23:17 / 11.10.2022
1 086

Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi: "O‘zbekiston munosib raqib, bu o‘yin biz uchun ham qiziqarli"

Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi: "O‘zbekiston munosib raqib, bu o‘yin biz uchun ham qiziqarli"
Xabaringiz bor, Qozog‘iston terma jamoasi Yevropa Millatlar Ligasida muvaffaqiyatli qatnashib, “V” liga yo‘llanmasini naqd qildi. Kuni kecha keyingi bosqichga chiqqan terma jamoalar uchun qur’a tashlandi. Qozog‘iston “N” guruhida Daniya, Finlyandiya, Sloveniya, Shimoliy Irlandiya va San-Marino terma jamoalari bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.

Nihoyat, oldindan kutilayotgan o‘yin o‘tkaziladigan bo‘ldi. 16 noyabr kuni Toshkentda “Paxtakor” markaziy stadionida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari ishtirokida o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etiladigan bo‘ldi. Markaziy Osiyoning ikki kuchli termalari o‘rtasidagi bellashuvga qiziqish avvaldan kuchli edi.

Yodingizda bo‘lsa, yaqinda Sports.uz jurnalisti Shuhratbek Jo‘rayev Qozog‘iston terma jamoasi ustozi Magomed Adiyev bilan bog‘lanib eksklyuziv intervyu tashkil qilgandi. O‘sha suhbatda ham O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘yin masalasi ko‘tarilgan bo‘lib, Adiyev mazkur o‘yinning o‘tkazish tarafdori ekanini aytib, futbolimiz borasida juda iliq fikrlarini aytgandi.

O‘FA matbuot xizmati ikkala terma jamoalar o‘rtasidagi bahs o‘tkazilishini e’lon qildi. O‘z navbatida Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi Sports.uz jurnalistiga ushbu uchrashuv tashkil etilishini tasdiqladi.

Shu o‘rinda yaqinda saytimizga bergan intervyusida terma jamoamiz, futbolimiz va yetakchi o‘yinchilarimiz borasida bildirgan e’tiborga molik fikrlarini yana bir bor e’tiboringizga havola qilamiz.

“Ha, federatsiyada O‘zbekiston – Qozog‘iston terma jamoalari ishtirokidagi o‘rtoqlik maqomidagi o‘yinni o‘tkazish masalasi bir necha bor ko‘tarilgan. Agar shunday uchrashuv tashkil qilinsa, o‘ylaymanki, bu juda qiziqarli bo‘lardi. Mana shunday bellashuv tashkil etilgan taqdirda Markaziy Osiyoda haqiqiy derbi yuzaga kelib, kim aslida kimligi oydinlashgan bo‘lardi. Albatta, O‘zbekiston terma jamoasini ancha kuchli ekanligidan xabarim bor. Nega bo‘lmasin, mana shunday raqibga qarshi o‘ynash Qozog‘iston terma jamoasi uchun ham juda qiziqarli bo‘lardi. Bir so‘z bilan aytganda, men O‘zbekistonni munosib raqiblar sirasiga qo‘shaman.

O‘zbek futboli haqida gapiradigan bo‘lsam, unda mahoratli o‘yinchilar va murabbiylar borligini aytishim mumkin. Hozir ham o‘zbek o‘yinchilari milliy chempionatda porlashgach, boshqa chet ligalariga yo‘l olishmoqda. O‘z vaqtida men ham futbolchi sifatida yurtingizdan chiqqan o‘yinchilarga qarshi bir necha marta to‘p surganman. Masalan, Mirjalol Qosimovga qarshi. U juda iqtidorli futbolchi bo‘lgan. Umuman, yurtingizdan bunday iqtidor egalari ko‘plab yetishib chiqqan va bu jarayon davom etyapti. Futbol qaysi mintaqada o‘ynalmasin, bari men uchun qiziq. Baxtga qarshi shu kungacha yurtingizga tashrif buyurish menga hali nasib etganicha yo‘q. Umid qilamanki, kunlardan bir kun kelib albatta O‘zbekistonga tashrif buyuraman va tarixiy shaharlaringizni obdon aylanib chiqmoqchiman.

Yuqorida aytganimdek, o‘zbek futbolida doim iqtidor egalari yetarlicha bo‘lgan. O‘zbekiston terma jamoasi muntazam ravishda Osiyodagi turnirlarda ishtirok etib kelgani uchun uning ijrosidagi o‘yinlarni kuzatish doim nasib etavermaydi. Futbolingizni yaqindan bilaman, deya olmayman. Ammo yurtingizdan iqtidor egalari yetishib chiqishi kishini quvontirmasdan qo‘ymaydi. Hozirgi kunda Eldor Shomurodovni tanimagan muxlis bo‘lmasa kerak. U “Rostov”da o‘zini yorqin namoyish etganidan keyin Italiyaga yo‘l oldi. Top-5 chempionatlari sirasiga kiradigan A seriyada Shomurodov yo‘qolib qolgani yo‘q.

Aytishim darkorki, “Anji”da ishlayotgan chog‘imda menga u haqida gapirib berishgan. O‘shanda bu o‘yinchingizni klubga taklif etish masalasi ham ko‘tarilgandi. O‘sha paytda Shomurodov o‘zimiz istagan futbolchilar ro‘yxatida bo‘lgan. Shu yo‘lda “Rostov” rahbariyati bilan dastlabki kelishuvga erishib, uni yarim yilga ijaraga olmoqchi edik. Lekin yakunda rahbarlar qandaydir masala yuzasidan kelisha olmagandilar. Hozir esa u Italiyadek mamlakatning kuchli ligasida o‘ynayapti.

O‘zbek futbolchilari orasida gap ketsa mening hayolimga yana Odil Ahmedov ham keladi. U o‘z vaqtida “Anji”da muvaffaqiyatli to‘p surgan. To‘g‘ri u bilan yaqindan tanish bo‘lmaganman. Lekin o‘shanda “Anji” tarkibida yulduz maqomidagi o‘yinchilar jamlangan mahalda ham Ahmedov ularning orasida yo‘qolib qolmagan. Bu esa o‘yinchingizni naqadar mahoratli ijrochi bo‘lganidan dalolat beradi. Yodingizda bo‘lsa, o‘shanda “Anji”da haqiqiy yulduzlar jamlangandi. Bussufa, Roberto Karlos, Villian, mana shunday sheriklar bilan o‘ynagan davrda ham Ahmedov doim asosiy tarkibda maydonga tushgan. U juda kuchli futbolchi bo‘lgan.

Ha, O‘runovni bilaman. U Rossiyaga kelgan dastlabki paytda “Ufa”da juda yaxshi to‘p surgan. Shu boisdan ham mutlaqo haqli ravishda uni Rossiyadagi top klublar bilan unashtira boshlagandilar. Lekin mana shunday top klublardan biri sanaladigan “Spartak”ka ko‘chib o‘tganidan so‘ng O‘runovning o‘yinida pasayish ko‘zga tashlandi. “Spartak”ka o‘tgach, butunlay boshqacha o‘yinchi sifatida gavdalanib, oldingi shiddatkor O‘runovni xuddi boshqasiga almashtirib qo‘yishganidek taassurot uyg‘ota boshladi. “Ufa”ga qaytganidan keyin ham O‘runov hamon o‘sha-o‘sha o‘zi o‘ralashib qolgan ruhiy o‘radan chiqa olmayapti. Vaholanki, Ostonda yanada zo‘r o‘ynash uchun barcha sifatlar mujassam. Yigit ”Spartak”da o‘z asablarini nazorat qila olmagan ko‘rinadi. Chunki taniqli klubning har bir o‘yinchisiga nisbatan atrofdagilarning bosimi va ta’siri juda kuchli bo‘ladi. Agar u o‘zidagi oldingi shiddatni qaytara olsa yana avvalgi darajasiga chiqishi mumkin.

Shomurodovga to‘xtaladigan bo‘lsam, u butunlay boshqa – O‘runovning tamoman teskarisi. Aytishim kerakki, “Rostov”ga kelgan dastlabki kezlarida Shomurodovda ham hammasi o‘xshamagan. Lekin o‘z ustida ishladi. O‘z navbatida u Rossiyadagi birinchi mavsumi oxiriga kelib hammada yaxshi taassurot qoldira olgan. Shu boisdan ham haqli ravishda Eldor Shomurodov boshini tik tutgan holda Italiyaga ravona bo‘ldi. “Jenoa”ga kelganda ham Shomurodov erishganlaridan to‘xtab, bir joyda qotib qolgani yo‘q. O‘z ustida ishlashda davom etgani uchun ancha jiddiy klublardan sanaladigan “Roma”ning e’tiborini tortdi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu ikki yurtdoshingiz - O‘runov bilan Shomurodovning taqdirlari bir-biridan butkul farq qiladi. Biri o‘z ustida ishlab yuqori darajaga ko‘tarilgan bo‘lsa, ikkinchisi o‘ziga nisbatan bo‘lgan talabni ancha pasaytirib yuborgani yetmaganidek, ruhiy o‘radan chiqib keta olmayapti.

Agar O‘zbekiston UYEFAga kiradigan bo‘lsa, yevropacha futbolga moslashish uchun biroz vaqt kerak bo‘ladi. Yana takrorlayman: sizlarda iste’dodli, sifatli o‘yinchilar talaygina. Ehtimol, shunday bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston darhol kuchli termalarga raqobat tug‘dira olmasligi mumkin, lekin O‘zbekistonga qarshi o‘ynash barcha uchun birdek qiziq bo‘lishi aniq. Bu masalani men emas, balki federatsiyangizdagilar muhokama qilishsa yaxshiroq bo‘lardi. Aynan ularda shunday istak bo‘lsa, UYEFA bilan kelishishlari kerak.

O‘zbekiston va Qozog‘iston futboli o‘rtasidagi darajani taqqoslash?! Menimcha, bu savolingizga javob topa olmasam kerak. Chunki o‘zbek futbolchilari haqidagi ma’lumotlarni o‘qib tursam-da, ichki chempionat darajasi qanchalik ekanligidan mutlaqo bexabarman. Baxtga qarshi O‘zbekiston chempionati doirasidagi o‘yinlarni ham tomosha qilmaganman”, - degandi Magomed Musayevich.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi: "O‘zbekiston munosib raqib, bu o‘yin biz uchun ham qiziqarli"