
Toshkent metropoliteni Yangi yil bayrami munosabati bilan poytaxt aholisi va mehmonlari uchun ish rejimini uzaytiradi. Bu haqda Toshkent metropoliteni matbuot xizmati rasman ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, bayram arafasida jamoat transportidan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida metro poyezdlari 31 dekabr kuni soat 05:00 dan boshlab 1 yanvar kuni soat 01:00 gacha, ya’ni odatdagidan bir soat ko‘proq vaqt davomida uzluksiz harakatlanadi. Bu qaror Yangi yilni shaharda qarshi oladiganlar uchun ancha qo‘l kelishi kutilmoqda.
Shuningdek, qo‘shimcha dam olish kunlari hisoblangan 31 dekabr va 2 yanvar kunlari metro shanba kunlari jadvali asosida ishlaydi. Yangi yilning o‘zi — 1 yanvar kuni esa poyezdlar yakshanba jadvali bo‘yicha harakatlanadi. 5 yanvar, dushanba kuni barcha uchun odatiy ish kuni etib belgilangan bo‘lib, ushbu sanada metro qatnovi standart ish kunlari tartibida tashkil etiladi.
Bayram kunlari avtomobil haydovchilari uchun ham yengilliklar nazarda tutilgan. Xususan, Toshkent shahridagi pulli avtoturargohlar 31 dekabrdan 4 yanvargacha, shu jumladan 4 yanvar kuni ham, bepul tarzda xizmat qiladi. Poytaxt Parking vakillarining “Gazeta”ga ma’lum qilishicha, bayram kunlari mobil ilovadagi to‘lov funksiyasi vaqtincha o‘chiriladi va tariflar nol darajaga tushiriladi. Biroq “Parkovkalash” tugmasi faol holatda qoladi.
Mutaxassislar bu choralar Yangi yil bayrami kunlari shaharda harakatni yengillashtirish, tirbandliklarni kamaytirish va aholiga yanada qulay muhit yaratishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.