirlardan hammani xabardor qilish, ularning ijrosi uchun faqat tor doiradagi mutaxassislar emas, balki butun o‘zbekistonliklar mas’ul ekanliklarini anglatib qo‘yish zarur! Balki shunda yuqoridagidek absurd takliflar bildirilmas edimi?

Ikkinchidan, mualliflar kirill yozuvining keng imkoniyatlari haqida gapirib, lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga o‘tish xato bo‘lgani va buning oqibatida ko‘pchilik savodsiz bo‘lib qolganini ta’kidlaydi. Bu fikrga aslo ham qo‘shilib bo‘lmaydi, zero bugungi hayotning shiddati va zamon talabi buning aksini isbotlab turibdi. Davlat va hukumat miqyosida bu borada ham muhim hujjatlar qabul qilingan. Xususan, Bosh vazir va davlat maslahatchisi tomonidan 2018 yil 15 mayda «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar rejasi» tasdiqlangan. Ishonch bilan aytish mumkinki, kirill yozuvi asosidagi o‘zbek tili alifbosi - o‘tmish. Kelajagimiz faqat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi bilan bog‘liq.

Uchinchidan, mualliflar bildirgan fikr va takliflar har bir oilaga, har bir shaxsga individual tarzda taalluqli bo‘lib, yuqorida ta’kidlaganimizdek, rus tilini o‘rganish foydali va zarur, ammo unga respublika miqyosida rasmiy til maqomini berib, bu haqda tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish – yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xatodir. Bu holat o‘zbek tilining rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, uning nufuziga putur yetkazib, til taraqqiyoti yana bir necha yil ortga surib yuborilishiga sabab bo‘ladi.

To‘rtinchidan, 2019 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 7 bob, 29 moddadan iborat «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni loyihasi ishlab chiqilib, u mutaxassislarning muhokamasiga taqdim etilgan edi. Xususan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Bosh vazir tomonidan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»ning 1-bandi, ya’ni «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi loyihasini tayyorlash yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh o‘z faoliyati davomida soha mutaxassislari, jamiyat a’zolari tomonidan bildirilgan mulohazalar to‘la o‘rganib chiqildi va ularni inobatga olgan holda «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etdi. Jumladan, ushbu loyihada 1995 yilda yangi tahrirda qabul qilingan «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-, 7-, 8-, 10-, 13-, 16-, 18-, 19-, 20-, 21-, 22-, 24- moddalariga o‘zgartirish zarurligi dalillangan. Ta’kidlash zarurki, universitet tomonidan ishlab chiqilgan Qonunning yangi tahriri huquqiy sohada va milliy qonunchilikda amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘zida to‘liq aks ettirish hamda «Davlat tili haqida»gi Qonunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish, uning ijrosini so‘zsiz ta’minlash, shu kungacha davlat va jamiyatda ko‘zga tashlangan ko‘plab muammolarga yechim topishga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi.

Murojaat mualliflari ichida yuristlar bor, ular bu haqda bilaturib takliflar bildirgan bo‘lishi mumkin. Xudo ko‘rsatmasin, bu yangi tahrirdagi Qonunga rus tiliga rasmiy til maqomi berilishi haqidagi modda kiritilsa bormi, o‘zbek tilining shundoq ham o‘ta nozik mavqeyi butunlay yo‘q bo‘ladi. Bu xatoni kelajak avlod sira kechirmaydi! Shuning uchun jamoatchilik birlashgan holda «Davlat tili haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yangi loyihasiga bu modda kiritilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shart va zarur.

Mualliflar:

Inomjon Azimov - Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari nomzodi;
Laylo Raupova - Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori;
Saodat Muhamedova - Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti «Axborot va zamonaviy pedagogik texnologiyalar» kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Bu absurd taklif!». Universitet olimlarining rus tiliga rasmiy til maqomini berish tashabbusiga munosabati