
Oʻzbekiston axborot maydonida Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Alter Ego loyihasiga bergan intervyusi qizgʻin muhokama qilinmoqda. Suhbatda davlat boshqaruvidagi asosiy tamoyillar, siyosiy qarorlar ortidagi shaxsiy motivlar hamda mamlakatdagi islohotlar “oshxonasida” qanday jarayonlar ketishi haqida ochiq gapirildi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Saida Mirziyoyeva ijro hokimiyati tizimidagi ishtiroki strategik zarurat ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, bu Prezident bilan hududlardagi real vaziyat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va buzilmagan aloqa kanali bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat apparatida Prezident administratsiyasi alohida oʻrin tutishi qayd etildi: u intellektual va strategik markaz sifatida ishlaydi. Intervyuda vakolatlar aniq ajratildi — Administratsiya uzoq muddatli yoʻnalishlarni belgilash va farmonlar loyihalarini tayyorlashga eʼtibor qaratadi, Vazirlar Mahkamasi esa kundalik ijro mexanizmini yuritadi.
Rasmiy tashrif yoki hujjat ortida yuzlab mutaxassislar, jumladan tashqi maslahatchilar va tahlilchilar ishtirokidagi ulkan mehnat turishi ham alohida urgʻulandi. Bu ko‘rinmas ishlar, Saida Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, muhim davlat qarorlari uchun poydevor yaratadi.
Uning izohiga ko‘ra, bugungi siyosiy tizimda Administratsiya maʼlumotlar oqimidagi tartibsizlikni saralab, uni aniq strategiyaga aylantirib beradigan “filtr” vazifasini ham bajaradi.
Suhbatning markaziy mavzularidan biri Shavkat Mirziyoyevning davlat arbobi sifatidagi shakllanish yo‘li bo‘ldi. Saida Mirziyoyeva otasi avvalgi boshqaruv tizimida uzoq yillar ishlagani, shu bois uning og‘riqli va kamchiliklarini ichidan ko‘rib, chuqur anglaganini aytdi.
Davlat rahbari bo‘lgach, u kursni keskin yangilash, jamiyatni erkinlashtirish tomon burish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solgani taʼkidlandi. Misol sifatida tizimli majburiy mehnatga qarshi kurash keltirildi.
“U paxta qulligiga nuqta qo‘ydi”, degan fikr intervyuda alohida yangradi. Bu mavzu prezident oilasi uchun shaxsiy jihatga ham ega ekani qayd etildi: Jizzax va Samarqandda yashagan yillarda amaldorlar farzandlari ham, jumladan Saida Mirziyoyeva ham, ko‘pchilik qatori paxta terimiga yuborilgan — “namuna” sifatida.
Shu tajribalar keyinchalik bolalar mehnatini cheklash va ekspluatatsiyaga barham berish qarorlarini tezlashtirgan omillardan biri bo‘lgani aytildi.
Ochiq jamiyat sari yo‘l oson kechmagani ham tilga olindi. Valyuta bozorini erkinlashtirish va erkin konvertatsiyani joriy etish eski tizim tarafdorlarining keskin qarshiligiga duch kelgani eslatildi.
Saida Mirziyoyeva o‘sha paytda ayrimlar prezidentni iqtisodiy inqiroz bilan qo‘rqitishga uringani, biroq masala faqat siyosiy iroda bilan emas, kadrlar almashinuvi va boshqaruv tafakkurini yangilash bilan yechilganini taʼkidladi.
Pandemiya davri ham “eng yuqori bosim” pallasi sifatida eslandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident dori-darmon xaridlari va Xitoy hamda Janubiy Koreyadan yetakchi shifokorlarni jalb etish jarayonlarini shaxsan nazorat qilgan.
Saida Mirziyoyeva bunday inqirozli vaziyatlarda rahbarning har bir inson hayotiga munosabati yaqqol ko‘rinishini qayd etdi.
O‘zining rasmiy lavozimiga to‘xtalar ekan, u Administratsiya rahbari sifatida prezidentga “ko‘z va qo‘l” bo‘lib, joylardagi haqiqatni bo‘rttirmasdan yetkazish vazifasini bajarishini aytdi. U hududlarga muntazam borib, aholi va mahalliy hokimiyat vakillari bilan bevosita muloqot qiladi.
Shu safarlar davomida Shavkat Mirziyoyev doimiy aloqada bo‘lib, aniqlangan muammolar va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha tezkor hisobotlarni talab qilishi taʼkidlandi.
Etika va intizom masalasida esa qatʼiy talablar borligi aytildi. Saida Mirziyoyevaning fikricha, oddiy amaldorga baʼzan xatoni tuzatish uchun imkon berilishi mumkin, biroq uning o‘zi uchun bunday “imtiyoz” yo‘q — har bir qadam Prezident bilan kelishiladi.
Suhbat yakunida u o‘z faoliyatiga falsafiy yondashib, yuqori lavozimni vaqtinchalik missiya sifatida ko‘rishini bildirdi. Maqsad — otasining tarixda muhim iz qoldirishi va hokimiyatni fuqarolar turmushini yaxshilash vositasi sifatida ishlatish.
U hozirgi davrni “o‘zgarishlar davri” deb atab, Administratsiyaning bosh vazifasi mamlakatdagi har bir inson farovonligini taʼminlash ekanini urg‘uladi.
Eslatib o‘tilishicha, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda paxta sektorida tizimli majburiy va bolalar mehnatini to‘liq bartaraf etgan ilk davlat bo‘ldi. Bu natija 2022 yilda Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan rasman tasdiqlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.