15:50 / 30.04.2022
1 587

Bosqinchi rassomning asari istilochilar kirdikorlarini fosh etadi

Bosqinchi rassomning asari istilochilar kirdikorlarini fosh etadi
Vereshchagin Shinjonga sayohat taassurotlari davrida noyob surat chizgan, u yerda Xitoyga qarshi, aslida mahalliy musulmonlarning mustamlakachilikka qarshi qo‘zg‘olonlari davridagi qatag‘on va qotilliklarning dahshatli izlarini ko‘rgan. Ushbu surat qiziqarli tarixga ega.

Biroq surat dastlab rassom tomonidan «Turkiston turkumi»ga kiritilgan va birinchi nomi «Temurlangning g‘alabasi» deb atalgan. Surat osiyoliklarning vahshiy odatlarini ko‘rsatishi va ruslar istilosini oqlovchi o‘ziga xos badiiy asos bo‘lishi kerak edi. Ammo keyinroq rassom ozgina o‘zgartirish kiritadi.

Rasm «Urush apofeozi» degan neytral nom olib, unga «O‘tmish, hozirgi va kelajakdagi barcha buyuk bosqinchilarga bag‘ishlangan» degan tavsif beriladi. Boshqacha aytganda, suratda “osiyocha” manzara bo‘lsa-da, har qanday urushlarning patsifistik tanqidi sifatida tushunildi va keng miqyosda tanildi.

Hozirgi kunda tomoshabinlar Vereshchaginning bu rasmini, balki, Ukrainadagi tajovuzga qarshi norozilikning eng muhim ramzlaridan biri sifatida ko‘rishar... Mustamlaka qilingan dushmanni qoralash uchun yaratilgan asar zamonlar o‘tib tajovuzkor tomonning o‘ziga qaratildi.

Vasiliy Vasilevich Vereshchagin (1842 - 1904) – rus rassomi va yozuvchisi, ijodi urush haqidagi suratlar chizuvchi batalist rassomlar sirasiga kiradi.

Vereshchagin 1867 yilda Turkiston general-gubernatori general K.P.Kaufmanning o‘zi bilan birga rassom bo‘lish taklifini qabul qilgan edi. 1868 yil 2 mayda rus qo‘shinlari tomonidan bosib olingandan so‘ng Samarqandga kelgan Vereshchagin Shahrisabz beklari, qipchoq urug‘lari va qo‘zg‘olonchi mahalliy aholi bilan bo‘lgan janglarda shaxsan qatnashgan. Ko‘rsatgan “qahramonliklari” uchun Vereshchagin 4-darajali Avliyo Georgiy ordeni bilan taqdirlangan.

“Yarim tundan ko‘p o‘tmay, kuchli noodatiy shovqin meni uyg‘otdi – biz o‘t qo‘ygan masjid qulab tushgandi. Biz qilgan ishimizdan mamnun bo‘lib, tomosha qilish uchun devorga chiqdik...”, deb yozadi Vereshchagin 1868 yilgi esdaliklarida.

Istilochilar rassomi bo‘lgan Vereshchagin Peterburgda “Turkiston turkumi” deb atalgan suratlari ko‘rgazmasini ham tashkil etgan. Biroq uning bir necha suratlari rus askarlarining “shon-shuhratli faoliyati”ga mos kelmagani, bosqinchilarning ayanchli kechmishini ochib qo‘ygani uchun rus imperatori tomonidan yo‘q qilishga buyruq berilgan.

Ulardan birida safdoshlari tomonidan tashlab ketilgan rus askarining murdasi tasvirlangan. Sahroda qarg‘a-quzg‘unlarga yem bo‘lib yotgan jasad tasviri Turkiston viloyati general-gubernatori Kaufmandan imperator Aleksandr II ga qadar dahshatli tanqidlarga uchragan.

Rassomning imperator tanqidiga uchrab yo‘q qilingan asarlaridan yana biri “Qurshab olishdi. Ta’qib qilishmoqda” deb nomlangan. Suratda qurshab olingan va oxirgi daqiqalarini yashayotgan bir to‘da rus askarlari tasvirlangan.

Yana bir asari “Mag‘lublar”da esa jang maydonida o‘lib yotgan rus askarlari va ularning boshida turgan pop va harbiy qo‘mondonning rasmi chizilgan.

Rus-yapon urushi boshlanganda Vereshchagin yana urushga ketadi. Ruslar uchun sharmandali mag‘lubiyat bilan tugagan mazkur urush rassomning ham oxirgi safari bo‘ladi. 1904 yil 31 mart kuni Port-Artur yaqinida portlagan mina tufayli dengizga g‘arq bo‘lgan “Petropavlovsk” jangovar kemasida Turkiston istilosida ishtirok etgan rassom ham bor edi.

Sovet Ittifoqi ham Vereshchaginni ulug‘lab ko‘plab joylarga uning nomini qo‘ygan. Hatto Toshkentda ham uning nomi bilan atalgan ko‘cha bo‘lib, o‘tgan asrning 90-yillarida o‘zgartirilgan edi.

Yoqub Umar

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bosqinchi rassomning asari istilochilar kirdikorlarini fosh etadi