Kutilmaganda nafas olishning qiyinlashishi, bu paytda qanday chora ko‘rishni bilmaslik ko‘pchilikda kuzatiladigan holat. Odatda bu kabi vaziyatga tushgan insonlar birdaniga vahima ko‘tarishadi va muammoni yanada chuqurlashirib yuborishadi. Nafas olishning qiyinlashishiga asosiy sabab – kislorod yetishmasligi bo‘lib, u turli kasalliklar belgisi yoki noto‘g‘ri turmush tarzi oqibati hisoblanadi.
Nafas olish nima uchun qiyinlashadi: sabablarni aniqlaymiz
Agar sizda nafas olish bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan bo‘lsa, eng avvalo buning sababini aniqlash zarur. Holatingizdan kelib chiqib o‘zingizga tashxis qo‘yishga shoshilmang: bu vaziyatdan noto‘g‘ri xulosa chiqargan holda davolanish jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘lishi mumkin.
Bo‘g‘ilish va nafas olishning qiyinlashishi asosan quyidagi sabablar tufayli kelib chiqadi:
• yurak va tomirlar bilan bog‘liq muammolar;
• bronxial astma;
• stress;
• surunkali anemiya;
• ko‘krak qafasining jarohatlanishi;
• allergik reaksiya;
• ortiqcha vazn;
• tomoqqa begona jismning turib qolishi;
• boshqa omillar.
Unutmang, davolash muolajalarini yuzaga kelgan muammoning asl sababini aniqlagandan keyingina boshlash mumkin.
Nafas olish qiyinlashganda qanday yo‘l tutish kerak?
Kutilmaganda bo‘g‘ilib qolish kuchli vahimaga sabab bo‘ladi, shuning uchun bemorga muammoni yolg‘iz bartaraf etishga urinish tavsiya qilinmaydi. Agar ushbu holat yaqinlaringizdan birida kuzatilayotgan bo‘lsa, eng avvalo uni tinchlantirish, keyin esa qog‘oz paket yoki qo‘llarni qayiqcha ko‘rinishga keltirib, undan nafas olishni taklif qilish mumkin. Ushbu usullar karbonad angidrid konsentratsiyasini oshirib, tomirlarning kengayishini taʼminlaydi.
Shundan keyin tinchlanib olish uchun bir nechta oddiy mashqlardan iborat bo‘lgan maxsus gimnastika yordamga keladi:
• Nafas olish vaqtida xayolda 6 gacha sanash;
• Xayolan 8 gacha sanagan holda nafas chiqarish;
• Tilni tashqariga chiqargan holda bir necha marta tez nafas olib chiqarish;
• Vaziyat tezroq yaxshilanishi uchun ushbu harakatlar ketma-ketligini bir nechta marta takrorlash.
Kasallik sababi aniqlanmadi, nafas olish esa qiyinligicha qolmoqda. Nima qilish kerak?
Nafas olishning qiyinlashishiga noto‘g‘ri turmush tarzi va zararli mahsulotlar tanovuli ham sabab bo‘lishi mumkin. Shakar, kimyoviy qo‘shimchalar, rafinadlangan aralashmalar va shu kabi boshqa mahsulotlarni ko‘p isteʼmol qilish qonni quyultirib, kislorodning ichki aʼzolarga yetib borishini qiyinlashtiradi.
Tanada qon aylanishini yaxshilash uchun taomnomangizni qaytadan ko‘rib chiqish va unga o‘zgartirishlar kiritish kerak bo‘ladi. Meva hamda sabzavotlar isteʼmolini ko‘paytiring, yetarli miqdorda suv ichishni unutmang. Go‘shtni kamroq isteʼmol qiling, shakar va unli mahsulotlarni esa taomnomadan butunlay chiqarib yuborish ham mumkin.
Nafas olishning qiyinlashishi organizmda qandaydir muammo borligidan darak beradi. Vaziyatni yanada chuqurlashtirib yubormaslik uchun unga qarshi mustaqil kurashishga urinmang. Faqatgina shifokorlar sizga aniq tashxis qo‘yishi va kerakli muolajalarni tayinlab berishi mumkinligini yodda tuting.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring