19:56 / 15.06.2018
2 977

Klaudio Kanija: «Argentina termasi hujumi – dahshat»

Klaudio Kanija: «Argentina termasi hujumi – dahshat»
Argentinalik Klaudio Kanija 3ta jahon chempionati (1990, 1994 va 2002 yil)da ishtirok etgan kamsonli futbolchilardan biridir.

Vaqtida kimsan Diyego Maradonadek buyuk ijrochining ishonchli hamkori sifatida tanilgan Klaudio nafaqat yelkalarini yelpib turuvchi ajoyib sochlari, balki shedevr gollari bilan ham futbol tarixidan munosib joy olgan.

Afsonaviy hujumchi FIFA.com saytiga bergan intervyusida asosan navbatdagi JCh haqida gapirdi va ishonch bildirdi: «Rossiya-2018 chiroyli va shiddatli futbol bayramiga aylanadi».

Jamoatchilikka «Shamol o‘g‘loni» laqabi bilan tanilgan Kanija «River Pleyt» va «Boka Xuniors»dek bir-biriga ashaddiy raqib jamoalar safida to‘p surdi. Lekin faqat Argentina milliy jamoasida chinakam ramz darajasiga ko‘tarildi.

51 yoshida ham avvalgi tezkorligi, chaqqonligi va betakror soch turmagini yo‘qotmagan sobiq hujumchining mundiallarga bog‘liq xotiralari juda yorqin, albatta. Axir u naq 3ta futbol forumini ko‘rgan.

- Mana, 4 yillikning navbatdagi eng yirik musobaqasi starti ham tobora yaqinlashmoqda. Hayajonli haftalarni qanday o‘tkazyapsiz?


- Hozir ta’riflashga so‘z ojizlik qiladigan hissiyotlar ta’siridaman. Meni boshqa hech qaysi voqea mundialchalik to‘lqinlantirolmaydi. Bir tomondan, kuchli hayajonni sezib turibman, lekin shuning barobarida xotirjamlikni ham yo‘qotayotganim yo‘q.

Har qanday holatda ham, ichki xotirjamlikni saqlab qolishga odatlanganman. Ayrimlar muhim musobaqalar arafasida uyqu­ni yo‘qotib qo‘yishlari, lekin start yaqinlashgan sari o‘zlarini o‘nglab olishlari mumkin. Boshqalar esa butun turnir davomida hayajonni yengolmaydilar, shuning ortidan asl iqtidorlarini ko‘rsatolmaydilar.

Eng yomoni - bunday noxush holatning asosiy tarkib vakillarida kuzatilishi. Milliy jamoaning o‘ziga xos jihati shundaki, grand klubda yulduz maqomida to‘p suradigan futbolchi ham uning tarkibida o‘z mahoratini to‘liq namoyish etolmasligi mumkin.

- Futbolchi sifatida Italiya mundiali-90da vitse-chempion maqomiga erishgansiz. Lekin muxlislar o‘rtasida sizlarga biroz og‘ir botadigan fikrlar bor: «Argentinaliklar faqat omad tufayligina kumush medalga ega chiqishdi». Bunday qarashga munosabatingiz qanday?

- Aslida Italiyada hech qaysi jamoa bizdan yaqqol ustunlik qilolmagan - bu fakt. Faqat Braziliya terma jamoasi nimchorak final doirasidagi o‘yinning birinchi bo‘limida nisbatan tashabbusga ega bo‘lgandi. Lekin azaliy raqibimiz ham yakunda mag‘lubiyatni tan olgan.

Boz ustiga, o‘sha payt umumiy vaziyat bizga qarshi edi: Maradona, Rujeri va Burruchaga mundialga jarohat bilan tashrif buyurishgan, Pumpido esa musobaqa davrida oyog‘ini qayirib olgandi. Qisqasi, jamoamiz muammolar girdobida qolgan amaldagi chempion edi.

Esimda, ba’zi yigitlar mashg‘ulotlarda talab darajasida ishlamagandilar. Oqibatda yangi o‘yinchilarni tarkibga jalb etishga to‘g‘ri keldi, bir yoqda majburiy o‘zgarishlar... Umuman, mundial bizni jiddiy sinovdan o‘tkazgan bo‘lsada, bo‘sh kelmadik va metin irodani namoyish etdik.

Har holda, g‘oliblikka juda yaqin keldik. O‘sha terma jamoaning ruhiy barqarorligi, qiyinchiliklarni yengib o‘tish salohiyatini hozir ham namuna sifatida e’tirof etish mumkin.

- Braziliya termasi darvozasiga urgan golingizdan argentinalik muxlislar hozir ham qudratli qurol sifatida foydalanadilar. Biroq o‘zingiz muammolar haqida gapirmoqdasiz. O‘sha noyob golni qanday izohlaysiz?

- Chindan ham, tasavvurga sig‘maydigan ajoyib gol. U haligacha menga ulkan quvonch va alohida g‘urur baxsh etadi. Aslida o‘zim eng muhim o‘yin sifatida Italiya termasiga qarshi kechgan yarim final bahsini tilga olaman. Ammo tarixiy raqibimiz - Braziliya termasi darvozasiga mo‘’jizaviy gol urganim bir umrga tatigulik taassurotdir.

Diqqatga sazovor tomoni, hujumimiz avvalida men va sherigimni maydon markazida raqibning 5 nafar vakili kutib turgandi. Shunda takrorlanmas kombinatsiya ishlatib, raqiblarimizni PlayStation qo‘g‘irchoqlariga aylantirdik.

Gol esa mantiqqa sig‘maydigan qarama-qarshi ssenariyning yakuni bo‘ldi: birinchi bo‘lim qanday o‘tgandiyu, intiho qanday natija bergandi?!

- Bolaligingizda yengil atletika bilan ham shug‘ullangan ekansiz. Bu sport turi bo‘yicha saboqlar futbolda asqotdimi?

- Yashil maydondagi harakatlarni beixtiyor amalga oshirganim bois, bu xususda aniq misollar keltirolmayman. Ammo yengil atletika mashg‘ulotlari zoye ketmaganini hech ikkilanmay ta’kidlashim mumkin.

Deylik, yugurish uslubim ko‘plab kasbdoshlarimnikidan farqlanardi - oldinga biroz egilgan holda oyoq panjalaridan turtki olib qo‘zg‘alardim. Shu tariqa startdayoq muayyan ustunlikka ega bo‘lardim.

Qolaversa, bu usul oyog‘larim maysa ustida mustahkam o‘rnashishiga yordam berardi. Barchasini 100 va 200 metr masofaga yugurish mashqlarida o‘zlashtirganman. Tezlik olishdan tash­qari, birdan to‘xtash yoki keskin ravishda yo‘nalishni o‘zgartirish usulim ham o‘zgacha edi.

- Xo‘sh, zamonaviy futbolda Kanija uslubida o‘ynaydigan futbolchilar bormi?

- Yo‘q. Chunki faqat yon chiziq bo‘ylab to‘p suradigan futbolchilar safi tobora torayib bormoqda. Mana shu noxush an’anaga imkoni boricha tezroq barham berish lozim.

Axir tezkor vingerga ega jamoa har qanday raqibga yetarlicha muammo yarata oladi. Markaz doimo futbolchilarga to‘la, bo‘shliq kam. Qanotlarda esa istagancha «hunar» ko‘rsatish imkoni bor.

- Rossiya mundialida qaysi o‘yin chizgisi bosh rolga chiqishini kutyapsiz?

- Hujumkor va tomoshabop futbol namoyish etilishidan umidvorman. Asosiy urg‘uni hujumkorlikka qaratadigan, tarkibiga saviyali ijrochilarni jamlagan jamoalar yetarli. Muxlislarning bunday jamoalardan tajovuzkor futbol kutishlari aniq.

Murabbiylar esa o‘z navbatida, 4 yillikning bosh turnirida bor bilim-tajribalarini ishga solish haqida bosh qotirishadi. To‘g‘ri, nimchorak final bosqichidan e’tiboran jamoa­lar biroz ehtiyotkor bo‘lib qoladi tabiiy ravishda. Ya’ni o‘zini raqibdan kuchsizroq hisoblaydigan terma ko‘proq himoya xususida qayg‘uradi. Bu endi normal jarayon.

- Turnir favoritlari xususida ko‘pchilikning fikri bir yerdan chiqmoqda. Lekin sir emaski, yetakchi termalar ham kamchiliklardan xoli emas. Faqat hozircha hech kim bu haqda og‘iz ochmayapti. Nomdor jamoalarning qaysidir zaif jihatlari shaxsan sizga ma’lummi?

- Menimcha, ko‘plab jamoalar yuksak saviyaga ega. Boshqalarni bilmayman-ku, lekin bizning jamoada ayrim muammolar ham yo‘q emas. Qolaversa, futbolda yengilmaydigan kuchning o‘zi yo‘q. Albatta, har qanday yirik musobaqada qandaydir kutilmagan voqealar kuzatiladi, ba’zan xatoliklar ham uchraydi.

Deylik, JCh-90da hech qaysi jamoa Italiya termasi darvozasiga yo‘l topolmagandi, biz esa uni mag‘lubiyatga uchratganmiz. Muvaffaqiyat kaliti ruhiyatda.

- Ayni holatdagi Argentina terma jamoasining kuchli va zaif jihatlarini bayon eta olasizmi?

- Hamma bilsa kerak, jamoamizning eng kuchli quroli - sermahsul hujum chizig‘i. U har qanday raqibni dahshatga soladi. Hujumchilarimiz nufuzi shu qadar yuqoriki, ular maydonda bo‘lsalar, raqib o‘z-o‘zidan xotirjamligini yo‘qotadi.

Chunki raqiblar ongiga «Ha, bu hammadan tanbeh eshitadigan o‘sha Iguain-da» emas, balki «Bu «Yuventus»dek grandning eng yaxshi to‘p­urari» qabilidagi fikr singib ulgurgan. Zaif jihatimiz esa - mustahkamlik bo‘yicha talabga to‘liq javob bermaydigan himoya chizig‘i. Shuningdek, ayrim pozitsiyalarda mavhumlik mavjud.

- Endi hozirda dolzarb bo‘lib turgan ikki xil nuqtai-nazarni ko‘rib chiqsak: «Messiga Maradonaga xos qahramonlik xislati yetishmayapti» va «Terma jamoa futbolchilari Messini vaqtida o‘yinchilar Maradonani qo‘llab-quvvatlagandek qo‘llay olmayaptilar». Sizningcha, qaysi fikr to‘g‘riroq?


- Menimcha, Messining sheriklari unga talabga muvofiq yordam berolmayaptilar. Har holda, jamoa Leo atrofida xuddi Maradona davridagichalik jipslashmagan.

- Maradona bilan yonma-yon to‘p surishga qay tariqa tayyorgarlik ko‘rardingiz va unga munosib hamkor bo‘lishni qanday uddalagansiz?

- Birinchi navbatda, Maradonaning chinakam daho ekanligiga shubha qilmaganman, doimo buni alohida hisobga olganman. Lekin unga munosib sherik bo‘lish majburiyati xususida hech qachon o‘ylab ham ko‘rmaganman. Hech qachon! Yashil maydonda har bir futbolchi muayyan vazifalarni bajaradi.

U hattoki, muntazam maydonga tushmayotgan bo‘lsa ham. Demakki, hech qaysi futbolchi faqat Messiga yordam berish haqida o‘ylay olmaydi. Aks holda, qarama-qarshi savol tug‘iladi: «O‘zing nimaga keraksan?» Endi tasavvur qiling, o‘sha olis JCh-90da deylik, men faqat «Biz chempion bo‘lishimiz shart», degan fikrga yopishib olib, tinmay yuguraversam, natija chiqarmidi? Aslo!

Doimo teran anglab turganman: «Argentina terma jamoasining teng huquqli hujumchisiman. Vazifam - raqiblar darvozasiga tahdid solish». Ayni shunday yondashuv o‘laroq, zimmamdagi vazifalarni yaxshi bajargan bo‘lsam kerak.

- 2009 yil oxirida Karlos Bilardo sizga katta futbolga qaytishni taklif etdi. Ya’ni JAR mundialida terma jamoaga yordam bera olishingizga ishondi va shunga umid bog‘ladi. Ammo siz...

- Ha, taklifni qabul qilmadim... To‘g‘risi, hanuzgacha bundan afsusdaman. O‘sha payt 42 yoshda edim, boz ustiga, futbol bilan xayrlashganimga naq 4,5 yil bo‘lgandi. Lekin sport formasini yo‘qotmagandim, tezligim ham joyida edi.

O‘ylaymanki, agar Bilardo taklifiga rozilik berganimda, loaqal bir bo‘lim talab darajasida o‘ynay olardim. Lekin negadir qaytishga botinolmadim, jur’atim yetmadi. Aslida yana bir mundialda ishtirok etsam, ajo­yib ish bo‘lardi. Nachora, Afrika zaminida to‘p surish taqdirimga bitilmagan ekan...

MA’LUMOT UChUN

Klaudio Paul KANIJA


Laqablari: «Qush» (El Pjaro), «Shamol o‘g‘loni» (Figlio del Vento), «Changyutkich» (Aspirapolvere)
Tug‘ilgan sanasi va manzili: 1967 yil 9 yanvar (51 yosh), Enderson (Argentina)
Fuqaroligi: Argentina
Bo‘yi: 174 sm.
Pozitsiya bo‘yicha: hujumkor yarim himoyachi, hujumchi

Futbolchilik faoliyati

1985—1988 - «River Pleyt» (Argentina), 53ta o‘yin, 8ta gol
1988—1989 - «Verona» (Italiya), 21ta o‘yin, 3ta gol
1989—1992 - «Atalanta» (Italiya), 85ta o‘yin, 26ta gol
1992—1994 - «Roma» (Italiya), 15ta o‘yin, 4ta gol
1994—1995 - «Benfika» (Portugaliya), 23ta o‘yin, 8ta gol
1995—1999 - «Boka Xuniors» (Argentina), 74ta o‘yin, 32ta gol
1999—2000 - «Atalanta» (Italiya), 17ta o‘yin, 1ta gol
2000—2001 - «Dandi» (Shotlandiya), 21ta o‘yin, 7ta gol
2001—2003 - «Glazgo Reynjers» (Shotlandiya), 50ta o‘yin, 12ta gol
2003—2004 - «Qatar» SK (Qatar), 15ta o‘yin, 5ta gol
2012 - «Uembli» (Angliya), maydonga tushmagan

Kanija 1987—2002 yillar oralig‘ida Argentina milliy jamoasi safida 50 marta maydonga tushib, 16ta gol urgan. Xususan, Italiya mundiali-90da kumush medal yutgan.

Ikki yildan keyin esa S.Arabistonida tashkillashtirilgan Konfederatsiyalar kubogi (Qirol Fahd kubogi) oltin medalini qo‘lga kiritgan. U shuningdek, Amerika kubogi turnirida ham 2 marta sovrindor bo‘lgan: Braziliya-89da «bronza» va Chili-91da «oltin»
A.ABDUVALIXO‘JAYeV tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Klaudio Kanija: «Argentina termasi hujumi – dahshat»