14:10 / 17.12.2019
3 938

"Tahsin" mukofotiga kimlar munosib ko‘rildi?

"Tahsin" mukofotiga kimlar munosib ko‘rildi?
Kecha “Yoshlar ijod saroyi”da Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan "Tahsin" mukofotining taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, vazirlik, idora va muassasalarning mutasaddi rahbarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tanlovga noyabr oyi davomida vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim, ijtimoiy soha, san’at, madaniyat, jurnalistika hamda sport sohalaridagi 22 ta nominatsiya bo‘yicha 500 nafar nomzodlar tavsiya etilgan edi.

“Tahsin” mukofoti g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimini Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norbayeva ochib berdi. Ilk mukofotni “Qurolli Kuchlar sohasida O‘zbekiston nufuzini oshirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha Navoiy viloyati DXX Chegara qo‘shinlaridagi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Yetakchilar Kengashi raisi Zumrad To‘rayeva va Mudofaa vazirligining xalqaro “Armiya – 2019” tanlovida g‘olib bo‘lgan tankchilar ekipaji qo‘lga kiritdi.

“O‘zbek tilida masofaviy ta’lim olish imkoniyatlari rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasiga “Xan Akademiyasi” munosib topildi.

“Ilm-fan sohasini rivojlantirishdagi kuchli irodasi va matonati uchun” mukofotini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar markazi” direktori Rano Shodiyevalar topshirdilar. Mazkur nominatsiyada ko‘zi ojizlar uchun brayl alifbosidagi ingliz tilidagi ilk o‘quv qo‘llanmani yaratishda hissa qo‘shgan Xurshid Toshev g‘olib bo‘ldi.

“San’at sohasidagi iqtidori uchun” nominatsiyasi bo‘yicha ko‘zi ojizlar musiqa maktabi o‘qituvchisi, xalqaro tanlov g‘olibi, pianinochi Sevara Mirsiddiqova g‘alaba qozondi.

“Axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tashabbuskorligi uchun” Shohijaxon Dehqonovga mukofotni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktab direktori, INHA universiteti bosh menejeri Hilola Umarova topshirdi.

Atrof-muhit ozodaligini ta’minlashdagi tashabbuskorligi uchun” nominatsiyasida “Hashar weyek"loyihasi asoschisi Suna Pak va Jarqo‘rg‘onda o‘rmonzor yaratgan Namoz Jumayevlar zafar quchdilar. Ularni “Smartgov Consulting” tashkiloti rahbari, bloger Aziza Umarova va bloger Nikita Makarenkolar taqdirladi.

“Haykaltaroshlik yo‘nalishi rivojidagi tashabbusi uchun” Bahrom Norboyev, “Kitobxonlikni rivojlantirishdagi tashabbusi uchun” “Asaxiy boks” asoschisi Firuz Allayev, “Ommaviy axborot vositalari sohasidagi faolligi uchun” nominatsiyalarida Daryo.uz sayti muxbiri Madina Nurmanova g‘olibga aylandilar. Jurnalist Baxtiyor Nasimov, “Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibi, “Chegarasiz” loyihasi qahramoni Mahliyo O‘roqova hamda bloger Dima Qayumlar sovrindorlarga muvaffaqiyat tiladi.

“Mamlakat sport imidjini ko‘tarishda qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha mukofotni futbolchi Eldor Shomurodov va og‘ir atletikachi Kumush Fayzullayevalar qo‘lga kiritdi. Gimnastika bo‘yicha jahon chempioni Oksana Chusovitina va Sport sharhlovchisi Mirzaxakim To‘xtamirzayevlar sportchilarni samimiy qutladilar.

“Bolalar va yoshlar o‘rtasida volontyorlik harakati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha mukofot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Ibrohim Xodjiyev va ekspert Dilfuza Qurolovalar tomonidan Jizzax viloyati vakili, 2018-2019-o‘quv yilida Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti sardori Dilshod Sharofov va Toshkent shahri “Vremya Chudes” volontyorlik harakati asoschisi Shirin Abidovalarga topshirildi.

“Tadbirkorlik yo‘nalishida ko‘rsatgan tashabbusi uchun” Toshkent shahri Navoiy viloyatida ho‘l va quruq mevalar eksporti bilan shug‘ullanuvchi “Teodora Goods” hamda “Teodora Grupp” MCHJlari rahbari Dildora Atadjonova va “MFaktor” loyihasi asoschilari Xasan va Xusan Mamasaidovlarni taqdirlandilar. “MFaktor" loyihasi asoschilari taqdim etilgan 10 million so‘m miqdoridagi mukofot pulini bloger Dima Qayum kutubxonasi ravnaqi uchun sovg‘a qildi.

“Yuksak mehr va e’tibor uchun” yo‘nalishida Toshkent shahri “Mehrli qo‘llar” loyihasi muallifi Bahrom Aliyev, “Mehribon yurak” aksiyasida yurak xastaligiga chalingan, jarrohlik amaliyotiga zarurati bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan 14 nafar bolalarga beg‘araz jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bosh shifokor Murod Ahmedov, “Yoshlar” telekanalida “7-qadam” xayriya loyihasi muallifi Hamza Jumayev hamda “Kun.uz” internet nashri xayriya loyihasi asoschilari e’tirof etildilar.

“Yuksak insoniylik, mardlik va jasorati uchun” nominatsiyasiga Olamafro‘z Abdullayev munosib topildi. Mukofotni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Alisher Sa’dullayev topshirdi. Olamafro‘z Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida yuz bergan baxsiz hodisada o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib 8 nafar insonni birinchilardan bo‘lib qutqargan. Ushbu qahramonligi uchun Chelyabinsk viloyati tomonidan “Speshite delat dobro” medali bilan taqdirlangan.

Tanlov g‘oliblarining har biri 10 million so‘mdan pul mukofoti, statuetka hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Barcha g‘oliblarni chin yurakdan tabriklaymiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Tahsin" mukofotiga kimlar munosib ko‘rildi?