
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Xitoyning China Road kompaniyasi vakillariga davlat tilini o‘rganish zarurligini qat’iy tarzda bildirdi. Bu haqda u Issiqko‘l viloyatida avtomobil yo‘llari qurilishiga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish chog‘ida ma’lum qildi.
Yig‘ilish davomida Tashiyev Barskoon — Qorako‘l avtomobil yo‘lining qaysi kompaniya tomonidan barpo etilayotgani bilan qiziqdi. China Road kompaniyasi vakili rus tilida javob qaytarib, mazkur yo‘l qurilishi aynan ularning zimmasida ekanini tasdiqladi.
Shundan so‘ng Qamchibek Tashiyev Xitoy kompaniyasi Qirg‘iziston hududida qariyb 20 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lsa-da, uning ayrim vakillari haligacha davlat tilini bilmasligini keskin tanqid qildi. U chet ellik mutaxassislar mamlakatda uzoq yillar ishlayotgan ekan, mahalliy tilga hurmat bilan yondashib, uni o‘rganishi shartligini ta’kidladi.
«Nima uchun hali ham qirg‘iz tilini o‘rganmagansizlar? China Road Qirg‘izistonda 20 yildan beri ishlaydi. Shuncha vaqt ichida davlat tilini o‘rganib bo‘lmaydimi? Qirg‘izcha gapirishni o‘rganing!» — dedi u qat’iy ohangda.
Xitoy kompaniyasi vakili esa Tashiyevning tanbehini sukut saqlagan holda qabul qilib, bosh irg‘ab, uning talablariga roziligini bildirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda 75 kilometrlik avtomobil yo‘li qurilishi muddatlari ham muhokama qilindi. Kompaniya vakili amaldagi shartnomaga ko‘ra, loyiha 2028 yil 1 sentyabrgacha yakunlanishi kerakligini ma’lum qildi. Biroq, ish sur’atini oshirish orqali yo‘l qurilishini muddatidan oldin — 2027 yil oxirigacha tugatishga harakat qilishga va’da berdi.
Mazkur holat Qirg‘iziston rahbariyatining davlat tili masalasiga hamda yirik infratuzilma loyihalarida intizom va mas’uliyatga jiddiy yondashuvini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.