date

Honor WIN seriyasi: ulkan batareya va kuchli flagman

Honor WIN seriyasi: ulkan batareya va kuchli flagman

Xitoyning Honor kompaniyasi yana bir bor smartfon bozorida shov-shuv ko‘tardi. Kompaniya WIN turkumiga kiruvchi yangi qurilmalarini rasman taqdim etdi. Bu haqda ishlab chiqaruvchi Weibo‘dagi rasmiy blogi orqali ma’lum qildi. Yangi liniyadan ikki model — WIN va WIN RT o‘rin olgan bo‘lib, ular, avvalo, texnik jihatdan o‘ziga xos yechimlari bilan diqqatni tortadi.

Eng katta yangilik — akkumulyator masalasida. Har ikki smartfon ham 10 000 milliamper-soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Bu ko‘rsatkich hatto ayrim planshetlar uchun ham jiddiy raqam hisoblanadi. E’tiborlisi, shunchalik ulkan batareyaga qaramasdan, qurilmaning qalinligi bor-yo‘g‘i 8,3 millimetrni tashkil etadi. Bu esa Honor muhandislari dizayn va ergonomikaga alohida urg‘u berganini ko‘rsatadi.

Smartfonlar 100 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, bir marta to‘liq quvvatlangan akkumulyator bir necha kun davomida faol foydalanish uchun yetarli. Bu ayniqsa safarda, o‘yin yoki video tomosha qilishni yaxshi ko‘radigan foydalanuvchilar uchun katta plyus.

Yana bir qiziq yechim — Ultra Fan deb nomlangan maxsus sovitish tizimi. Kuler qurilmaning orqa qismiga o‘rnatilgan bo‘lib, u yuqori yuklama paytida smartfonning qizib ketishini oldini oladi. Bu detal WIN seriyasini geyming va og‘ir ilovalarni ko‘p ishlatadigan auditoriyaga ham mos qiladi.

Texnik quvvat borasida ham farq seziladi. WIN modeli Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessorida ishlaydi, WIN RT esa Snapdragon 8 Elite chipseti bilan ta’minlangan. Har ikki qurilma 12 gigabayt tezkor va 256 gigabayt doimiy xotiraga ega. Ekran diagonali 6,83 dyuym bo‘lib, katta va qulay tasvirni ta’minlaydi.

Kamera masalasida WIN modeli ustunlikka ega. U 50 megapikselli asosiy sensor, 50 megapikselli keng burchakli obyektiv va 50 megapikselli teleobyektiv bilan jihozlangan. WIN RT esa teleobyektivsiz taqdim etilgan, bu esa uning narxiga ham ta’sir qilgan.

Narxlar ham raqobatbardosh: Honor WIN modeli 3999 yuandan, ya’ni taxminan 570 dollardan boshlanadi. WIN RT esa ancha arzon — 2699 yuan, taxminan 385 dollar. Shu tariqa, Honor WIN seriyasi katta batareya, kuchli temir va zamonaviy dizaynni bir joyga jamlab, bozorda jiddiy qiziqish uyg‘otishi aniq.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Texno » Honor WIN seriyasi: ulkan batareya va kuchli flagman