13:21 / 23.12.2021
2 071

O‘zbekistonda Yangi yil kuni qor yog‘adimi?

O‘zbekistonda Yangi yil kuni qor yog‘adimi?
O‘zbekistonda qor yog‘ishi kamayib borishiga sabab nima, Yangi yil bayrami kuni qor yog‘adimi? Bu kabi savollarga «O‘zgidromet» yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatov O‘zAga bergan intervyusida javob berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zgidromet» o‘z vakolat doirasida uch muddatli ob-havo prognoz xabarlarini ishlab chiqadi — qisqa, o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz xabarlari.

Qisqa va o‘rta muddatli ob-havo prognoz xabarlari kelgusi 5 kunlik davr uchun ishlab chiqiladi va bunda prognoz xabarlarida yog‘ingarchilikning turlari (yomg‘ir, qor, do‘l) aniq ko‘rsatib o‘tiladi. 5 kundan keyingi kunlar uchun ishlab chiqiladigan prognoz xabarlar uzoq muddatli ob-havo prognoz xabarlariga kirib, bunda yog‘ingarchilik va ularning turlarini aniq bir kunda bo‘lib o‘tishi ko‘rsatilmaydi. Bu kabi prognoz xabarlar oyning o‘n kunliklari va ayrim besh kunliklar uchun ishlab chiqiladi. Unda havo harorati va yog‘ingarchiliklarning me’yordan ko‘p yoki kamligi ko‘rsatib o‘tiladi.

«Yangi yil arafasida xalqimiz Yangi yil kechasini qanday ob-havo qarshisida kutib olishi to‘g‘risidagi savollar ko‘pchilikni qiziqtiradi. Yangi yil arafalari, ya’ni 30—31 dekabrgacha yana 8-9 kun bor va bu kunlar uchun tuziladigan ob-havo prognozlari uzoq muddatli ob-havo prognozlar sarasiga kiradi. ‘O‘zgidromet’ vakolat doirasida uzoq muddatli ob-havo prognozlarida aniq muddat uchun yog‘ingarchilik bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilmaydi.

Ammo meteorolog sifatida, atmosferadagi havo oqimlariining harakatini sinchkov tahlil qilgan mutaxassis sifatida 30—31 dekabr kunlari respublikamizda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Demak, respublika aholisi bayramni qorli ob-havosiz kutib olishi mumkin
», — degan Erkin Abdulahatov.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda qish mavsumida qor yog‘ishi uchun shimol va shimoli-g‘arbdan sovuq havo oqimlari tez-tez respublika hududlariga kirib kelishi kerak bo‘ladi.

«Boshqacha aytganda, bizning mintaqada ayni shu havo oqimlaridan qor yog‘adi. Tahlillarga ko‘ra, hozirda yil davomida sovuq havo oqimlarining respublika hududlariga kirib kelishi o‘tgan asr oxirlariga nisbatan naqd ikki barobarga kamaygan. Buning natijasida, 2016 yildan boshlab, qishda yog‘ib o‘tgan qorlar davomiyligi va yerda hosil bo‘lgan qor qoplamining sutkalab erimasdan turish holatlari keskin kamayib ketdi. Bir so‘z bilan aytganda, qish mavsumida iliq qish kunlari sonining ortishi kuzatilmoqda», — deb qayd etgan «O‘zgidromet» yetakchi mutaxassisi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston aholisi 2021 yil kirib kelishini ham, 2020 yilni ham qorsiz kutib olgandi. So‘nggi yillarda eng qorli kun 2007 yilning birinchi kuni bo‘lgan. Qor Yangi yil arafasida boshlanib, 1 yanvarda butun kun davomida yog‘ishda davom etgan.

Toshkentda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng past harorat 1889 yilning Yangi yil kechasida kuzatilgan bo‘lib, 28 daraja sovuq bo‘lgan. Oxirgi 50 yil ichida Toshkentda bunday past harorat kuzatilmagan va bu davrda eng sovuq 1991 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib, Toshkentda harorat 13 daraja sovuqqacha pasaygan.

Eng issiq Yangi yil bayramlari 2009 yildan 2010 yilga va 2015 yildan 2016 yilga o‘tishda kuzatilgan bo‘lib, kunduzgi harorat 31 dekabrda va 1 yanvarda 18—19 daraja issiq bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston aholisi kelayotgan Yangi yilda ketma-ket 5 kun dam oladi. 2021 yilgi Yangi yil tantanalari bu gal Toshkent viloyatining poytaxtga tutash qismida, Qibray tumanida joylashgan «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tadi. Bu yerga tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida «Do‘stlik» metro bekatidan bog‘ga qadar bepul qatnovchi avtobuslar yo‘lga qo‘yildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Yangi yil kuni qor yog‘adimi?