
FIFA 2026 yildagi Jahon chempionati qur’a tashlash marosimi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi murakkab va o‘ta mas’uliyatli sanalgan 3-savatdan o‘rin oldi. Bu — o‘zbek futboli uchun tarixiy bosqich va katta musobaqaga tayyorgarlikda muhim belgi sifatida baholanmoqda.
FIFA mamlakatlarni quyidagi savatlarga taqsimladi:

1-savat — dunyoning yetakchi grandi jamoalari:
Kanada, Meksika, AQSh (mezbonlar), Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya.
2-savat — yuqori raqobatli kuchli termalar:
Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveytsariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya, Avstraliya.
3-savat — O‘zbekiston joy olgan bosqich:
Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya, Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar, O‘zbekiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika.
4-savat — pley-off g‘oliblari va qit’alararo bahslar:
Iordaniya, Kabo-Verde, Gana, Kyurasao, Haiti, Yangi Zelandiya, Yevropa pley-offi g‘oliblari (A, B, C, D), 2 ta qit’alararo pley-off g‘oliblari.
O‘zbekiston 3-savatda — demak, qator raqiblardan hoziroq halos!
Qur’a qoidasiga ko‘ra, har bir guruh 4 jamoadan tashkil topadi va har bir savatdan bittadan jamoa tushadi. Shu bois, O‘zbekiston 3-savatdan joy olgan termalarga qarshi guruh bosqichida raqib bo‘lmaydi.
Ya’ni, Norvegiya, Misr, JAR, Shotlandiya, Kot-d’Ivuar, Tunis, Qatar va boshqa bir qator termalar bizga guruhda to‘g‘ri kelmaydi.
Shuningdek, bitta konfederatsiya jamoalari bir guruhda tushmasligi qoidasiga amal qilinadi — Yevropa bundan mustasno, chunki UEFAdan jamoalar soni juda ko‘p.
Pley-offga chiqish tartibi — yangi tizim, yangi imkoniyat
JCH-2026da ilk bor 48 ta jamoa ishtirok etadi va 12 ta guruhdan iborat format joriy etiladi.
Pley-offga quyidagilar yo‘l oladi:
har bir guruhda 1-va 2-o‘rin egalari
shuningdek, 3-o‘rinda qayd etilgan jamoalarning eng yaxshi 8 tasi.
Bu O‘zbekiston uchun imkoniyatlar yana-da katta ekanini ko‘rsatadi.
Qur’a marosimi — tarixiy kecha bo‘lishi kutilmoqda
Tantanali marosim 5 dekabr kuni AQSh poytaxti Vashingtondagi “The Kennedy Center” majmuasida o‘tkaziladi. Unda:
O‘FA rahbarlari
terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro
milliy jamoa mutaxassislari
FIFAning maxsus taklifi bilan o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov qatnashadi.
Jahon chempionati – 2026: tarixiy musobaqa
Musobaqa 2026 yil 11 iyun – 19 iyul kunlari AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda esa yurtdoshlarimiz qur’ani ham, guruh bosqichini ham yuqori qiziqish bilan kutib turibdi.
O‘zbekistonning 3-savatdan o‘rin olishi — katta bosqich, yangi tarix va keng imkoniyatlar eshigidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.