
KEY TECH konferensiyasining sun'iy intellekt mavzusiga bag‘ishlangan ikkinchi sessiyasida qiziqarli fikr yangradi. Unda aytilishicha, yaqin yillarda sun'iy intellektni joriy qilmagan banklar raqobatbardoshligini yo‘qotadi.
Bu fikr muhokamalar uchun asos bo‘lib, sun'iy intellekt bank sohasini qanday o‘zgartirayotgani va uning rolini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmasligi haqida bahslar boshlandi. Ulug‘bek Tavakkalov (Kapitalbank) moderatorligida o‘tgan panel muhokamasi AVO Bank, Mikrokreditbank, InfinBANK va Sbertex vakillarini birlashtirdi.
Ular sun'iy intellekt endi eksperimental loyiha emas, balki samaradorlikni oshiruvchi real vosita ekaniga e’tibor qaratishdi. AVO Bank vakili Rashid Laxlu sun'iy intellektni joriy qilishda eski jarayonlar ustiga yangi texnologiyalarni qo‘shish qiyinligini ta’kidladi.
"Biz ishni xavflar va antifrod sohasidan boshladik. Bu yerda sun'iy intellekt o‘zini eng yaxshi tomonlama namoyon qildi.
Ammo strukturani va bo‘limlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni qayta tashkil qilmasdan samaraga erishib bo‘lmaydi," dedi u. Ekspertlarning aytishicha, texnologiyalarni joriy qilish tezligi qonunchilikdagi o‘zgarishlardan ilgarilab ketgan bo‘lsa-da, bu jarayonni sekinlashtirish uchun sabab emas.
Raqobat sharoitida banklar sun'iy intellektni tezkorlik bilan integratsiya qilishga majbur. InfinBANK vakili Aziz Siyoyevning ta’kidlashicha, bank sektori sun'iy intellekt uchun ideal muhitdir.
Chunki u katta hajmdagi ma’lumotlar va tayyor texnologik infratuzilmaga ega. Shuningdek, xizmatlarni shaxsiylashtirish va qarorlar aniqligini oshirish sezilarli natijalar bermoqda.
Sbertexdan Yaroslav Uporov esa har bir mahsulotda sun'iy intellekt komponentini joriy qilishni nazarda tutuvchi AI-native yondashuv haqida so‘z yuritdi. "Endi savol sun'iy intellektni joriy qilishda emas, balki buni qanday qilib mas’uliyat bilan amalga oshirishda.
Inson markaziy yondashuv asosiy mezon bo‘lib qoladi," dedi u. Muhokamalar davomida sun'iy intellekt modellarining xatolari ham muhokama qilindi.
AVO Bank vakillari selfi-verifikatsiya avtomatlashtirilishi natijasida o‘rtacha depozit hajmining kutilmaganda kamayib ketishi holatini misol qilib keltirishdi. Bu esa sun'iy intellekt doimiy nazorat va texnik ekspertizani talab qilishini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, ekspertlar generativ modellar hali skoringda qo‘llanilmasligi, chunki ularning qarorlarini tushuntirish qiyinligini ta’kidlashdi. Banklar hali ham qarorlarni asoslash imkonini beruvchi klassik mashinaviy o‘qitish usullaridan foydalanmoqda.
Yakunda muhokama ishtirokchilari sun'iy intellektni shunchaki zamonaviy texnologiya emas, balki yaqin yillarda bankning foydaliligi, jarayonlar tezligi va bozorda qolish qobiliyatini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri sifatida baholashdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.