«Xorijdagi vatandoshlar»ning bu galgi qahramoni Latviyada IT-tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan hamyurtimiz Vadim Pavlov. Suhbatdoshimiz bakalavr bosqichini Toshkent davlat texnika universitetida o‘qigan. Magistraturani Rigadagi RISEBA universitetida tamomlagan.
Hozir, «Chili Games SIA» va bir nechta biznes loyihalarni boshqarib kelmoqda.
Oilamiz 1986 yil Toshkentga kelgan
1981 yil Latviyada tug‘ilganman. Otam harbiy xizmatchi, onam ingliz tili o‘qituvchisi edi. Otam Afg‘onistonda xizmat qilgan. Keyin, oilamiz 1986 yil Toshkentga kelgan. SSSR parchalanganidan so‘ng ular O‘zbekistonda qolib fuqarolik olishgan. O‘quvchilik yillarim Oloy bozori yaqinidagi 17-maktabda o‘tgan.
Bolaligimni shartli ravishda 2 davrga bo‘laman:
Birinchisi, SSSR parchalanishidan oldin klassik sovet bolaligi, ya’ni Armanistondagi zilzila qurbonlari va Afg‘onistondagi urushdan jabrlangan bolalarga yordam berish ishlaridagi ishtirok.
Ikkinchisi, SSSRning qulashi va o‘zgarishlar millionlab odamlarga ta’sir qilgan davr. Ota-onalar barcha jamg‘armalarini yo‘qotgandi. Ammo, Rossiya va Tojikistonda sodir bo‘layotgan barcha voqealar fonida O‘zbekiston «xavfsiz boshpana» bo‘lib chiqdi, shuning uchun bolaligimning qolgan qismi nisbatan xotirjam o‘tdi – men na millatchilik, na jinoyatchilikka duch kelmadim.
Tanlovda ingliz tilini yaxshi bilish yordam bergan
Bolaligimdan otam va bobom kabi harbiy bo‘lishni orzu qilardim. Biroq, SSSRning qulashi barcha rejalarni chalkashtirib yubordi. Kunlarning birida otam «Qaysi kasb egasi bo‘lishni xohlaysan?» deb so‘ragan. Javobim «Qaysi kasb ekanligi muhim emas, men juda ko‘p pul topmoqchiman!» mazmunida yangragan.
O‘sha vaqtda ko‘pchilik huquqshunos yoki iqtisodchi bo‘lishni xohlashardi. Shu bois, ko‘plar qatori Toshkent davlat sharqshunoslik instituti (hozir universitet)ning iqtisod fakultetiga hujjat topshirdim. Afsuski, to‘lov-kontraktga kirish uchun 0,5 ball yetmadi. Keyin, bir yil davomida yaxshi tayyorgarlik ko‘rdim, natijada Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga ikkinchi eng yuqori ball bilan davlat granti asosida talaba bo‘ldim.
Birinchi kursni tamomlab, Toshkent davlat texnika universitetining «Biznes boshqaruvi» fakulteti (o‘sha paytda shunday nomlangan)ga o‘qishimni ko‘chirdim. Ushbu fakultetga boshqa istalgan institutning birinchi kursini tamomlagandan keyingina o‘qishga kirish mumkin edi. U ham tanlov asosida bo‘lgan, tanlovda ingliz tilini yaxshi bilishim yordam bergan. Barcha mashg‘ulotlar ingliz tilida, «Tinchlik korpusi» ko‘ngillilari tomonidan olib borilgan.
Endi asosiy savol – oliygohda ta’limning ijobiy va salbiy tomonlariga to‘xtalaman. Agar siz Garvardni kompyuter dasturchisi sifatida tamomlamagan Bill Geyts bo‘lsangiz, universitetda ta’lim olishning salbiy tomonlari yo‘q, lekin yaxshi tomonlari ko‘p. To‘g‘ri, test-imtihonlaridagi topshirishingiz kerak bo‘lgan narsalarning aksariyati haqiqiy hayotda hech qachon yordam bermaydi. Ammo, oliygoh – sizning kognitiv qobiliyatingiz, analitik fikrlash va muomala madaniyatingizni rivojlantiradi. Bu biznesdagi muvaffaqiyatning asosiy omillari.
Magistraturani tugatganimgacha 4 ta ish joyi o‘zgartirganman
Universitetni tamomlagach, Latviyaga ko‘chib o‘tdim. Yangi muhitga moslashish, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirish, til kurslarini o‘tash uchun vaqt kerak edi. Latviya tilini bilmasdan yangi mamlakatda yaxshi ish topish qiyin bo‘lishini tushunganman. Qolaversa, o‘sha vaqt magistraturaga kechiktirmasdan kirish uchun eng qulay davr bo‘lgan. Universitetni tanlash esa, juda oddiy kechgan. Yodimda, gazetada RISEBA universitetining magistraturasiga qabul qilish to‘g‘risidagi e’longa ko‘zim tushgan, keyin o‘qish narxiga aniqlik kiritdim, ular imtihonsiz, faqat bakalavr diplomi asosida qabul qilishlarini bildim. Ta’lim rus tilida olib borilishi va oxirgi argument uydan 5 daqiqa masofada joylashgani yakuniy qarorimga turtki bergan. Boshida o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ish topa olmaganim sabab kun davomida sport zalida murabbiy bo‘lib ishladim, kechqurun dars mashg‘ulotlariga qatnashdim.
Toshkentdagi «Biznes boshqaruvi» yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim tufayli Latviyadagi o‘quv dasturi qiyinlik tug‘dirmagan. Ammo, magistraturani tugatganimgacha 4 ta ish joyini o‘zgartirish to‘g‘ri keldi. Aynan shu haqiqiy hayot maktabi bo‘lgan.
«Salam» messenjeri yaratdim
Ochig‘i, vaziyat taqazosi tufayli IT sohasiga kirib qoldim. Bungacha 10 yil qurilish materiallari savdosida ishlaganman, keyin esa savdo kompaniyasini boshqarganman va bir muddat Nyu-York fond birjasida aksiyalar savdosi bilan ham shug‘ullanganman. O‘shanda, kriptovalyutalar haqida eshitdim va u fond bozoridan ko‘ra ko‘proq jozibali ko‘ringan.
Keyinroq, IT mutaxassislari jamoasiga blokcheyn va kriptovalyutalar bo‘yicha mutaxassis sifatida qo‘shildim. Jamoani qayta yo‘naltirishga va biznes modelining bir qismi sifatida o‘z tokenlarini chiqarish, o‘z blokcheynini yaratish va kriptovalyuta birjalarini integratsiyalash bilan bog‘liq IT yechimlariga muhtoj bo‘lgan mijozlarni topishga muvaffaq bo‘ldim.
Qolaversa, jamoadagi hamkasblarimdan mobil ilovalarni ishlab chiqish, UI (foydalanuvchi interfeysi) yaratish va yaratilgan dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tajribalarini o‘zlashtirdim.
O‘zimning messenjerimga kelsak, O‘zbekistonda 15 yillik yashashim meni uning negizida musulmonlar uchun zarur bo‘lgan funksiyalar – Qur’on va qibla kompasi, masjid va uni ko‘rsatadigan messenjer yaratish g‘oyasiga olib keldi. Ilovada foydalanuvchiga xarita orqali eng yaqin halol oziq-ovqat joylari, musulmon bayramlari taqvimi, namoz jadvallari va boshqa barcha aloqa platformalarida umuman mavjud bo‘lmagan boshqa funksiyalar bor edi. Shu tashabbus bilan O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasiga murojaat qildim. Talabga binoan ular loyihaning batafsil tavsifini so‘rashdi. Manfaatdor shaxslarga namoyish qilish uchun prototip messenjer yaratildi, unga «Salam» nomi berildi. Afsuski, ishlar muzokaralardan nariga o‘tmadi, shuning uchun «Salam» messenjer hali ham faqat men va ushbu loyihadagi hamkasblarimning telefonida o‘rnatilgan dasturligicha qolmoqda.
Latviyada biznes muhiti
Tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, omon qolish uchun – Latviyada biznes xalqaro darajada bo‘lishi kerak.
Ayni paytda dasturlashdan tashqari oziq-ovqat mahsulotlari biznesi bilan ham shug‘ullanaman. Ichki bozor shunchalik kichikki, faqat ichki bozorda ishlaydigan jiddiy biznes darajasi haqida gapirishning hojati yo‘q. Ikkala holatda ham siz chet elda mijozlarni izlashingiz lozim. Eng katta muammo taklif etilayotgan mahsulot va xizmatlarning rentabelligini saqlab qolish. Mavjud muhit doimo korxonalardan yangi yechimlarni izlashni talab qiladi.
IT-sohasida asosiy muammolar rossiyalik mijozlarning yo‘qolishi va rus dasturchilarining xizmatlariga haq to‘lash muammolari bilan bog‘liq.
Ishlab chiqarish sohasida esa, energiya tashuvchilar hamda asosiy xom ashyo – neft, kraxmal va boshqalar narxlarining doimiy o‘sishi. Sotishning rentabelligini saqlab qolish uchun siz doimiy ravishda narxlarni oshirishingiz zarur. «Alisa mo‘’jizalar mamlakati»da bo‘lgani kabi, o‘z o‘rningizda qolish uchun imkon qadar tez yugurishingiz talab qilinadi.
O‘zbek tug‘ilishidanoq tadbirkor uchun zarur fazilatlarga ega
Darhaqiqat, biznesda tavakkalchilik ko‘p. Natijada, muvaffaqiyatsizlik tez-tez sodir bo‘ladi. Muammolarni hal qilishda har kim turlicha yondashuvga ega.
Fikrimcha, eng muhimi, ishonishingiz mumkin bo‘lgan va sizga ishonadigan professionallar jamoasi. Siz shunchaki bu odamlarni bir joyga to‘plashingiz va ularga eng yaxshisini qilish imkoniyatini yaratishingiz kerak. O‘zbekning yaxshi an’anasi bor – «GAP». Shunday qilib, hamkasblar bilan haftalik «GAP» dolzarb muammolarni hal qilishda katta yordam beradi (kuladi).
Savolning ikkinchi qismiga to‘xtaladigan bo‘lsam, nazarimda, har qanday o‘zbek tug‘ilishidanoq tadbirkor uchun zarur bo‘lgan ko‘plab fazilatlarga ega bo‘ladi – bu hech bo‘lmaganda savdolashish va bu muzokaralar olib borish qobiliyatiga arziydi!
Bu fazilatlarga men eng muhim narsani qo‘shgan bo‘lardim – hech qachon taslim bo‘lmaslik, hech qachon o‘rganishni to‘xtatmaslik va doimo yangi imkoniyatlarni qidirish.
Qiziqarli g‘oyalar va kengroq ufqlarga ega bo‘lasiz
Bilasizmi, men asosan biznesga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan kitoblarni o‘qiyman va filmlarni ko‘raman. O‘ylashimcha, faqat biznesga e’tibor qaratish emas, balki boshqa narsaga qiziqish ham muhimdir. Shunda, siz yanada qiziqarli g‘oyalar va kengroq ufqlarga ega bo‘lasiz. Masalan, tarix, astronomiya va antropologiyaga oid kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘raman. Yaqinda, men DNKda neandertal genomining necha foizi borligini bilish uchun DNK-testini ham o‘tkazdim.
Hali ham bo‘sh vaqtlarini biznes adabiyotlari bilan o‘tkazishni xohlaydiganlar uchun Nassim Talebning «Antifrajil» kitobini tavsiya qilaman.
Filmlarga keladigan bo‘lsak, hozir yaxshilari juda kam. Shuning uchun, vaqtim bo‘lganda bolalik yoki o‘smirlik davrida ko‘rganlarimni qayta tomosha qilaman. Xususan, klassik o‘zbek kinolaridan «Yor-yor» va «Vodillik kelin» kabilarni ko‘p marta ko‘rib chiqqanman.
O‘zbekistonlik hamkasblarimga havas qilaman
Ochig‘i, yaxshi ma’noda o‘zbekistonlik hamkasblarimga havas qilaman, chunki men mamlakatda IT-biznesni rivojlantirish istiqbollarini Latviyaga qaraganda ancha ko‘proq ko‘raman. Boisi, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Xususan, O‘zbekiston mobil ilovalar joriy etish bo‘yicha ulkan bozor.
«Barcha eshiklarni taqillating»
Muvaffaqiyatli karera qilmoqchi bo‘lganlarga ayta olamanki, imkoniyatlaringizdan maksimal darajada foydalanishga harakat qiling. O‘zingizni biron bir soha bilan cheklamang. Boshqacha qilib aytganda - «barcha eshiklarni taqillating». Investorlar ushbu portfelni diversifikatsiya deb atashadi. Hayotda u shunday ishlaydiki, bir sohada qiyinchiliklarni boshdan kechirib, boshqa sohada yo‘qotishlarni qoplashingiz mumkin. Ish yoki biznesni o‘zgartirsangiz ham, ko‘priklarni yoqmang! U yerda olingan tajriba va aloqalar kelajakda har doim foydali bo‘ladi.
Rejalarimga kelsak, agar meni qiziqarli biznes loyiha olib borsa, mamnuniyat bilan O‘zbekistonga boraman. Kelasi yili Latviyaga ko‘chib kelganimga 20 yil bo‘ladi, lekin hali ham Toshkentdagi hayotni qumsayman. Ayniqsa, u yerdagi do‘stlarim, dunyodagi eng mazali oshxona va quyoshli iqlimni juda sog‘indim.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?