
Eron poytaxti va qator yirik shaharlarda 28-dekabrdan buyon ommaviy norozilik chiqishlari to‘xtamayapti. Noroziliklarga asosiy turtki sifatida mamlakatda chuqurlashib borayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar tilga olinmoqda. Axborot agentliklari ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron va Isfahonda o‘tayotgan namoyishlarga yirik universitetlar talabalari ham qo‘shilgan.
Ayrim hududlarda norozilar bilan politsiya o‘rtasida mayda to‘qnashuvlar qayd etilgan. Qonun-tartibot idoralari olomonni tarqatish uchun ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz qo‘llagani xabar qilinmoqda. Dpa agentligi ta’kidlashicha, namoyishlar tobora siyosiy tus ola boshlagan. Ko‘chalarda “Diktatorga o‘lim” va “Podshoh yashasin” kabi shiorlar yangramoqda. Birinchi chaqiriq Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyga qaratilgan bo‘lishi mumkin, ikkinchisi esa inqilobdan oldingi monarxiyani tiklash g‘oyasini anglatadi.
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon 30 dekabr kuni ichki ishlar vaziriga norozilar vakillari bilan muloqot qilish va ularning qonuniy talablarini tinglash bo‘yicha ko‘rsatma berganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hukumat vaziyatni barqarorlashtirish uchun mas’uliyat bilan harakat qilishi shart.
AFP agentligining yozishicha, noroziliklar ilk bor Tehrondagi yirik bozorda boshlangan. Avval mobil telefon sotuvchilari, keyin esa boshqa sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar giperinflyatsiya va milliy valyutaning qadrsizlanishi sabab do‘konlarini yopib, norozilik bildirgan. Ayniqsa, import tovarlari bilan ishlaydigan savdogarlar og‘ir ahvolga tushib qolgan.
29 dekabr kuni rial ochiq bozorda yana bir antirekord qayd etdi — bir AQSH dollari qariyb 1,4 million rialga tenglashdi. Shu ortidan Eron Markaziy banki rahbari Muhammad Reza Farzin iste’foga chiqqan.
Ayni paytda Eron iqtisodiyoti yuqori inflyatsiya, qimmatchilik va yadroviy dastur bilan bog‘liq G‘arb sanksiyalari bosimi ostida qolmoqda. Prezident Pezeshkiyon esa yaqin vaqtlarda inflyatsiyani jilovlash va aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan choralar ko‘rilishini va’da qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.