date

Nyu York politsiyasi “Grinch”ni qidiruvga berib, mukofot e’lon qildi

Nyu York politsiyasi “Grinch”ni qidiruvga berib, mukofot e’lon qildi

Nyu York shahri politsiyasi Yangi yil bayrami arafasida mashhur kinokahramon — Rojdestvo bayramini “o‘g‘irlashi” bilan tanilgan Grinchni hazilomuz tarzda qidiruvga berdi. New York Police Department ushbu qahramonni “qo‘lga olish”ga yordam beruvchi ma’lumot uchun 10 ming AQSH dollari miqdorida mukofot va’da qildi.

Mazkur e’lon politsiyaning rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali tarqatildi. NYPD vakillari bu xabar haqiqiy jinoyat ishi bilan bog‘liq emasligini, aksincha, bayramona kayfiyat ulashish, hazil orqali jamoatchilik bilan muloqotni yanada yaqinlashtirish maqsadida e’lon qilinganini alohida ta’kidladi.

Hazil shaklida tayyorlangan “qidiruv” e’lonida 24 dekabr kuni yarim tun atrofida Grinch bu yil o‘zini yaxshi tutgan bolalarning archa ostiga qo‘yilgan o‘yinchoqlari va sovg‘alarini “o‘g‘irlab ketgani” aytilgan. Go‘yoki ushbu “jinoyat” xavfsizlik kameralari tomonidan ham qayd etilgan. E’londa Grinchning yashil tusdagi tashqi ko‘rinishi, tukli libosi va “shubhali xatti-harakatlari” alohida ta’riflanib, bu holatga yumor bilan yondashilgan.

Aytib o‘tish joizki, Nyu York politsiyasi bayramlar arafasida ijtimoiy tarmoqlarda bunday ijodiy va hazilomuz chiqishlari bilan avval ham ko‘pchilik e’tiborini tortgan. Masalan, avvalgi yillarda politsiya Santa Klausni yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga chaqirgan, Yangi yil elflarini esa jamoat tartibini buzmaslik haqida “ogohlantirgan” postlar ham joylashtirgan edi.

Grinch obrazi amerikalik mashhur bolalar yozuvchisi Dr. Seuss (Teodor Syuz Geyzel) tomonidan yaratilgan. U ilk bor 1957 yilda nashr etilgan “How the Grinch Stole Christmas!” (“Grinch — Rojdestvo o‘g‘risi”) nomli kitob orqali kitobxonlarga tanish bo‘lgan.

Ushbu asar asosida 1966 yilda animatsion film suratga olingan, 2000 yilda esa mashhur aktyor Jim Carrey bosh rolni ijro etgan badiiy film ekranlarga chiqqan. Hikoya avvalida Rojdestvoni yomon ko‘radigan, bayram quvonchidan yiroq qahramon tasvirlansa-da, voqealar yakunida Grinch mehr-oqibat, saxovat va bayramning asl mohiyatini anglab yetadi.

Nyu York politsiyasining ushbu hazilomuz tashabbusi esa bayram arafasida jamoatchilikka iliq tabassum ulashib, Yangi yil kayfiyatini yanada ko‘tarishga xizmat qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Nyu York politsiyasi “Grinch”ni qidiruvga berib, mukofot e’lon qildi