21:00 / 07.07.2019
2 230

Amerika Kubogida so‘nggi o‘yin. Braziliya oson g‘alabaga erishadimi?

Amerika Kubogida so‘nggi o‘yin. Braziliya oson g‘alabaga erishadimi?
Aftidan sensatsiyalar limiti tugab bo‘lgan.
Amerika Kubogi. Final. 7 iyul. Braziliya – Peru. (Toshkent vaqti bilan 8 iyul kuni soat 01:00).

Braziliya uyida yutqazmaydi

Braziliya Peruga qarshi – Amerika Kubogi-2019 finali. Bu biroz kutilmagan final juftligi bo‘ldi. Turnir mezbonlari finalga chiqishini hamma kutgandi, bu terma jamoa finalga chiqa olmaganida bu mantiqdan bo‘lmasdi. Pentakampeonlar hozirda qit’adagi eng kuchli tarkibga ega, hatto Neymarning safdan chiqishi ham bu jamoada sezilmadi, jamoani tajribali va aqlli murabbiy Tite uch yildan buyon boshqarib kelmoqda.

Qolaversa, mezbonlik maqomi ham ko‘p narsaga ta’sir qilishi tayin - futbolchilar o‘z uylarida qo‘shimcha kuch bilan to‘p surishadi. Braziliya guruh bosqichida oson raqiblarga ro‘para keldi. Boliviyani ham, Venesuelani ham hech kim jiddiy qabul qilgani yo‘q. Pley-off bosqichida esa braziliyaliklar chorak final o‘yinidan oldin ham, yarimfinal o‘yinidan oldin ham raqibga qaraganda bir kun ko‘proq dam olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Avvalgi davrlarda turnir mezbonlariga hakamlar yordam berishi haqida tasavvurlar bo‘lardi, VAR tizimi joriy etilgach esa bu o‘z dolzarbligini yo‘qotdi.

Guruh bosqichida Venesuelaga qarshi o‘yinda videotakror orqali Braziliyaning uch goli bekor qilindi. Paragvayga qarshi o‘yinda esa hakam avvaliga «guaranilar» darvozasi tomon belgilangan penaltini videotakrordan keyin bekor qilib, jarima zarbasiga almashtirdi. Lekin shu bilan birgalikda yarimfinalda Argentinaga qarshi o‘yinda hakam Roddi Sambrano Dani Alvesga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsaishni «istamadi».

Yana bir jihat borki, bu an’analar. Bu safargi Kopa Amerika mezbonligi Braziliya uchun beshinchi marta qit’a chempionatiga mezbonlik qilish bo‘lib, avvalgi to‘rt safar ham brazillar g‘alaba qozongan. Chorak finalda Braziliya Paragvayga qarshi o‘yinning asosiy vaqtida hisobni ocha olmadi va penaltilar seriyasidagina g‘alabaga erishdi.

Peruning sensatsion yurishi

Peruchi? «Inklar»ning finalga chiqishini hech kim kutmagani aniq. Janubiy Amerikada azaldan uchta grand terma jamoa mavjud - Braziliya, Argentina va Urugvay. Lekin Amerika Kubogida bu uchlik vakillaridan iborat oxirgi final 2007 yilda kuzatilgandi. O‘shanda Ronaldinosi bor Braziliya yosh Messisi bor Argentinani yirik hisobda mag‘lub etgandi - 3:0. Keyingi yillardagi finallarda esa hamisha bir grand jamoaga o‘rtamiyona jamoalar vakillari raqib bo‘lib keldi.

2011 yilda turnir tarixida hech qachon g‘alaba qozona olmagan Paragvay guruh bosqichida uch o‘yinda uch durang qayd etib, uchinchi o‘rinni egallagan holda pley-offga chiqdi. Pley-offdagi ikki o‘yinni ham penaltilar seriyasiga olib borib, finalga ham chiqdi. Ularni finalda faqat Urugvay to‘xtatdi (3:0).

O‘ninchi yillar o‘rtalarida esa Chilining davri keldi. Aleksis Sanches, Arturo Vidal, Isla, Bravo kabi futbolchilar avlodi porladi. 2015 yili turnirga chililiklar mezbonlik qilgandi. Ikki yil o‘tib ham bu jamoa finalda Argentinani mag‘lub etib, ketma-ket ikkinchi bor Amerika Kubogi g‘olibi bo‘ldi. Janubiy Amerikada bu muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. 1997 yilda Amerika Kubogini o‘z uyida qabul qilgan Boliviya finalgacha yetib borgan, 2001 yilda Kolumbiya o‘z tarixidagi yagona sovrinni o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida yutib olgan, 2007 yilda doimiy autsayder Venesuela guruh bosqichida birinchi o‘rinni egallagan.

Shunday ekan, Peru bunday sensatsiyalar ko‘rsatadigan terma jamoalarning navbatdagisidir. Finalda tasodifiy jamoa bo‘lmaydi. Paragvay ham 2011 yilgi finaldan avval, 2010 yilda JARdagi jahon chempionatida munosib ishtirok etgandi. Umuman, bu terma jamoa 1998 yildan boshlab hech bir mundialni o‘tkazib yubormagan va har safar guruh bosqichidan chiqqan. JCh-2010 va JCh-2014 turnirlarida terma jamoani Marselo Belsa va Xorxe Sampaoli kabi mutaxassislar boshqargan.

Peru terma jamoasi ham Rossiyadagi 2018 yilgi jahon chempionatida qatnashgan, lekin bu ishtirok 36 yillik tanaffusdan keyingi qaytish bo‘lgandi. Bir yil muqaddam Rossiyaga borgan tarkibdagi futbolchilarning 17 nafari hozir ham tarkibda. Shunday ekan, «inklar»ni hozirda ko‘tarilish davrida deyish mumkin.

Omad limiti tugab qolmadimi?

Peru Braziliya bilan bir guruhdan joy olgandi. Peru Rikardo Gareka shogirdlari avvaliga Boliviyani osonlik bilan mag‘lub etishdi (3:1), keyin Venesuela bilan o‘yinda durang hisob qayd etildi (0:0). Ikki turda 4 ochko olgan jamoa keyingi bosqich masalasini hal qilgandek edi, ammo uchinchi turda Braziliya peruliklar darvozasiga javobsiz beshta gol urishdi. Natijada, uchinchi turdan keyin Peru uchinchi o‘ringa tushib qoldi va jamoa uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar orasida ham to‘plar nisbati yomon jamoa sifatida guruhda qolib ketishi mumkin bo‘lgan vaziyat yuzaga keldi. Faqat C guruhida Yaponiya va Ekvador o‘rtasidagi uchinchi tur uchrashuvida durang hisob qayd etilishi tufayligina Peru guruhdan chiqa oldi.

Chorak finalda Urugvayga qarshi maydonga tushgan peruliklar kuchsizligi yaqqol ko‘rinib qolgandi. Ammo Kavani va Suaresning gollari videotakrorlar orqali bekor qilindi. Agar qo‘shimcha bo‘limlar bo‘lganida urugvayliklar «inklar»ni uzil-kesil tor-mor etadigandek edi. Penaltilar seriyasida peruliklar darvozaboni Galese har safar bir tomonga sakradi, har safar urugvaylik futbolchilar ikkinchi tomonga xotirjamlik bilan to‘pni yo‘naltirishdi, faqat Suaresdan tashqari...

Keyin esa avlodlar almashinuvi arafasida turgan Chili osonlik bilan mag‘lub etildi (3:0).

Yakshanba kungi finalda Braziliya yaqqol favorit. Nafaqat kuchliligi uchun, balki o‘z maydonidagi Amerika Kubogi o‘yinlarida hamisha g‘olib bo‘lib kelgani uchun ham. Chili ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Peru futbolchilari eyforiyaga berilishgani aniq, endi ular finalda yutqazishsa ham vatanda qahramonlardek kutib olinishadi va buni futbolchilar juda yaxshi bilishadi. 2011 yilda Paragvay bilan bo‘lgan holat katta ehtimol bilan Peru bilan ham takrorlanadi.

Sensatsiyalar ishqibozlari va Braziliyani yomon ko‘ruvchilar esa bir tezisga umid qilishmoqda - «bitta alohida o‘yinda har narsa bo‘lishi mumkin». Ammo aftidan bu safar bunday bo‘lmaydi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Amerika Kubogida so‘nggi o‘yin. Braziliya oson g‘alabaga erishadimi?