Javohir Sindarov AQSHda 425 ming dollarlik turnirda kuch sinashadi

Javohir Sindarov AQSHda 425 ming dollarlik turnirda kuch sinashadi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov AQSHning Sent-Luis shahrida bo‘lib o‘tadigan 425 ming dollarlik Clutch Chess: Champions Showdown turnirida ishtirok etadi.
  • 27–29 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan musobaqada Sindarov Hikaru Nakamura, Fabiano Karuana va Rameshbabu Pragnanandxa bilan kuch sinashadi.

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun bo‘ladigan bahs oldidan AQSHning Sent-Luis shahrida o‘tkaziladigan Clutch Chess: Champions Showdown turnirida ishtirok etadi. Bu haqda xalqaro shaxmat nashrlari xabar berdi.

Musobaqa 27–29 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Sindarovning raqiblari amerikalik grossmeysterlar Hikaru Nakamura va Fabiano Karuana, shuningdek, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa bo‘ladi.

Turnirda to‘rt nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Har bir ishtirokchi qolgan uch raqibiga qarshi oq va qora donalarda ikki martadan o‘ynaydi. Shu tariqa, har bir shaxmatchi bir kunda oltita, musobaqa davomida esa jami 18 ta partiya o‘tkazadi. Barcha bahslar 10 daqiqa va har bir yurish uchun qo‘shimcha besh soniya beriladigan tezkor shaxmat formatida bo‘lib o‘tadi.

Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 425 ming dollarni tashkil etadi. Birinchi o‘rin sohibi 125 ming, ikkinchi o‘rin egasi 94 ming, uchinchi o‘rinni olgan shaxmatchi 72 ming, to‘rtinchi o‘rin sohibi esa 62 ming dollar mukofot oladi. Bundan tashqari, har bir o‘yin kunidagi g‘alabalar uchun alohida pul mukofotlari ham beriladi.

Turnirning o‘ziga xos jihati — kunlar o‘tishi bilan g‘alaba uchun beriladigan ochkolar soni ortib boradi. Birinchi kuni g‘alaba bir ochko, ikkinchi kuni ikki ochko, uchinchi kuni esa uch ochko bilan baholanadi. Bu tizim ortda qolayotgan shaxmatchilarga musobaqaning so‘nggi kunida ham vaziyatni o‘zgartirish imkonini beradi.

Mazkur turnir Javohir Sindarov uchun jahon chempionligi bahsi oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ladi. O‘zbekistonlik grossmeyster noyabr oyida amaldagi jahon chempioni Hindiston vakili Dommaraju Gukeshga qarshi shaxmat toji uchun bahs olib boradi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar