date

Xorijiy va nodavlat universitetlar uchun grant tanlovi yangilandi

Xorijiy va nodavlat universitetlar uchun grant tanlovi yangilandi

O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun davlat granti asosida ajratilgan mingdan ortiq o‘rinlar bo‘yicha tanlov yana ochildi. Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun ajratilgan 1 320 ta o‘rindan vakant qolganlari bo‘yicha qo‘shimcha tanlov o‘tkazilishi belgilandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil 25-noyabrdan 4-dekabrgacha xorijiy yoki nodavlat OTMlarga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan nomzodlar Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi. Bu jarayon tanlovda ishtirok etish uchun birinchi va eng muhim bosqich hisoblanadi.

Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun 2025-yil 11-dekabrga qadar test sinovlari tashkil etiladi. Testlarning o‘tkazilish sanasi, manzili va vaqti haqidagi barcha ma’lumotlar abituriyentning shaxsiy kabineti orqali e’lon qilinadi. Nomzodlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani ham o‘sha kabinetdan yuklab olishi mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidentining 2019-yil 14-maydagi qaroriga asosan, ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlardan belgilangan miqdordagi to‘lov undiriladi. To‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlar test sinoviga qo‘yilmaydi va tanlovda ishtirok etish huquqini yo‘qotadi.

Test sinovlari natijasiga ko‘ra nomzodlarning to‘plagan ballari ketma-ketlik tartibida shakllantiriladi. Shunday tarzda tuzilgan reyting ro‘yxatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, 2025-yil 15-dekabrga qadar tegishli oliy ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.

Mazkur qo‘shimcha tanlov xorijiy va nodavlat universitetlarda o‘qishni istagan, lekin avvalgi bosqichda grant o‘rnini qo‘lga kirita olmagan ko‘plab yoshlar uchun yangi imkoniyat yaratishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xorijiy va nodavlat universitetlar uchun grant tanlovi yangilandi