Yaponiya Futbol Assotsiatsiyasi (JFA) Osiyo Futbol Konfederatsiyasidagi (OFK) vaziyatdan tobora norozilik bildirmoqda. Xususan, tashkilot ichidagi adolatsiz qarorlar va arab davlatlarining ortib borayotgan ta’siri Tokio rahbariyatini keskin chora ko‘rishga undamoqda.
Iroqning UTV nashri yozganidek, Yaponiya Saudiya Arabistonida o‘tgan Elit Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasi atrofidagi bahsli qarorlardan so‘ng yangi federatsiya — Sharqiy Osiyo futbol uyushmasini tuzish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Bu g‘oyaning paydo bo‘lishiga “Vissel Kobe” klubi bilan bog‘liq voqea turtki berdi. Jamoa “Shandun Tayshan” musobaqani tark etganidan keyin reytingdagi o‘rnini yo‘qotdi, shundan so‘ng esa OFK tomonidan 10 ming dollar jarimaga tortildi. Yaponiyada bu qarorni ochiq-oshkora ikki yoqlama standart sifatida baholashdi.
JFA vakillari Yaponiya klublari, shuningdek, Yevropada faoliyat yuritayotgan yulduzlar — Takefusa Kubo va boshqalar taqvimning noqulayligi hamda boshqaruvdagi tizimli muammolardan aziyat chekayotganini ta’kidlashmoqda.
Manbalarning ma’lum qilishicha, agar Sharqiy Osiyo Federatsiyasi rasman tashkil etilsa, Yaponiyaga nafaqat Koreya yoki Avstraliya, balki Iroq kabi davlatlar ham qo‘shilishi mumkin. Bu esa Osiyo futbolidagi hozirgi kuch muvozanatini jiddiy o‘zgartiradi.
Kuzatuvchilar fikricha, Yaponiyaning bunday qadami futbol olamida katta siyosiy va sportiy inqilob bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, OFK ichidagi tizimli o‘zgarishlarga turtki berishi ehtimoldan xoli emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!