«Husanov — bizning eng yaxshi himoyachimiz!» «Siti» muxlislari Abduqodirni qo‘llashmoqda

3 daqiqa o'qish1
«Husanov — bizning eng yaxshi himoyachimiz!» «Siti» muxlislari Abduqodirni qo‘llashmoqda

Abduqodir Husanovning «Manchester Siti» safidagi orzusi — Chempionlar ligasi g‘olibligi. O‘zbekistonlik himoyachining klub va muxlislar haqidagi samimiy fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Dunyoning turli burchaklaridagi «shaharliklar» muxlislari uning so‘zlariga munosabat bildirib, o‘zbek futbolchisini maqtovlarga ko‘mib tashladi. Biroq izohlar orasida jamoa darvozaboni Janluiji Donnarummaga nisbatan tanqidlar ham ko‘zga tashlandi.

«Bu futbolkani kiyish — katta mas’uliyat»

22 yoshli Abduqodir Husanov hozirda kichik jarohatidan keyin sport formasini tiklash bilan band. Shu sababli u O‘zbekiston milliy terma jamoasining noyabr oyidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb etilmadi va tiklanish jarayonini «Manchester Siti» ixtiyorida davom ettirmoqda.

Klub faoliyati haqida gapirar ekan, o‘zbekistonlik futbolchi «Manchester Siti»da to‘p surayotganidan faxrlanishini alohida ta’kidladi. U jamoa muxlislarining qo‘llab-quvvatlashi o‘zi uchun juda muhim ekanini aytdi.

«Men ushbu klubda o‘ynayotganimdan faxrlanaman. “Manchester Siti”ning ajoyib muxlislari bor. Ular safarda ham, o‘z maydonimizda ham jamoani ko‘pchilik bo‘lib qo‘llab-quvvatlashadi. Bu futbolkani kiyish — katta mas’uliyat.

Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi men uchun juda katta ahamiyatga ega. Men ularga shaxsan minnatdorlik bildirmoqchiman. Hatto qiyin paytlarda ham ular biz bilan birga bo‘lishyapti.

Biz ular uchun yanada ko‘proq sovrinlarni qo‘lga kiritishni istaymiz. Albatta, mening orzum — Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqish», — dedi Husanov.

Muxlislar Husanovni maqtovlarga ko‘mib tashladi

O‘zbekistonlik himoyachining fikrlari «Manchester Siti» muxlislari orasida iliq munosabat uyg‘otdi. Izoh qoldirganlarning aksariyati uning tezligi, kuchliligi va himoyadagi ishonchli harakatlarini e’tirof etdi.

«Husanov — bizning sadoqatli, kuchli va tezkor himoyachimiz», — deb yozdi Samson Zimba.

Wanyama Wanyama esa o‘zbek futbolchisini hozirgi jamoaning eng yaxshi markaziy himoyachisi deb atadi:

«Hozirgi “Manchester Siti”ning eng yaxshi markaziy himoyachisi, bu borada hech qanday bahs yo‘q».

Yana bir muxlis Raymond Ramshead Husanov har hafta markaziy himoyada maydonga tushishi kerakligini ta’kidladi.

«Husanov “Siti” futbolchilari uchun motivatsiya manbai», — deya fikr bildirdi Muhamad Wa Bakali.

Ayrim muxlislar esa o‘zbek futbolchisining jamoadagi o‘rni va kelajagiga katta ishonch bildirib, uning Chempionlar ligasi g‘olibligi haqidagi orzusi amalga oshishini tiladi.

Donnarumma haqidagi tanqidlar ham chetda qolmadi

Izohlar orasida eng ko‘p e’tibor tortgan mavzulardan biri jamoa darvozaboni Janluiji Donnarummaning o‘yini bo‘ldi. Ayrim muxlislar Husanovning Chempionlar ligasida g‘olib chiqish orzusini qo‘llab-quvvatlagan holda, darvozabonning xatolariga ishora qildi.

Adoma Belinda hazilomuz tarzda shunday savol berdi:

«Husanov, sen darvozada Donnarumma turgan holda Chempionlar ligasida g‘olib chiqmoqchimisan?»

Uning fikriga javob bergan Piscer Lager esa boshqa darvozabonning imkoniyatlarini yuqoriroq baholashini bildirdi:

«Ishonsak bo‘ladi, menimcha, Rulli yaxshiroq o‘ynay oladi».

Boshqa muxlislar ham Donnarummaning so‘nggi harakatlarini tanqid qildi. Bryant Kofikingstone esa hazil aralash: «Agar darvozada Donnarumma turgan holda chempionlikni qo‘lga kiritsangiz, himoyaga albatta alohida sovg‘a kerak bo‘ladi», — deb yozdi.

Shu bilan birga, barcha muxlislar ham bunday tanqidlarga qo‘shilmadi. Gladys Kinya PSJ aynan Donnarumma bilan Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lganini eslatdi. Bu esa darvozabon atrofidagi bahslar muxlislar orasida ham bir xil fikr yo‘qligini ko‘rsatdi.

«Husanov, biz senga ishonamiz!»

Muxlislarning yana bir qismi o‘zbek futbolchisining shaxsiy fazilatlari va jamoaga bo‘lgan munosabatini yuqori baholadi.

Victor Jangaya haqiqiy kuchli inson xatolarga yo‘l qo‘yishi, ammo ular ustida ishlashdan to‘xtamasligi bilan ajralib turishini ta’kidladi. Elizabeth Burdaky esa haqiqiy muxlis jamoasini qiyin paytlarda ham qo‘llab-quvvatlashini eslatdi.

Izohlarda Husanovga qaratilgan quyidagi tilaklar ham ko‘p uchradi:

  • «Orzularing amalga oshsin, Husanov!»;

  • «Biz Husanovga ishonamiz!»;

  • «Husanovni yaxshi ko‘raman, ajoyib himoyachi»;

  • «Nima bo‘lishidan qat’i nazar, qalbimizdan abadiy joy olgansan, Husanov!».

O‘zbek futbolchisi uchun katta ishonch va mas’uliyat

Abduqodir Husanovning «Manchester Siti»dagi faoliyati nafaqat O‘zbekistonda, balki klubning xalqaro muxlislari orasida ham qiziqish uyg‘otmoqda. Muxlislarning uni asosiy tarkibda ko‘rish istagi va himoyadagi o‘yiniga bildirgan yuqori baholari buning yaqqol ifodasidir.

Albatta, ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar muxlislarning shaxsiy fikrlarini aks ettiradi. Ammo ular orasidagi bir jihat e’tiborga molik: Husanovning yoshiga qaramay, jamoa muxlislari uni o‘zlarining muhim futbolchilaridan biri sifatida qabul qilmoqda.

O‘zbekistonlik himoyachining esa maqsadi aniq — jarohatdan to‘liq tiklanish, «Manchester Siti»dagi o‘rnini mustahkamlash va bir kun kelib Chempionlar ligasi kubogini boshi uzra ko‘tarish. Muxlislar ham undan aynan shu natijani kutmoqda.

Maqola sizga yoqdimi?

Obuna bilan reklama bo'lmaydi

Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm

Izohlar0

…

  1. Futbol akademiyalari uchun Skaut: to‘lov, davomat va ota-ona bilan aloqa endi bitta tizimda
  2. Toshkentdan Amerikaga: Nurmuxammad Ismoilov Akinda orqali halol investitsiyani global miqyosga olib chiqmoqda
  3. Avtoservisingizni raqamlashtiring: Bip Business bilan mijozlarni yo‘qotmang
  4. Mashina oynasiga raqam yozish xavflimi? Bip haydovchilar uchun yangi yechim topdi!
  5. 8 ta keng tarqalgan moliyaviy xato: nimalardan saqlanish kerak?
  6. Playmatch: maydon egalari ishini ancha yengillashtiradi
  7. Playmatch: futbol o‘ynash uchun kerakli barcha xizmatlar bitta ilovada
  8. Kundalik xarajatlar uchun kartani qanday tanlash mumkin?
  9. Eldor Shomurodov futbol akademiyasi va TBC Bank: bolalik orzularidan katta futbolgacha
  10. ANORBANK Boʻstonliqdagi 168-son maktab-internat tarbiyalanuvchilarini tabrikladi
  11. Haydovchilar va tashuvchilar uchun OSGOP sug‘urtasining afzalliklari...
  12. Pure Milky’dan navbatdagi kreativ: Har qadam — aziz insonlarga mehr bilan!
  13. Kredit olish imkoniyatini oshirish uchun qayerda ishlash kerak?
  14. Biznes imkoniyatingizni kengaytiring
  15. Fanning rivojlanishiga barchamiz mas’ulmiz!
  16. XIV Toshkent xalqaro kinofestivali qanday o‘tkazilmoqda?