date

Hojatxonada telefon ushlab o‘tirish salomatlikka xavfli

Hojatxonada telefon ushlab o‘tirish salomatlikka xavfli

So‘nggi yillarda hayotimizda telefondan foydalanish deyarli cheklanmay qolayotgan bo‘lsa-da, amerikalik olimlar olib borgan tadqiqot salomatlik uchun xavotirli jihatni ochib berdi. Bostonda 2024 yil davomida o‘tkazilgan izlanishga ko‘ra, hojatxonada smartfon bilan uzoq vaqt o‘tirish inson organizmi uchun katta xavf tug‘diradi.

Mutaxassislarning aytishicha, unitazda telefon bilan chalg‘ib, kutilgandan ko‘proq vaqt o‘tirish tufayli to‘g‘ri ichakdagi qon tomirlarga ortiqcha bosim tushadi. Agar bu odat tez-tez takrorlansa, pay va to‘qimalar bo‘shashib, qon tomirlari shishib ketadi. Natijada og‘riqli tugunchalar paydo bo‘lib, xalq orasida “bavosil” yoki “gemorroy” deb ataladigan kasallik rivojlanadi.

Izlanish 125 nafar katta yoshli ko‘ngilli ishtirokida amalga oshirilgan. Ular maxsus so‘rovnomada turmush tarzi, ovqatlanish, jismoniy faollik va hojatxona odatlari haqida ma’lumot bergan. Natijada ishtirokchilarning 66 foizi hojatxonada telefondan foydalanishi aniqlangan. Ulardan qariyb yarmida kolonoskopiya tekshiruvi paytida gemorroy belgilarini topishgan.

Aniqlanishicha, telefonni hojatxonaga olib kirish kasallikka chalinish xavfini 46 foizga oshiradi. Olimlar bu holatning asosiy sababi sifatida unitazda uzoq muddat o‘tirishni ko‘rsatmoqda. Chunki smartfon odamni vaqtni sezmay qolishiga olib keladi va bu salomatlik uchun jiddiy muammo tug‘diradi.

Mutaxassislar bemorlik xavfini kamaytirish uchun oddiy tavsiyalar berdi: hojatxonaga kirishda telefonni tashqarida qoldirish, unitazda 5 daqiqadan ortiq o‘tirmaslikka harakat qilish va agar jarayon cho‘zilsa, turib qisqa tanaffus qilib keyin qayta kirish.

Olimlarning xulosasiga ko‘ra, shunday oddiy ehtiyot choralari insonni og‘ir va noqulay kasallikdan asrab qolishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Hojatxonada telefon ushlab o‘tirish salomatlikka xavfli