00:13 / 13.12.2019
2 757

Afg‘onistonlik investor Qorovulbozorda anor, bodom va limon yetishtirmoqchi

Afg‘onistonlik investor Qorovulbozorda anor, bodom va limon yetishtirmoqchi
Buxoro tumanilik yosh tadbirkor G‘olib Rahmatovning na’matak yetishtirish va uni qayta ishlash maqsadi ko‘zda tutilgan biznes loyihasi viloyat hokimligida o‘tkazilayotgan an’anaviy “Investorlar kuni” tadbiri qatnashchilari qiziqishiga sabab bo‘ldi.

— Tahlillarimiz ko‘rsatdiki, 18 gektar maydonda na’matak yetishtirganda yiliga 400 tonnagacha hosil olib, uni qayta ishlash, 30 nafar kishini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlash imkoniyati mavjud, — deydi tumandagi “Shuhrat” fermer xo‘jaligini boshqarish jarayonida yaxshigina tajriba to‘plagan tadbirkor. — Bu loyihani amalga oshirish uchun o‘z hisobimizdan 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflash niyatidamiz. Shuningdek, moliyaviy muassasaning kredit mablag‘iga ham tayanamiz.

Agar na’matak tibbiyotda dorivor o‘simlik sifatida qadrlanishi, undan inson salomatligi uchun zarur dori — darmonlar tayyorlashda keng foydalanilishi inobatga olinsa, bu loyiha qo‘llab – quvvatlanishga loyiq, albatta.

Qorovulbozor viloyatning dehqonchilik uchun shart-sharoiti murakkab hududlaridan sanaladi. Lekin qalovini topsa, toshda ham gul undirish mumkin. Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarosi Ne’mat Ne’matulloh yetakchiligidagi bir guruh tadbirkorlar xuddi shu fikrda. Ular bu yerda anor, bodom va limon yetishtirish loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

“ABS Qorovulbozor” xorijiy korxonasi negizida ro‘yobga chiqariladigan loyihaga ko‘ra, 200 gektar maydonda intensiv bog‘ yaratiladi. 300 ming AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi. Natijada 15 ta doimiy, qariyb 200 ta mavsumiy ish o‘rni yuzaga keladi.

Jozibador loyihalarning yana bittasi aynan Qorovulbozor hududidagi xom ashyo asosida amalga oshiriladi. Gap ohaktoshdan qog‘oz ishlab chiqarish haqida bormoqda. “Qizilqumclass invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida malayziyalik investorlar bilan hamkorlikda bajariladigan bu yumushga 136 million AQSh dollari miqdorida sarmoya yo‘naltiriladi.

E’tiborlisi, bu loyihaga tadbirkorlar yetti o‘lchab, bir kesgan holda yondashyaptilar. Chunonchi, ohaktosh tarkibi rivojlangan davlatlarning zamonaviy laboratoriyalarida tahlildan o‘tkazildi. Natijada undan sifatli qog‘oz va qog‘oz mahsulotlari, jumladan, devorbop mahsulot olish mumkinligi tasdig‘ini topdi. Tabiiyki, bu loyiha ham viloyat hokimligi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Aytish o‘rinliki, haftaning har chorshanbasida tashkil etilayotgan “Investorlar kuni” yangi biznes loyihalar ro‘yobi sari tashlangan dastlabki qadam vazifasini o‘tayapti. Viloyat hokimi ishtirokida o‘tayotgan taqdimot marosimida nafaqat tadbirkorlar tashabbusi qo‘llab-quvvatlanyapti, balki ularni o‘ylantirayotgan masalalar yechimi topilyapti. Istiqboldagi rejalar belgilab olinmoqda. Chunonchi, Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga muvofiq, umumiy qiymati 6 trillion 216 milliard so‘m bo‘lgan 2761 ta investitsion loyiha jadal amalga oshirilyapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Afg‘onistonlik investor Qorovulbozorda anor, bodom va limon yetishtirmoqchi