
FIFA 2026 yildan e’tiboran an’anaviy «The Best» mukofotini topshirish marosimi o‘tkazilmasligini rasman ma’lum qildi. Bu haqda Football Tweet (X) manbasi xabar tarqatdi. Qayd etilishicha, mazkur qaror futbol olamidagi taqdirlash tizimini tubdan yangilash va uni zamon talablariga moslashtirish maqsadida qabul qilingan.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, «The Best» mukofoti o‘rnini yangi, zamonaviy formatdagi xalqaro taqdirlash marosimi egallaydi. Ushbu yangi loyiha Dubay Sport Kengashi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ayni tashkilot shu paytga qadar Globe Soccer Awards mukofotining asosiy hamkori va tashkilotchisi sifatida tanilib kelmoqda.
FIFA yangi format orqali taqdirlash marosimining geografiyasini kengaytirish, turli qit’alardagi futbol muxlislarini jalb qilish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirishni ko‘zlamoqda. Shuningdek, yangi loyiha orqali futbolchilar, murabbiylar va klublar faoliyatini kengroq auditoriyaga taqdim etish maqsad qilingan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, «The Best» mukofoti 2016 yilda FIFA va France Football o‘rtasidagi hamkorlik tugatilgandan so‘ng ta’sis etilgan edi. U qisqa vaqt ichida futbol dunyosida eng nufuzli individual sovrinlardan biriga aylangan. Endi esa FIFA yangi bosqichga o‘tib, global miqyosda yanada keng qamrovli va ta’sirli taqdirlash marosimini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.