14:33 / 23.07.2017
15 885

Bemorlik nima: azob-uqubatmi yoki ne’mat, jazomi yoki sinov?

Bemorlik nima: azob-uqubatmi yoki ne’mat, jazomi yoki sinov?
Inson borki hayoti davomida biror kasallikni boshidan kechiradi. Albatta, inson o‘z hayotining birdek ravon, musibatlarsiz o‘tishini xohlaydi. Ammo, «issiq jon» deganlaridek, kasallik turli insonlarda og‘ir yoki yengil kechishi mumkin. Inson jisman dard chekar ekan, uning ruhiyatida ham albatta salbiy fikrlar kechadi. Bu ruhiy kechinmalar insonning yoshiga ham bog‘liq bo‘ladi. Inson yoshlikda kasallikni oson o‘tkazish bilan birga, u bu haqda chuqur o‘ylamaydi ham. Ammo yoshi o‘tgan sari kasallik unga guyoki doimiy hamrohdek tuyulib, hali u eri, hali bu eri og‘rishidan noliy boshlaydi.

Hatto yomon hayollarga borib besabrlik qiladi va buni go‘yo Alloh taoloning g‘azabiga uchraganlik belgisi deb tushunadi. Aslida ham shundaymi? Zotan, har bir inson hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Chunki hayotning o‘zi sinov va imtihonlardan iborat. Vaholanki, dard kelganda ba’zi insonlarning umidsizlikka tushib zaiflashib qolishlari ularning kasallik orqasidan keladigan hikmatlardan bexabar ekanliklarining alomatidir. Mo‘min musulmonga Alloh taolo tomonidan yuboriladigan barcha kasalliklar u uchun xayrlidir. Goho bandalar farz qilingan ibodatlarni to‘liq ado eta olmasliklari yoki solih amallari etarli bo‘lmasligi mumkin.

Bunday holatda Alloh taolo ularga biror kasallik yoki musibat yuborib, O‘z huzurida ularning gunohlarini kechib, ulug‘ darajalarga ko‘taradi. Ushbu so‘zimizga quyidagi hadis dalil bo‘la oladi. Muhammad ibn Xolid as-Sulamiyning bobosidan qilingan rivoyatda: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Allohdan bir bandaga martaba yozilgan bo‘lsa-yu, banda amali bilan unga etmagan bo‘lsa, Alloh uni jasadida yoki molida, yoki bolasida balo (musibat)ga giriftor qiladi. So‘ngra uni ana shunga, toki Allohdan uning uchun yozilgan martabaga erishtirguncha sabr qildiradi», – dedilar». Abu Dovud rivoyati.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Musulmon kishiga etadirgan har bir mashaqqat – dard, tashvish, qayg‘u, aziyat yoki nochorlik va hatto (badaniga) kirgan tikan ham Alloh taolo dargohida uning gunohlariga kafforat bo‘ladi!» – dedilar». Imom Buxoriy rivoyati. Agar Alloh taolo dard va alamlarni yubormaganida edi, insonlar sog‘likning qadriga etmagan bo‘lar edilar. Ba’zida inson kasallik, g‘am-tashvish va faqirlik kabi musibatlar unga Alloh tamonidan yuborilgan ne’mat ekanligini anglab etishi zarur. Agar teranroq o‘ylab ko‘rsak, bu musibatlar bilib-bilmay qilgan gunohlarimiz uchun kafforat bo‘lishini tushunamiz.

Diniy manbalardan ma’lumki, solih kishilar turli musibatlarga uchrab turishi Yaratganning unga muhabbati alomatidir. Jumladan, kasallikning kelishi Alloh taoloning unga yaxshilikni iroda kilgani belgisidir. Bunday kishilar uchun musibat va kasalliklar Alloh taolo oldida ularning darajotlari ko‘tarilishiga vositadir. Bu fikrimizga Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadisi sharif misol bo‘la oladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni xohlasa, uni biror musibatga mubtalo qiladi», – dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Dinimiz tarixiga nazar solsak ham yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlovchi misollarni keltirish mumkin. Ayrim payg‘ambarlarni ham bunday musibatlar chetlab o‘tmagan. Hattoki bashariyat sayyidi bo‘lmish Muhammad alayhissalom ham bemor bo‘lganlar. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot isitmalab yotgan ekanlar. Men: «Ey Allohning rasuli, siz qattiq isitmalayapsiz-a?» – desam, u zot: «Ha, men sizlardan ikki kishi isitmalagani kabi isitma bo‘laman», – dedilar. «Unda sizga ikki ajr bo‘ladimi?» – desam, «Ha, shu singari biror musulmonga aziyat etsa, tikonmi yoki undan kattarog‘i azob bersa, u bilan yomonliklari o‘chirilib, gunohlari xuddi daraxt bargidek to‘kilib ketadi», – dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyati.

Endi, Alloh taolo tomonidan bandalariga yuboriladigan turli musibatlar ular uchun azob-uqubatmi yoki sinov ekanligini ulamolar quyidagicha sharhlaydilar. Musulmon bo‘lmagan inson uchun bu musibatlar Alloh taolo tomonidan yuborilgan azob-uqubatdir. Chunki bu musibatdardan u hech qanday ajr-mukofot olmaydi va gunohlariga ham kafforat bo‘lmaydi. Zero, kasalliklar va musibatlar orqasidan ajr-mukofot olish uchun, birinchi o‘rinda iymonli bo‘lish talab qilinadi. Boshqa insonlarga ziyon keltirmasa-da, juz’iy xato va kamchiliklardan holi bo‘lmagan solih insonlar uchun esa xayr-rahmat va sinov imtihoni va Alloh taoloning huzurida ularning darajasi ko‘tarilishi belgisidir.

Ba’zi bir sinovlar bandaning Allohga yanada yaqinlashishiga sabab bo‘lsa, doim ibodatda bo‘lsa ham ammo fisq-fujurlarga berilib yurgan bandalar uchun esa musibat keltiradi va u o‘z gunoh ishlaridan xulosa chiqarib, Alloh taolo buyurgan yo‘lga qaytishiga sabab bo‘ladi, deyishgan. «Niso» surasining: «Kimki yomonlik qilsa, jazosini olur» oyati nozil bo‘lganda, ko‘p sahobalar qiyin axvolda qolishgan ekan. Hatto Abu Bakr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu haqida murojaat qilib: – Bu oyatdan keyin o‘zimizni qanday isloh qilamiz, har bir yomonlik uchun jazolanaversak holimiz ne kechadi? – dedilar.

– Alloh sizni mag‘firat qilsin, ey Abu Bakr. Axir, kasal bo‘lmaysizmi, g‘am-qayg‘u chekmaysizmi, ochlikdan sillangiz qurimaydimi?
– Albatta, shunday.
– O‘shalar sizlarga berilgan jazodir», – dedilar. Ibn Hibbon rivoyati.

Bu hadis mazmunidan ma’lum bo‘lishicha, mo‘min insonning umri davomida chekkan azoblari, kasalliklari, hatto ochlikdan qiynalganlari ham qilgan gunohlariga kafforat bo‘lar ekan.

Ushbu hadisga hamohang bo‘lgan «Shuro» surasining 30-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: «(Ey insonlar), sizlarga ne bir musibat etsa, bas, o‘z qo‘llaringiz qilgan narsa-gunoh sababli (etur). Yana U ko‘p (gunohlarning jazosini bermasdan) afv qilib yuborur».

Endi Alloh taolo bandalariga bergan kasalliklar ortidan keladigan hikmatlar ustida tuxtalsak. Zamonaviy tibbiyot nuqtai nazaridan qaraganda, inson ayrim yuqumli kasalliklarga chalinganda, tanada ularga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Bu jarayonda tanadagi ortiqcha g‘ubor va zararli moddalar tashqariga chiqadi, ayrim hujayralar yangilanadi, ba’zi a’zolarning buzilgan faoliyati tiklanadi. Diniy nuqtai nazardan esa, dard chekish tufayli mo‘min banda Yaratganni ko‘proq eslay boshlaydi, salomatlikning qadriga etadi, shu bilan birga, dard tufayli chiroyli sabr-toqat qila olish sinovidan ham o‘tib poklanish martabasiga ko‘tariladi. Shularning natijasi o‘laroq mo‘min kishi yuborilgan har qanday kasallik Alloh taoloning qazo va qadari ekaniga iymon keltiradi. Shu bilan birga, unda dard bergan Allohning O‘zi shifosini ham berishiga umid paydo bo‘ladi.

Kasallikning hikmatlari bilan birga, shu o‘rinda bemorlarni ziyorat qilish fazilatlari haqida ham tuxtalsak. Ushbu hadisi qudsiy bu fikrimizni yorqin ifodalab beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh taolo Qiyomat kuni: «Ey odam bolasi, kasal bo‘ldim, meni ko‘rgani bormading», deydi. Shunda u kishi: «Ey Rabbim, qanday qilib seni ko‘rgani boraman? Sen olamlarning Rabbi bo‘lsang», deydi. Alloh esa: «Bilmaysanmi, falonchi bandam kasal bo‘ldi, lekin uni ko‘rgani bormading. Agar uni ko‘rgani borganingda uning huzurida meni topar eding», deydi.

Alloh: «Ey odam bolasi, sendan ovqat so‘radim, menga uni bermading», desa, u kishi: «Ey Rabbim, qanday qilib seni ovqatlantiraman? Sen olamlar Rabbi bo‘lsang», deydi. Alloh esa: «Bilmaysanmi, falonchi bandam sendan ovqat so‘radi, lekin sen unga taom bermading. Agar unga ovqat berganingda huzurimdan uni topar eding», deydi. Alloh: «Ey odam bolasi, sendan suv talab qildim. Lekin meni suv bilan siylamading», desa, u kishi: «Ey Rabbim, nechuk seni suv ila siylayman? Vaholanki, sen olamlar Rabbi bo‘lsang», deydi. Alloh esa: «Falonchi bandam suv talab qildi. Sen unga suv bermading. Bilmaysanmiki, agar suv bilan siylaganingda, uni mening huzurimdan topar eding», deydi». Imom Muslim rivoyati.

Ushbu hadisda e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan alohida ta’kidlangan nozik bir lafz bor. Mazkur hadisdagi: «Agar unga ovqat berganingda huzurimdan uni (ajr-mukofotini) topar eding yoki «suv bilan siylaganingda, uni mening huzurimdan topar eding», lafzidan ko‘ra «Bilmaysanmi, falonchi bandam kasal bo‘ldi, lekin uni ko‘rgani bormading. Agar uni ko‘rgani borganingda uning huzurida meni topar eding», lafzi bo‘rttirib ko‘rsatilgani bejiz emas.

Bu bilan bemor huzuriga ziyorat uchun borgan inson albatta Alloh taoloning rahmati va mag‘firatiga erishishi bashorat qilinmoqda. Shuningdek, Alloh taoloning boshqa bandalariga nisbatan xasta va bemorlarga ma’naviy yaqinligiga ishora qilinmoqda. E’tibor bering, bu erda: «uning huzurida meni topar eding» deyilishi bilan xasta va bemor kishilarga alohida e’tibor ko‘rsatish, ularning ko‘ngilini ko‘tarish, dil yaralariga malham bo‘lish kabi insoniy fazilatlar ulug‘lanmoqda.

Demak, gap bemorni ziyorat qilish fazilatlari haqida ketar ekan, ziyorat qilish uchun borgan kishining bemor huzurida unga umid baxsh etadigan, ruhiyatini ko‘taradigan so‘zlar bilan siylash aynan sunnatga muvofiq ishlardan sanaladi. Bu borada Imom Buxoriy rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bemorni ziyorat qilsalar: “Laa ba’sa, tohurun inshaalloh”, ya’ni «Zarari yo‘q, inshaalloh, (bu kasallik sizni), gunohlardan poklaydi», – deb aytardilar. Bemor inson o‘ning dardiga Alloh shifo berishidan umidvor bo‘lishi bilan birga, dardining davosi uchun sabab bo‘ladigan turli vositalar haqida o‘ylashi ham tabiiydir.

Darhaqiqat, Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh qaysi bir dardni nozil qilgan bo‘lsa, albatta, uning shifosini ham tushirgandir», dedilar». Shunday ekan, bemor shifo vositasi sifatida tabiblarga murojaat qilishi, tibbiy muolajalardan foydalanishi o‘rinlidir. Ushbu vositalardan yana biri duodir.

Chin ixlos bilan o‘zi va boshqalar tomonidan qilingan duolar orqali ham davo topish mumkin. Shu bilan bir qatorda, xastaliklardan sadaqa berish bilan ham davolanish mumkin. Chunonchi, Abu Umoma al Baxiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinib, «Nabiy alayhissalom: «Xastalaringizni sadaqa bilan davolang» deganlar. Termiziy rivoyati.

Haqiqatan ham, dardning shifosi uchun vositachi bo‘lgan tabiblar va sadaqadan manfaatdor bo‘lgan insonlarning Alloh tamonidan rizqlantirilishining o‘zi ham yana bir hikmatdir. Chunki bu hikmatning tagida tabiblarning bemor orqali rizqlanishi Alloh taolo tomonidan sabab qilinganligi ma’nosi yotadi.

Yuqoridagi barcha fikrlarimizdan xulosa qiladigan bo‘lsak, Alloh taolo mo‘min bandalariga dard yoki musibat berar ekan, bandalari o‘ylaganlaridek, ularga zulm qilib emas, balki marhamat ko‘rsatib ularni sinovdan o‘tkazish, ayrim xato va kamchiliklarini kechirish va darajalarini ko‘tarish gunohlariga kafforat bo‘lishi uchun g‘amxo‘rlik qilayotgani ayon bo‘ladi.


Manba: Mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Bemorlik nima: azob-uqubatmi yoki ne’mat, jazomi yoki sinov?