00:23 / 12.01.2022
3 516

Eldor "Roma"dan ketishi kerakmi?

Eldor "Roma"dan ketishi kerakmi?
To‘g‘risi, o‘zi Rim klubining ishlari yurishmayotgan bir paytda, Joze Mourinoning hamyurtimiz haqidagi keskin fikrlari barchani o‘ylantirib qo‘ydi. Bunga uning nechog‘lik haqqi bor? Nahotki, “bo‘rilar“ safiga o‘tish hujumchimiz uchun xato qaror bo‘lgan bo‘lsa?! Bugun, shu mavzu haqida atroflicha fikr yuritamiz.

Eldorni Mourino nega tanqid qildi? Joze shogirdlaridan nimani talab qilmoqda?
Aslida, ayb Joze Mourinoda ham bor. Mutaxassis, "Yuventus"ga qarshi uchrashuv boshida tanlangan o‘yin rejasiga ko‘ra Allegridan uddaburonroq chiqdi. Qahramonimiz 4-2-3-1 sxemasini tanlab ilk daqiqalardanoq kuchli pressingni maydon markazida yuzaga keltirdi. Natijada, “Yuve“ ilk 45 daqiqalikda ancha qiyin ahvolda qoldi. Dibalaning goli esa, markazdagi futbolchilarning pressingga juda ham berilib ketgani sababli yuzaga keldi. Darvozadan 25-20 metrlar uzoqlikda turgan argentinalik futbolchi bo‘sh zonaga chiqdi va aniq zarba bilan hisobni tenglashtirdi. O‘sha paytda, tayanch zonasida bo‘lishi kerak bo‘lgan Veretu va Kristantelar raqibni ancha ilgariroq kutib olish va jamoaviy pressingda ishtirok etish uchun ancha oldinga chiqib ketgan edi. O‘sha epizoddan keyin, “Yuventus“ birinchi bo‘limda aytarli vaziyat yarata olmadi. “Roma“ esa ketma-ket 7 bor burchak to‘pi tepdi va to‘liq ustunlikni o‘zida ushlab turdi.

Ikkinchi bo‘limda esa rejaga kiritilmagan 2 ta gol Rim klubini g‘alabaga juda yaqinlashtirdi, ammo shu yerda Joze Mourino xatoga yo‘l qo‘ydi. U agressiv pressingga tayangan 4-2-3-1 sxemasini 3-5-1 ga almashtirdi. Buni ko‘rib turgan Allegri darrov markazni to‘liq egallash maqsadida Arturni “jangga“ tashladi.

Qarabsizki, “Roma“ning asosiy ustunligi - maydon markazi “Yuventus“ qo‘liga o‘tib ketdi. To‘p nazorati turinliklar tomon o‘tishni boshlagach, yakkama-yakka vaziyatlarda yaxshi harakat qiladigan Alvaro Morata o‘yinga qo‘shildi. Natijada, “Roma“ o‘z xatosi qurboniga aylandi. Mourino, Eldorni bejizga tanqid qilgani yo‘q.

U sxemani o‘zgartirgach, Afena-Gyan qanot himoyachisiga aylanishga va Kuadradoni personal qo‘riqlashga majbur bo‘ldi. Uning o‘rniga maydonga tushgan hamyurtimiz esa, gol kiritilgan vaziyatda qanotda himoyadagi vazifasini uddalay olmadi.

Aslida, Mourino Eldorni hujumga emas, qanotdan bo‘ladigan havfni kamaytirib, qarshi hujum chog‘ida to‘pni raqib jarima maydonchasigacha olib borish uchun maydonga tushirdi. O‘yin chog‘ida taktik reform o‘tkazilgani bois, “bo‘rilar“ning o‘yini bir necha daqiqaga sochilib ketdi. O‘sha 480 soniya “zebralar“ga 3 ta gol urish uchun yetarli bo‘ldi. Mourino o‘yindan so‘ng, shogirdlarini ruhiy bosimga dosh bermagani uchun aybladi. Bunga uning haqqi bor. Sababi, 3:2 dan keyin pozitsion himoyada jamoa juda bo‘sh harakat qildi. Qarabsizki, yana ikkita gol Ruy Patrisiu qo‘riqlayotgan darvozadan o‘rin egallamoqda. Aslida, Mour hisob o‘zi uchun qulay bo‘lgach, boshlang‘ich o‘yin rejasidan chekinmaganida, balki o‘sha uchrashuv taqdiri o‘zgarib ketarmidi?!

“Jenoa“da qolsa, nima bo‘lar edi?
O‘rinli savol. Ko‘plab futbol muxlislari shu savolning javobini izlash bilan band. Keling, statistikaga e’tibor qaratamiz. Joriy mavsumda “Jenoa“ umumiy hisobda raqib darvozalarini A Seriya bahsida 20 bor ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu har 94 daqiqada bittadan gol degani. Jamoa ortda qolgan 21 tur davomida faqat bir marotaba g‘alaba qozongan xolos. Hatto, undan keyingi o‘rinda borayotgan “Salernitana“da ham g‘alabalar soni 3 ta. Kiritilgan gollarning 7 tasi Mattia Destroga tegishli. O‘yin davomida golga tortadigan vaziyatlar yaratish borasida ham “Jenoa“ A Seriyaning eng yomon ko‘rsatkich qayd etayotgan klubi sanaladi. Har bir o‘yinda o‘rtacha 1,5 ta gol kiritish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Agar Eldor yana bir mavsum “Jenoa“da qolganida nima bo‘lar edi? Maksimum yana 10 ta gol kiritishi mumkin edi. Bundan ortig‘ini u to‘p surayotgan jamoadan kutish g‘alati.

Bu mavsumda “Griffonlar“ keragidan ortiq ochkoni qo‘ldan boy berib bo‘ldi va B Seriyaga yo‘l olish uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Sizningcha, quyi ligaga yo‘l olgan futbolchi uchun Italiya grandlari taklif bilan chiqqan bo‘larmidi? Menimcha, yo‘q. Sababi, cho‘kkan kemadagi barcha omadsiz dengizchi sanaladi. Kimdir “Jenoa“ “Roma“dan farqli o‘laroq, o‘yin amaliyoti taqdim etishini pesh qilishi mumkin, ammo jamoalar o‘rtasidagi darajani unutmang! Eldor “Jenoa“da butun mavsum asosiy tarkibda o‘ynasa ham dunyo darajasidagi hujumchiga aylanmagan bo‘lar edi.

Mayli, Rim klubi kamroq o‘yin amaliyotini taqdim etar, ammo Joze Mourinoning jamoasi aniq bir g‘oya asosida harakatlanmoqda. Eldor yana bir mavsum “Jenoa“da qolganida, hech qachon Italiya grandlari e’tiborini tortmagan bo‘lar edi. Futbol olamida “fonar“ atamasi bor. Buni soddaroq qilib “o‘xshab qoldi“ desak ham bo‘ladi. Vaholanki, hamyurtimiz Italiyada to‘p surish uchun emas, Top forvardga aylanish maqsadida Yevropani tanlagan. U maqsadi yo‘lida “Jenoa“da qolmay to‘g‘ri qildi deb hisoblayman. “Bo‘rilar“ safidagi zaxira o‘rindig‘i esa, umuman boshqa mavzu.

“Roma“da qolish ideal variantmi?
Joze Mourino boshqaruvidagi “Roma“ pressing uyushtirish borasida ligadagi eng faol jamoa. Hatto, markaziy hujumchilar ham 90 daqiqa ichida tinmay harakatda bo‘lishi shart. Rimliklar futbolchilari har bir o‘yinda o‘rtacha bosim o‘tiladigan km borasida ham yetakchi. Bu esa o‘z-o‘zidan jamoa butun mavsum davomida keng zaxira o‘rindig‘iga ega bo‘lishi shartligini anglatadi. Mourino istasa ham pressingga suyangan jamoada to‘liq Abraham bilan to‘p surishi imkonsiz. Temmi qanchalar kuchli bo‘lmasin, u butun mavsum 90 daqiqa faol bo‘la olmaydi. Bu vaziyatda, Eldor rotatsiya uchun birinchi raqamli da’vogar. Ha, afsuski, asosiy tarkib uchun kurashda hamyurtimiz yengildi, ammo hali mavsum yakunlangani yo‘q. Oldinda Konferensiya Ligasi (taxminan 6 o‘yin), Italiya kubogi (taxminan 4 o‘yin) va A Seriya (17 o‘yin) bahslari turibdi.

Bu 2430 daqiqa degani. Eldorni ikkinchi raqamli hujumchi ekanligini inobatga olib, bu daqiqalarning 30 foizida maydonda bo‘ladi deb hisoblaylik. Demak, bizning hisob-kitob bo‘yicha 729 daqiqa Eldor “Roma“ uchun maydonda ter to‘kadi. Bu minimal ko‘rsatkich. Mavsum so‘nggida zich taqvim, Konferensiya Ligasidagi o‘yinlardagi rotatsiyani inobatga olsak, minutlar bemalol 1000dan oshib ketishi mumkin. Shunday ekan, Eldor taslim bo‘lmasligi kerak. U o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lsa, mavsum so‘nggiga qadar maydonda o‘tkazgan har bir daqiqasini qadrlashi shart. Abraham kecha kelib, bugun asosiy tarkibning muqim a’zosiga aylanmadi. Unga berilgan imkoniyat mavsum startida Eldorga ham taqdim etildi.

Farqi shundaki, hamyurtimiz undan foydalana olmadi. Temmi esa “otni“ qamchiladi. Vaziyat 180 gradusga o‘zgarib ketishi uchun oltinga teng daqiqalardan unumli foydalanishdan boshqa chora yo‘q. Ketishning erta-kechi bo‘lmaydi. Ketishni faqat chiroyli va yoqimsizi bo‘ladi. Hozir boshqa jamoaga o‘tish borasida Eldor o‘ylamasa ham bo‘ladi. U butun futbol olami ko‘z o‘ngida “Roma“da o‘z o‘rnini topa olmagan hujumchi ampluasida. Bu qolipni “sindirib“ tashlasa, uning ketishi ham, qolishi ham faoliyatidagi ulkan g‘alabadan biriga aylanadi.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor "Roma"dan ketishi kerakmi?