3 537
Masharipov: Ronaldinodek "Barsa"da o‘ynashni niyat qilishim kerak edi, men esa Xudodan "Paxtakor"dan joy berishini so‘radim. Endi esa ketolmayapman...
27 yoshli “Paxtakor” yetakchisi har doim muhokamalar markazida. Uning qachon legionerga aylanishi hammaning unga beradigan birinchi savoli bo‘lib qolmoqda. Masharipov o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yadigan futbolchi bo‘lgani uchun uning o‘zi ham xorijda to‘p surishni orzu qilmoqda.
Biz u bilan suhbatlashishni anchadan beri rejalashtirib yurgandik. Nihoyat, uzoq urinishlarimizdan so‘ng, Jaloliddin sports.uz uchun intervyu berishga rozi bo‘ldi. Aytish mumkinki, u anchadan beri bunday ochiq-oydin gapirmagandi. O‘zaro suhbat davomida futbolchi hammani qiziqtirayotgan savollarga aniq-tiniq javob berdi. Shu o‘rinda suhbatni uyushtirishda yaqindan yordam bergani uchun "Paxtakor" matbuot xizmatiga minnatdorchilik bildiramiz.
- “Paxtakor” klubi navbatdagi chempionlik ostonasida turibdi. Raqiblarini o‘zi istagan hisoblarda mag‘lub etyapti. Superligada raqobatdan holi ravishda ishtirok etish sizlarga qanday tuyulyapti?
- Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili ham mavsum tugashiga 4-5 ta tur qolganida chempion bo‘lgandik. O‘shanda chempionlikni hal qilib bo‘lganimizdan so‘ng, murabbiyimiz endi ko‘proq zaxiradagi o‘yinchilarga imkoniyat bersa kerak, deb o‘ylaganmiz. Bu yil ham ikkita uchrashuvdan keyin chempionlikni rasmiylashtirsak ham murabbiyimiz asosiy tarkib futbolchilarini tonusda ushlab turish uchun maydonga tushiradi. Chempion bo‘lganimizdan keyin ham murabbiy bizga shunday vazifalar qo‘yadiki, hech kimning bo‘shashiga yo‘l qo‘ymaydi.
Masalan, o‘tgan yili chempion bo‘lganimizdan so‘ng, Arveladze oldimizda hali jiddiy o‘yinlar ko‘pligi, ayniqsa, Osiyo Chempionlar ligasiga tayyorlanishimiz kerakligini aytgandi. Buning uchun hamma sport formasini yo‘qotmasligi muhimligini ta’kidlardi. Bu yil ham shunaqa bo‘ladi, deb o‘ylayman.
- Biz “Paxtakor”dan Osiyo Chempionlar ligasida nimadir kutgandik. Klub esa chorak finalgacha yetib bordi. Ammo bunday katta musobaqalarda mayda detallar ham ko‘p narsani hali qiladi. O‘sha qizil kartochka olgan vaziyatni unutdingizmi yoki sizga hali ham og‘riqli zarba beryaptimi?
- Qatarga borgach, birinchi o‘yinni “Al-Hilol”ga qarshi o‘tkazdik. O‘sha o‘yindan oldin matbuot anjumanida ularning murabbiyi O‘zbekiston chempionatining saviyasi past, biz bemalol yuta olamiz, deb aytib o‘tgandi. Bizga shunaqa gap kerak edi. O‘zbekistonda yaqqol kuchliligimizni hamma biladi. Osiyoda ham hozirgi paytda “Paxtakor”ning qanday kuchga egaligini ko‘rsatmoqchi edik. “Al-Hilol”ga 10 kishi bo‘lib gol urib hisobni tenglashtirdik. Lekin oxirgi soniyalarda omad ularga kulib boqdi. Futbolchilarga hech kim e’tiroz qilmadi. Hatto, o‘sha kuni yutqazgan bo‘lsak ham, jamoadoshlarimda shunday kayfiyat ediki, xuddi biz yutgandek edik.
Bilasizlar, “Al-Hilol”da kuchli legionerlar bor. Bitta o‘yinchisining bir yillik maoshi 6 million dollar. “Paxtakor”ning barcha futbolchilarining yillik maoshini yig‘sa, ham buncha pul bo‘lmaydi. Lekin biz shunday o‘yin ko‘rsatdikki, o‘sha futbolchilardan kam joyimiz yo‘q. Ikkinchi uchrashuvda esa, “Al-Hilol” juda o‘zgardi. Endi ular bizdan cho‘chib o‘ynashni boshlashdi. Birinchi o‘yindan so‘ng, boshqa klublar ham “Paxtakor”ning kimligini bildi. O‘shanda butun O‘zbekiston bizga muxlislik qilib turganini ham bilamiz. O‘yindan-o‘yinga “Paxtakor” kuchayib bordi. Guruhdan chiqishimizni bilardik, chunki futbolchilarning o‘zlariga bo‘lgan ishonchi yuqori edi.
“Istiqlol” bilan uchrashuvda birinchi golni o‘tkazib yuborgandik. Shunga qaramay, futbolchilarimiz sarosimaga tushib qolishmadi. Negaki, g‘alaba qozonishimizga ishonch katta edi. Natijada o‘ylagan barcha rejalarimiz o‘xshadi. Keyingi bosqichga to‘rtta jamoa chiqqan bo‘lsa, uchalasi “Paxtakor” bilan o‘ynamaylik, deb turgandi. Jamoamizdan cho‘chib qolishgandi. “Persepolis”ga qarshi o‘yin oldidan ham bizda tayyorgarlik kuchli edi. Futbolchilar bir-birini ruhlantirib, qo‘llab-quvvatlashdi. 15 daqiqa davomida 11 ga 11 o‘ynagan bo‘lsak, ikkita vaziyat yaratdik.
“Persepolis”ning o‘yinini ko‘rib chiqqanimizda ular asosan qarshi hujumlarda o‘ynashini bilgandik. Murabbiylarimiz esa ularning qarshi hujumlarini kichkina fol orqali bo‘lsa ham to‘xtatishimizni tayinlagandi. Mening qizil kartochka olgan paytimda esa kichkina fol qilmoqchi edim. Ammo vaziyat juda tez yuz berdi va o‘zim istamagan holda raqibning oyog‘ini bosib oldim. To‘g‘ri, o‘sha epizod juda xavfli bo‘lib ko‘rindi. Ammo oxirigacha oyog‘ini bosganim yo‘q. O‘zim ham buni istamagandim. Kamchilik bo‘lib qolsak qiynalib qolishimizni bilardim. Afsuski, maydondan chiqib ketganimdan so‘ng, yigitlarda ruhan pasayish bo‘ldi.
O‘yinga katta ta’sir qildi. “Al-Hilol” bilan bahsda 10 kishi bo‘lib gol urgandik. Men esa o‘ynagandim. Lekin “Persepolis”ga qarshi uchrashuvda maydondan chiqib ketganim jamoamizga ta’sirini ko‘rsatdi. Jamoadoshlarim ham agar boshqa o‘yinchi chiqib ketganida ham unchalik bilinmasdi, ammo sening yo‘qliging jiddiy ta’sir qildi, deyishdi. O‘yindan keyin jamoadoshlarimga xato qilganimni aytib uzr so‘radim. Vaholanki, biz bemalol finalgacha bora olardik. “Persepolis” ham qo‘rqib turgandi. Futbolda mayda detallar ham natijaga ta’sir ko‘rsatadi. Maydondan chiqib ketgach, o‘yinni ichkarida kuzatib, futbolchilarimizning harakatini ko‘rib ich-ichimdan ezilib o‘tirdim. Baribir o‘zim ham yetishmaganimni bildim.
- Bundan tashqari, Qatardagi musobaqa davomida siz bilan bog‘liq yana boshqa vaziyat haqida ham eshitdim. Ya’ni, Qatar klublari sizga jiddiy qiziqishgan, muzokaralar olib borilgan, ammo kelishuv amalga oshmagan. Aslida u yerda nimalar bo‘ldi?
- Undan oldin ham menga ko‘plab klublardan takliflar bo‘layotgandi. Chunki menga boshqalar ko‘p yozishadi, seni o‘z jamoamizda ko‘rishni xohlaymiz, deb. O‘zimizda ham muxlislar doim mendan qachon ketasan, deb so‘rashadi. Ko‘chada ham yura olmayman. Chunki kimnidir ko‘rib qolsam, menga beradigan savoli bitta: qachon ketasan?! Hattoki, uyda o‘tirganimda ota-onam ham chetga qachon ketasan, deb so‘rab qolishadi. Boshqalar ota-onamdan ham o‘g‘lingiz xorijga qachon ketadi, deb so‘rashadi. O‘zimni ham chetda o‘ynagim keladi.
Buning uchun o‘zimda ishonchim bor, legioner bo‘lib o‘ynay olishimga ko‘zim yetadi. “Paxtakor” bilan shartnomam bor, boshqalar meni sotib olmoqchi, ammo klubim qo‘yib yuborishni xohlamayapti. Murabbiyimiz ham sen bizga keraksan, Osiyo Chempionlar ligasida chempion bo‘lishimiz kerak, deydi. Unga esa mening ketadigan vaqtim bo‘lganini tushuntiraman. Baribir “Paxtakor” meni qo‘yib yuborgisi kelmayapti. Buning uchun jamoam bilan janjallashgim kelmayapti. Undan ko‘ra, nasib qilgani, deb o‘ylayman.
Qatarda ham birinchi o‘yindan so‘ng, menga yana boshqa klublar aloqaga chiqishni boshlashdi. Ammo menga unchalik ta’sir o‘tkazmadi. To‘g‘ri, o‘zim ham o‘sha klublarga qiziqdim. Lekin o‘yinga tayyorgarlik ko‘rayotgan mahalda klubdan baribir ketaman, degan o‘y-xayollar menda bo‘lmaydi. Uchrashuvdan avval shuni o‘ylaymanki, maydonga chiqib bundan-da yaxshiroq o‘ynab, “Paxtakor”ga yordam berib, keyinchalik yanada kuchli klublarga ketmoqchi bo‘laman. Shunchaki, klub meni qo‘yib yuborishni xohlamayapti, bor gap shu.
- Qolaversa, sizga Xavining o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, “Al-Sadd”ga taklif qilganini ham eshitgandik. Bu haqiqatga to‘g‘ri keladimi?
- Ha, haqiqatga to‘g‘ri keladi. O‘zi bilan gaplashganman. Bu voqea o‘tgan yili “Al-Sadd”ga qarshi o‘yindan so‘ng yuz bergan. Xavi meni klubida ko‘rishni xohlagan. O‘shanda ham “Paxtakor” rad javobini bergan. Shu bilan bu mavzu yopilib ketgan.
- Buning ikir-chikirlari qanday sodir bo‘lgan? Sizga qo‘ng‘iroq qilganida bu Xavi ekanligiga shubha bo‘lmaganmi?
- Toshkentdagi o‘yinda 2:2 o‘ynagandik. O‘sha bellashuvdan keyin matbuot anjumanida Xavi men haqimda gapirib, “Paxtakor”ning qanot yarim himoyachisi bizga katta muammo tug‘irdi, degan. Keyin Qatarga borib “Al-Sadd”ga yutqazgandik. O‘sha uchrashuvdan keyin Xavi bilan formamizni almashgandik. O‘yin tugaganidan keyin muxlislarimizga minnatdorlik bildirayotgan paytimizda Akrom Komilov yonimga kelib, ichkarida Xavi sizni so‘radi, kutib turibdi, degan. Shunda u bilan gaplashdik, o‘yin uchun rahmat aytdi. Biz iliq munosabatda xayrlashdik. Toshkentga kelgach, biroz vaqt o‘tgach, u qo‘ng‘iroq qilib, “Al-Sadd”ga olib ketmoqchiligini aytdi, “Paxtakor” esa rozi bo‘lmadi.
- Xavi telefon raqamingizni o‘zingizdan so‘rab olganmidi?
- Futbolchining o‘zi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga chiqilmaydi. O‘rtada agentlar bor. Xavining yonida yuradigan agentlari bo‘ladi. O‘shanda u agenti bilan birga o‘tirib, biz bilan aloqaga chiqqan. Ko‘rishib gaplashganmiz. Seni “Al-Sadd”da ko‘rmoqchiman deganida, sizning jamoangizda to‘p surish men uchun ham sharaf, qolaversa, siz bilan ishlash juda yoqadi, deganman. Keyin agentlarim mening masalam bo‘yicha gaplashishganida “Paxtakor” xohlamagan.
- Sizga Sardor Rashidov o‘ynagan “Qatar SK”dan ham taklif tushgan ekan, chindan ham muzokaralar bo‘lganmi?
- Ha. Ular meni keyingi yilgacha kutishlarini aytishdi. O‘sha klubning xo‘jayini bilan gaplashdim. Seni keyingi yilgacha kutaman va yana aloqaga chiqamiz, dedi. Unga ham vaziyatni tushuntirdim. “Qatar SK” ham meni klubida ko‘rishni istayotganini yashirmadi. Biz bir-birimizga katta hurmat bilan qaradik.
- Shuningdek, bir necha oy ilgari yana bir xabar tarqaldi: Turkiyaning “Trabzonspor” klubi sizga qiziqayotgani hammaning e’tiborini tortgandi. Amalda ham shunday bo‘lganmi?
- O‘sha vaziyatda Shota Arveladze Turkiyada edi. Jurnalistlar undan intervyu olishgan. Shota Yustinovich “Trabzonspor” klubida ham o‘ynagan-ku. Shu sababli “Paxtakor”da siz ishonadigan yaxshi futbolchilar bormi, deb so‘rashganida u meni aytib o‘tgan. Masharipov har qanday klubda o‘ynay oladi, degan. Uning shu gapidan keyin “Trabzonspor”dagilar mening o‘yinlarimni ko‘rib chiqishgan va qiziqish bildirishgan. Bilasizmi, kimdir siz haqingizda gapirmaguncha u yoqdan birov o‘zbek futbolchilarini qidirib topmaydi. Turk klubi meni sotib olish uchun qandaydir summani taklif qilgan, “Paxtakor” esa o‘z narxini aytgan. Ular esa juda katta narx aytdinglar, deb bu mavzu ham yopilib ketgan. 6 million dollar degan gaplarni eshitgandim.
- Mana, endi “Trabzonspor” Arveladzeni qaytarishni istayapti. Nima deb o‘ylaysiz, u mavsum tugagach, Turkiyaga ketishi mumkinmi? Agar ketadigan bo‘lsa, bu sizning faoliyatingizga qanchalik ta’sir qiladi?
- Bilasizmi, Shota Arveladzeni “Trabzonspor” ikki-uch yildan beri chaqiradi. “Paxtakor” bilan yaxshi natijalarga erishdi va Osiyoda ham qanday murabbiy ekanligini ko‘rsata oldi. Unga bitta “Trabzonspor” emas, balki Osiyodan ham ko‘plab takliflar bor. Arveladze ketib qolsa, bizning faoliyat qanday bo‘lishini bilmayman. Peshonaga nima yozilgan bo‘lsa shuni ko‘ramiz. Ammo menga berilayotgan transfer summasiga klubim qo‘yib yuborgisi kelmayapti. Yaxshigina transfer summasini berishga tayyor klublar ham bor. “Paxtakor” esa bermayman, deb turib oldi.
- Hammasi qachon hal bo‘lishi mumkin?
- Shu yilni tugatib olganimizdan keyin baribir yana shu mavzuga qaytamiz, deb o‘ylayman. Chunki menga yana boshqa qiziqayotgan klublar bor. Ammo bizda chempionat tugamadi, oldinda Kubok bahslari turibdi. Men esa boshqa narsaga chalg‘imasdan o‘yinlarga e’tiborimni qarataman va yil tugagach, keyin yana faoliyatim borasida gaplashamiz. Menga Rossiya klublaridan ham takliflar bor. “Ofsayd” ko‘rsatuviga chiqqanimda ham aytganman, Rossiyada o‘zbek futbolchilariga katta pul to‘lashi qiyin narsa. Meni xohlayotgan jamoalar bor, faqat kamroq pulga kelishimni istashadi. Men braziliyalik emasman. O‘zbekistonda tug‘ilganman. Biz esa hali jahon chempionatiga chiqmaganmiz. Arablar katta summa beramiz deyishganida ham “Paxtakor” qo‘yib yubormagan. Men ham transferimdan klubim foyda ko‘rishini istayman.
- Sir bo‘lmasa, Rossiyaning qaysi klublari qiziqdi?
- Bu haqida aytsam, gap-so‘z bo‘lib ketadi. Ammo ikki-uchta klublaridan takliflar bo‘lgan. “Spartak” bilan o‘ynaganimizdan keyin ham yana qiziqishlar bo‘lgan. “Paxtakor”ga chiqishganida, bu futbolchimizni bermaymiz, deb darhol mavzuni yopishgan. Bu xabarlarni keyinchalik eshitdim. “Paxtakor” bilan yana kelasi yilning oxirigacha shartnomam bor. Agar bu yil tugaganida sizga hozirdanoq ketaman, deb aytardim.
- Aslida sizning maqsadingiz Yevropada o‘ynash edi, buni ilgari o‘zingiz ham aytgandingiz. Ammo vaqt o‘tyapti, uch yildan keyin 30 yoshga to‘lasiz. Yevropaga ketish uchun esa futbolchining yoshi katta ahamiyatga ega. Keyinchalik vaqt o‘tishidan afsuslanib qolmaysizmi?
- Yoshligimdan “Paxtakor”da katta bo‘lganman. Xorazmdan kelgan paytimda “Paxtakor”ning Qibraydagi bazasida yashardim. O‘sha paytda Odil Ahmedov, Anvar Soliyev, Server Jeparov, Ilhom Suyunov singari futbolchilarni ko‘rib, ey Xudo, men ham Ahmedov kabi futbolchi bo‘laman, terma jamoada ham o‘z o‘rnimga ega bo‘laman, deb niyat qilardim va shunga yarasha mehnat qilardim.
Esimda, o‘sha paytlarda bizga tushlikdan keyin mashg‘ulot bo‘lardi. Men esa bazada yashaganim bois ertalab turib ikki mahaldan o‘z ustimda ishlardim. Qanday mehnat qilganimni o‘zim bilaman. Bolalik chog‘imda mahallalarda o‘ynab yurganimda ham o‘zimdan katta bolalarni aldab yurardim. Menga esa ko‘proq kuch kerakligini o‘zim his qilardim. Ayniqsa, “Paxtakor”da zo‘r o‘yinchi bo‘lishim kerak, deb qattiq mehnat qildim. Xudoga shukrki, niyatimga yarasha berdi. Lekin o‘sha paytda men Ronaldinoga o‘xshab “Barselona”da o‘ynashim kerak, deyishim kerak ekan. Chunki Alloh har bir bandasini niyatiga qarab beradi, to‘g‘rimi? Men esa “Paxtakor”da yetakchi bo‘lib o‘ynashni qattiq xohlaganman.
Shu narsalarga erishdim. Ba’zida endi ketishim kerak, hamma qachon ketasan, deb so‘rashyapti, deya o‘ylanaman. Ammo yana o‘ylanib qolaman: noshukrlik qilma, Alloh seni shu kunlarga yetkazdi. Agar ketish peshonamga yozilgan bo‘lsa, albatta xorijga ketaman, degan o‘y-xayollar miyamda aylanadi. Ispaniya, Angliya chempionatlarini ko‘rib o‘tiraman. “Barsa” yoki “Real”ga qarshi o‘ynayotgan jamoalarni ko‘raman va o‘zimga-o‘zim: bemalol men ham u yerda o‘ynay olaman, deyman. Ammo o‘sha yergacha qanday qilib bora olish kerak? Buning uchun kimdir bizdan o‘zini ko‘rsatishi kerak. Avvalo esa, biz jahon chempionatiga chiqishimiz lozim. Agar shunday bo‘lsa, o‘zbek futbolchilariga qiziqish katta bo‘lardi...
- ...Ha, reklama kerak!
- Reklama juda ham kerak. Chetda o‘ynab o‘zbeklarning qanday kuchga egaligini ko‘rsatgim keladi. Bizning yigitlar Rossiyadagi futbolchilar yoki boshqalardan kam emas. O‘zbeklar texnika tomondan kuchli bo‘lishgan. To‘g‘ri, gavda yoki boshqa tomondan kichikroqdir. Ammo o‘zbeklar aqli bilan ham kuchli. Shuning uchun Yevropa chempionatlarida ham bizning o‘yinchilar o‘ynay oladi. Buning uchun dastlab, biz jahon chempionatiga chiqishimiz kerak. Ana shunda hamma bizni ko‘radi. Ungacha esa, O‘zbekiston chempionatiga kuchli mutaxassislarni olib kelish kerak. Keyin ular bizning futbolchilar haqida boshqalarga gapirmasa, unda sizni kimdir bilishi qiyin.
To‘g‘ri, Rossiya chempionatida o‘zini ko‘rsatish orqali ketsa bo‘ladi. Shomurodov bunga misol. Uning omadi keldi, Italiya A seriyasiga ketganidan juda xursand bo‘ldik. Eldorning ketgani bizga yaxshi. Chunki ular yana boshqa o‘yinchilarimizni ko‘rishi mumkin. O‘zi bilan gaplashib turamiz, ortingdan yana boshqa o‘zbekistonlik futbolchilar borsin, gol ur, o‘zingni ko‘rsat, deb dalda berib turamiz. Masalan, meni “Milan” birdaniga olib ketmaydi-ku. Avval bizni ko‘rishlari kerak. Keyin ishonch bo‘lishi muhim. Agar Yevropaga ketish nasib qilmasa, unda hech bo‘lmaganda arab klublarida o‘ynab yuraveramizda. Xitoy yoki arab chempionatlarini qarang.
Masalan, Saudiyaga kuchli murabbiylar va legionerlarni olib kelishadi. Shu yo‘l bilan o‘sha chempionat yanada taniladi. Saviyasi oshadi, to‘g‘rimi? Bizga Arveladzega o‘xshagan 4-5 ta murabbiylar kerak. Yanada yaxshi legionerlar ham zarur. Mana, Xitoyni ko‘ring, u yerdagi sharoitga qarang. Janubiy Koreyada to‘p surayotgan futbolchilarimiz bilan ham gaplashaman. Sharoitlari xuddi Yevropadagi kabi. Bizda qanaqa? Yaxshi sharoitga ega bo‘lgan 3-4 ta klub bordir, ammo qolgan jamoalar qanday qilib o‘sadi? Oilasini boqish uchun yugurib yuraverishadi. Oldiga katta maqsad qo‘ymaydi. Yutaylik, oylik maoshim va mukofot pulini olaylik, degan narsa bilan yurishadi. Bizning chempionatni yanada kuchaytirish tarafdoriman. Yaqinda Termizga bordik, “Surxon” bilan o‘yin uchun.
Jamoaning yechinish xonalari juda achinarli-da. Bu haqida gapirish qiyin. Agar gapirsam keyin “Surxon”ning muxlislari sen bunaqa debsan, deb e’tiroz bildirishlari mumkin. Men ularning ishqibozlarini emas, klubi yanada kuchaysin, degan maqsadda aytmoqchiman. Futbolchilariga yaxshi sharoitlarni yaratib bersin. Mana, bir marta “Andijon” haqida gapirgandim. Keyin “Qizilqum” bilan “Buxoro”ga to‘xtalgandim. O‘shanda klub ishqibozlarini gapirmagandim. Yoshligimda o‘sha klublarning o‘yinlarini, saviyalarini ko‘rganman, darajalari yaxshiroq edi. Masalan, “Andijon”ning ishqibozlari jonkuyar.
Hokimlar yoki futbolga pul tikadiganlar yanada yaxshiroq sharoitlarni qilib bersin, klub Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynasin, degan maqsadda gapirsam meni ishqibozlar noto‘g‘ri tushunishdi va tanqid qilishdi. Meni nima demoqchiligimni ular tushunmadi. Viloyatlarda muxlislar futbol bilan yashaydi, buning uchun klubni yanada kuchaytirish kerak, degan mazmunda aytgandim. Men nimaga o‘zimizning viloyatni yomonlayman? Andijonda qancha tanishlarim bor, u yerni yaxshi ko‘raman. Axir bu o‘zimizning yurtimiz-ku. Faqat viloyat futbolini kuchaytirish, yaxshi o‘yinchilarni olib kelib, jamoani ko‘tarish kerakligi haqida gapirganman.
Baribir chempionatimiz saviyasini ko‘tarishimiz kerak. “Paxtakor”ga o‘xshagan klublar ko‘paysin. Bizda sharoitlar yaxshi va shunga yarasha ishonchni oqlab kelyapmiz, deb o‘ylayman. Ko‘p odam Osiyo Chempionlar ligasidagi o‘yinimizni ko‘rib xursand bo‘ldi. Anchadan beri klublarimiz u yerda bunday o‘yinlar ko‘rsatmagandi. OCHLda jamoalarimiz ikkinchi raqam bo‘lib o‘ynab qaytib kelishardi. Biz esa doim hujumkor futbol ko‘rsatdik. Buni muxlislarimiz bizdan ham talab qiladi.
Boshida “Al-Hilol”ning birgina futbolchisini yillik maoshi qanchaligini aytdim. Shunaqa katta pullar oladigan o‘yinchilarning jamoasini biz “ezib” qo‘ydik. Agar O‘zbekistonda “Paxtakor”ga o‘xshagan 2-3 ta klub bo‘lsa va Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynasa qanday zo‘r bo‘ladi-a? Masalan, Namangandagi muxlislarni ham bilamiz. Agar “Navbahor” OCHLda o‘ynasa bormi, bunday ishqibozlari bilan “Navbahor” o‘yinni 1:0 bilan boshlaydi. Buning uchun saviyani kuchaytirish kerak. Bizda iqtidorlar nihoyatda ko‘p.
- Yuqorida Shomurodov haqida aytib o‘tdingiz. Sizningcha, u Italiya A seriyasida o‘zbek futbolchilarini munosib reklama qila olarmikin?
- Eldorga “Rostov” murabbiyi kabi “Jenoa”da ham ishonch bildirilsa, u oqlaydi, deb o‘ylayman. Uni kuchli tomonlari ko‘p. Faqat murabbiy ishonch bildirishi lozim. U tomonlarda esa vaziyat boshqacharoq. Sizga 2-3 ta o‘yinda imkoniyat beradi, agar gol ura olmasangiz o‘rningizga boshqasini o‘ynatadi. Shomurodovga biroz vaqt kerak.
- Sizga dangal savol: Masharipovga Superligamizda o‘ynashning qanchalik qizig‘i qoldi?
- Futbolchilarni hurmat qilgan holdatda qiziq. Jamoadoshlarimning mehnatini ko‘rib, ularga nisbatan hurmatsizlik qila olmayman. Chunki men shuning ortidan non yeyapman. Baribir maydonga katta ishtiyoq bilan chiqaman. Yuragimdan o‘ynayman. Lekin tan olaman, xorijga ketgim kelaveradi. Bilamanki, bu saviyadan ketgim keladi.
- Shu haqida aytmoqchi edim. Sizning nimalarga qodirligingizni ko‘rib bo‘lganmiz. Endi sizdan bundan ortig‘ini kutmaymiz ham...
- Bilasizmi, shunday gaplar aytishim mumkin, ammo keyin menga tanqidlar otiladi. Masalan, sizlarga qiziq, chunki jurnalistsizlar. Nimadir desam shuni matbuotga olib chiqasizlar, bu esa sizlarga plyus bo‘lishi mumkin, ammo menga minus bo‘lib qoladi. Hammaga bir xil yoqavermaysiz. Gapimni hamma har xil tushunishi mumkin. Lekin men oddiy oilaning bolasiman. Ota-onam hamma bilan qo‘ling ko‘ksingda bo‘lsin, hurmat qilgin, deb uqtirgan. Shu paytgacha hech kimga qo‘pol muomala qilmaganman va qilmayman ham. O‘zim ham ketishni istashimni aytdim. Saviyam O‘zbekiston chempionatinikidan o‘tib ketganini ham bilaman.
Maydonda qandaydir fintlar qilsam endi bu muxlislarimizga qiziq emas. Chunki ular ko‘rib bo‘lishgan. Ikki yildan beri raqiblar menga qarshi ikkita himoyachi bilan o‘ynayapti. Bundan xursand bo‘laman. Bu sizni yanada yaxshiroq tayyorlanishga undaydi. Qanaqa futbolchigimni boshqa joylarga borib ko‘rsatgim keladi. O‘zimga-o‘zim xorijda o‘ynab, boshqalarni ham hayron qoldirgim keladi. Lekin aytdim, hammasini klubim hal qiladi. Men esa rahbariyatga, murabbiylarga hurmatsizlik qila olmayman. Ularning ham fikrlarini hurmat qilaman. Ammo mening ham fikrimni hurmat qilishlarini istayman.
- Siz ham vaqti kelib klubga o‘z shartingizni aniq ayta olasizmi?
- Bunaqa narsani ham aytdim. Kimdir mendan xafa bo‘lgandek bo‘ldi. “Paxtakor”ga 10 yoshimda kelganman, 17 yildan beri shu yerdaman. Shularni gapirib o‘tdim. Ba’zida Tottiga o‘xshab bitta klub futbolchisi bo‘lib, qolib ketamanmikin, deb o‘ylanib qolaman. Rahbariyatimizni xafa qilmagan holatda jim bo‘ldim. O‘zimning istagimni tushuntirdim, iltimos ham qilib ko‘rdim. Ammo bir xil paytda shunchalik kerakligimdan meni qo‘yib yuborishmayapti-ku, deb o‘zimni ovutib qo‘yaman va ichimdan xursand ham bo‘laman.
- Vaziyatga real qarasak, endi Yevropa tomonlardan umidingizni uzib, Osiyo maydonlariga qarayapsizmi?
- Menda Osiyodan har doim taklif bor. Hali o‘zimning organizmimni va qanaqa mehnat qilishimni bilaman. Ular meni olishsa, bu 28 yoshga kiribdi deyishi mumkin. Faqat yoshimga e’tibor qilishlari mumkin, ammo men tomondan hali hech nima so‘ngani yo‘q. Har kuni ota-onamdan duo qilishlarini so‘rayman. Bo‘ldi, qolgani Xudodan.
- Boya reklama bo‘lish uchun jahon chempionatiga chiqishimiz kerak dedingiz va bu to‘g‘ri. Agar mundialga chiqqanimizda balki allaqachon ketgan bo‘lardinglar. Har safar harakat qilamiz, yaqin kelamiz, ammo bitta gol yoki bir ochko yetmay qolaveradi. Murabbiylar kelyapti-ketyapti, ammo mundialdan quruq qolyapmiz. Bu nima bilan bog‘liq?
- Har doim bizga bir qadam qoladi va bundan o‘zimiz ham hayron bo‘lamiz. Faqat bitta narsani aytaman: yanada ko‘proq mehnat qilishimiz lozim. To‘xtab qolmasligimiz kerak, bo‘ldi, boshqa narsa deya olmayman. Qaysidir murabbiyni gapirganim bilan nima o‘zgaradi? Agar kimnidir aytsam, boshqasi ertaga men haqimda ham gapiradi deb o‘ylashi mumkin. Ammo hech qaysi murabbiyni gapirishni xohlamayman. Agar esingizda bo‘lsa, shouda chiqib Samvel Babayanni gapirganman.
Shu fursatdan foydalanib aytmoqchiman, Babayanni qattiq hurmat qilaman. U insonga hech qanday yomonligim yo‘q. Hattoki, Babayan terma jamoamizni eng yuqori cho‘qqiga olib keldi deb o‘ylayman. Uydagi o‘yinni yutsak jahon chempionatiga chiqardik. Uni esa hamma tanqid qildi. Agar biz o‘shanda g‘alaba qozonib mundialga chiqqanimizda Samvel Babayanga xaykal qo‘yishardi, deb o‘ylayman. Uni kuchli ruhshunos desa bo‘ladi. Faqat o‘sha paytda televideniyeda shou edi, odamlar ko‘p, hamma qiziqardi. Babayan faoliyatimda katta yordam bergan murabbiylardan biri. Keyin biz futbolchilar bitta mashina yoki uy olsam bo‘ldi, degan tushunchani yo‘qotishimiz kerak. Biz undan-da, katta maqsadlarni oldimizga qo‘yib, shunga yarasha mehnat qilishimiz darkor. Bugun nima qilaman dam olib yoki bugun choyxonaga borib nima qilaman, deb uning o‘rniga faqat mehnat qilishimiz muhim.
- Abramov O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqa oladimi?
- Xudo xohlasa, chiqamiz. Vadim Karlenovich ham o‘zining o‘yin uslubi bor bo‘lgan murabbiy. U ham yaxshi ruhshunos. Futbolchilarni yaxshi biladi. O‘yinchilariga hech qanaqa bosim o‘tkazmaydi. Toshkentda Saudiyani yutayotib oxirida yutqazib qo‘ydik. Uchrashuvdan oldin bizga shunday gaplarni aytdi, ular jahon chempionatida o‘ynagan. Lekin ular bilan sizlarni qaranglar! Raqibdan kuchlisizlar, faqat o‘zinglarga ishoninglar, o‘zbeklar har doim kuchli bo‘lgan, men sizlarga ishonaman, Saudiyani yutasizlar, dedi. Shunaqangi kayfiyatni ko‘tardiki, o‘yin ham yaxshi boshlangandi. Faqat bizda shunday “kasallik” borki, oxirgi daqiqalargacha muvozanatni saqlab qola olmaymiz. O‘shanda qo‘limizdagi g‘alabani ularga berib yubordik. Abramov bilan mundialga chiqamiz, deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi