Foto: Getty Images
Futbolda shunday epizodlar bo‘ladiki, odamlar futbol deganda aynan o‘sha harakatlarni eslaydi. Masalan, Ronaldinoning «Chelsi» darvozasiga urgan goli, Mourinoning «Barselona»ni mag‘lub etgach «Nou Kamp»dagi muxlislarga «qo‘lini bigiz qilgani», Bebetoning mashhur golni nishonlashi, Balotellining «Why always me» yozuvli futbolkasi...
Bunday epizodlar ko‘p, ammo ularning har birini muxlislar eslab qolishgan. «Barselona» va «Real» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda mana shunday voqea sodir bo‘ldi.
Klasiko taqdirini hal qilgan Vinisius Juniorning goli Toni Kroos tomonidan tayyorlandi. Yo‘q, bu Kroosning ajoyib uzatmasi hurmatiga qilingan navbatchi xushomad emas, nemis chinakamiga golni tayyorladi! Toni o‘yin davom etayotgan vaqtda pauza ushlab (!) gol urgan futbolchiga qanday harakat qilish kerakligini ko‘rsatib turdi. Ishoning, bunaqasini doim ham ko‘ravermaysiz. Kroos shunchalik sovuqqon futbolchiki, o‘yin vaqtida to‘xtab «onlayn tarzda» reja tuza oladi.
Nega Kroos bunchalik xotirjam deb o‘ylaysiz? Chunki u jahon chempioni bo‘lgan, YECHLni uch martalab yutgan. Mana shuning uchun ham futbolchi sovrinlar yutishi muhim hisoblanadi.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, Ramos ham penalti tepayotganda mana shunday sovuqqon harakat qiladi. Axir uning yutmagan sovrini qolmagan – jahon chempionati, Yevropa chempionati, YECHL.
Taqqoslash uchun, «Barselona» yetakchisi Lionel Messida mana shunday sovuqqonlik ba’zan yetishmaydi. Leo xohlasa-xohlamasa, jahon chempionatini yutmagani xayolining bir burchagida unga tinchlik bermay aylanaveradi. Barcha musobaqalarni yutgan futbolchi esa o‘zgacha bosiqlik bilan harakat qiladi.
Bu bilan hamma jahon chempionlari hayajonsiz o‘ynaydi demoqchi emasmiz. Kroos kabi futbolchilar shubhasiz, istisno. So‘nggi yillarda «Real»da ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Natijalar, o‘yinlar va umuman Madriddagi jarayonlarni kuzatsangiz, Kroos qaysidir ma’noda o‘tish davri hisoblangan murakkab davrda Madrid uchun asosiy figuraga aylandi.
Bunday vaqtda futbolchilarning kayfiyatida va hatto o‘yinida o‘zgarish paydo bo‘ladi. Masalan, Lopetegi vaqtidagi Marselo biz bilgan dunyoning eng zo‘r qanot himoyachisi emasdi, Beyl-ku umuman o‘z darajasidan tushib ketdi, ammo Kroos barqaror o‘ynashda davom etdi. Toni «Real»ning boshqa futbolchilari kabi ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlari bilan ham mashhur emas. U shunchaki maydonda o‘zining ishini qiladi, tamom.
Kroosning «Barselona»ga qarshi o‘yindagi harakati bir necha voqeani eslatadi. Bu shunchaki oddiy harakat emas, raqibga ruhiy zarba beradigan «jest» edi. Yevro-2012 chorak finalida Italiya Angliya bilan to‘qnashgan va penaltilar seriyasida yarimfinalga chiqqandi. Seriyada Andrea Pirlo Panenka uslubida to‘pni Jo Hartning ustidan tashlab qo‘ygan va bu bilan raqibga ruhiy zarba bergandi. Bunday mas’uliyatli pallada tavakkal qila olish esa chinakam katta futbolchilarga xos.
JCH-2014 saralashidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Tojikiston o‘yinini eslaysizmi? Abramovning ko‘rsatmasi bilan futbolchilar atay sariq kartochka olgan o‘yin. Bu o‘yinda O‘zbekiston 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Shu kuni Aleksandr Geynrix tomonidan qilingan bir harakat muxlislar yodida qolgan. Sasha to‘pning ustiga ikki oyog‘i bilan chiqib qo‘lini peshonasiga qo‘ygan ko‘yi atrofga qaragan va bu bilan raqiblarga qanisizlar, sizlarni ko‘rmayapman, degandi go‘yo. Geynrixning bu harakatini payqagan muxlislar uni olqishlagandi. Prinsipial raqibga qarshi o‘yinda Geynrix mana shunday tarzda ularga zarba bergandi. Ha, Geynrix shubhasiz, katta futbolchi edi.
30 millionli investitsiya
Kroos 2014 yil 17 iyul kuni «Real» bilan shartnoma imzolagandi. Madrid uning transferi uchun 30 million yevro to‘lagan. Transfer e’lon qilinganidan 3 kun oldin Kroos Germaniya milliy jamoasi safida jahon chempioni bo‘lgandi. Toni «nemis mashinasi»da ham asosiy futbolchilardan edi, shu bois Peres uni Madridga olib keldi. Kroos uchun to‘langan 30 million yevro allaqachon o‘zini oqlab bo‘lgan.
«Real» uchun 30 million o‘sha vaqt ham katta pul emasdi, bunday pullarga klub qanchadan-qancha o‘zini ko‘rsata olmagan futbolchilarni sotib olgan. Ammo Kroosga sarflangan pul chinakam investitsiyaga aylandi. Toni nafaqat o‘zi jamoaga foyda keltirmoqda, uning yosh futbolchilar o‘sishida ham xizmati katta.
Kroos allaqachon maestro darajasiga ko‘tarildi desak, bo‘rttirish bo‘lmaydi. Uni Zidan, Del Pero, Pirlo, Xavi, Inesta kabi futbolchilar qatorida maestro deb atash mumkin.
Futbol va intellekt
Yuqorida Kroos «Real»ning o‘tish davrida muhim futbolchi bo‘lganini aytdik. Chindan Toni klubda har tomonlama balansni ushlab turgan futbolchidir. Maydon markazida uning harakatlari hech qanday raqibga «Real» jarima maydonchasiga oson kirish imkonini bermaydi. Maydon tashqarisidagi balans uchun ham Toni muhim inson.
Jahon futbolida katta obro‘ga ega yana bir futbolchi Andrea Pirlo futbol haqida shunday degandi: «Futbol bosh bilan o‘ynaladi, oyoq shunchaki vosita».
Aynan Kroos va Pirlo kabi yigitlar futbolni mana shunday chiroyli o‘yinga aylantirgan. Ular maydonda hayajonlanish nimaligini unutgan va aql bilan harakat qiladi. Shu bois, bunday futbolchilar katta o‘yinlar taqdirini hal qila olishadi. Bir so‘z bilan aytganda, ular futbolni bosh bilan o‘ynaydi...
O‘tkir Jalolxonov
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi