Milliy futbol markazida joylashgan VAR markazida tarixda ilk marta masofadan turib ishlash uslubi amaliyotda tekshirib ko‘rildi.
Ushbu tajriba davomida VAR va AVAR hakamlari instruktorlar bilan birgalikda Toshkentdan turib, Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan Superliga 22-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Mash’al” uchrashuvi bosh hakamiga bevosita maslahat va yordam ko‘rsatdi.
Markazlashgan VAR tizimi real vaqtda ishlatilib, bahsli vaziyatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri poytaxtdagi markaz orqali nazorat qilindi. Bu orqali hakam qarorlarining yanada aniq va xolis chiqishiga shart-sharoit yaratildi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur sinov kelgusida O‘zbekiston futbolida zamonaviy texnologiyalarni yanada kengroq joriy qilish, o‘yinlarda bahs-munozaralarga nuqta qo‘yish hamda muxlislar ishonchini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Futbol muhitida esa bu jarayon nafaqat hakamlik tizimini, balki milliy chempionatning nufuzini ham yangi bosqichga olib chiqishi mumkinligi aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!