
Yevropa Chempionlar Ligasining 5-turi doirasida «Chelsi» o‘z maydonida «Barselona»ni qabul qiladi. Mazkur bahs oldidan londonliklarning bosh murabbiyi Enso Mareska OAV vakillarining savollariga javob berib, jamoa kayfiyati va strategik yondashuv haqida to‘xtalib o‘tdi.
Murabbiyning aytishicha, bu hafta «Chelsi» uchun juda muhim va mas’uliyatli davr hisoblanadi. Chunki Chempionlar Ligasidagi «Barselona»ga qarshi o‘yin ham, Premer-ligada yakshanba kuni «Arsenal»ga qarshi bahs ham har xil jihatlardan o‘ta katta ahamiyatga ega.
— «Bu haqiqatan ham muhim hafta. ‘Barselona’ga qarshi uchrashuv bor, shanba kuni esa Premer-ligada ‘Arsenal’ga qarshi o‘ynaymiz. Ikkisi ham o‘z o‘rnida katta ahamiyatga ega, lekin biz har bir o‘yinga alohida yondashishimiz shart», — dedi Mareska.
U «Barselona»ning yuqori himoya chizig‘ini e’tibordan chetda qoldirmadi. Uning ta’kidlashicha, katalonlar to‘p bilan ham, to‘psiz ham raqibni qiyin ahvolga sola oladigan jamoa.
— «‘Barselona’ning oldinga surilgan himoya chizig‘i — katta omil. Biroq biz nafaqat to‘p bilan, balki to‘psiz holatda ham ehtiyot bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Ular doim ko‘p imkoniyat yaratadi, gollar uradi. Biz hujum va himoya o‘rtasida ideal muvozanatni topishimiz zarur», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Katta qiziqish bilan kutilgan «Chelsi» — «Barselona» uchrashuvi bugun, Toshkent vaqti bilan 01:00 da start oladi. Ayni paytda muxlislar ikki grand jamoa o‘rtasidagi keskin va yuqori templi bellashuvdan katta tomosha kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.