Foto: AFP
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Belgradga rejalashtirilgan ikki kunlik tashrifini bekor qilishga majbur bo‘ldi - yakshanba kuni Chernogoriya, Bolgariya va Shimoliy Makedoniya uning samolyoti o‘z havo kengliklari orqali uchishiga yo‘l qo‘yishmadi. Lavrov buni aqlga sig‘mas holat deb atadi. Rossiyaliklar tashqi ishlar vazirining Serbiyaga tashrifi 6-7 iyun kunlariga rejalashtirilgandi.
«Bugun, bir soat oldin, Serbiyani o‘rab turgan mamlakatlar aloqa kanallarini yopib, u yerga yo‘l olgan Sergey Lavrovning reysi uchib o‘tishiga ruxsat berishmadi. Rossiya delegatsiyasi muzokaralar o‘tkazish uchun Belgradga borishi kerak edi. YEI va NATO a’zolari bo‘lgan davlatlar o‘z havo kengliklarini berkitib, navbatdagi aloqa kanalini yopishdi», dedi Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova yakshanba kuni Italiyadagi La7 telekanali efirida.
Serbiya hukumati vakili Ana Brnabich Lavrov atrofidagi vaziyat yuzasidan mamlakat prezidenti Aleksandr Vuchich Bolqondagi qo‘shnilar bilan shaxsan muzokaralar o‘tkazishini aytgan.
«Chindan ham aql bovar qilmaydi, Yevropa va dunyoda vaziyat shunday, bir mamlakat prezidenti boshqa bir mamlakat tashqi ishlar vaziri parvozi logistikasi bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri kelmoqda», - deya vaziyatni izohlagan Brnabich serb televideniyesi efirida (iqtibos Interfaksniki).
Dushanba kuni Lavrov matbuot anjumani o‘tkazib, Serbiya tashqi ishlar vaziri Nikola Selakovichni yaqin vaqtlar ichida Rossiyaga tashrif bilan kelishga taklif qilganini aytib, o‘zining ushbu mamlakatga safari bekor qilinishini «suveren davlatning tashqi siyosat olib borish huquqidan mahrum etilishi» deb atadi. «Albatta, aqlga sig‘maydigan hodisa sodir bo‘ldi. Serbiyaning Rossiya yo‘nalishidagi xalqaro faoliyati to‘sib qo‘yildi», degan Lavrov.
Uning fikricha, agar u yerdagilar Rossiya tashqi ishlar vazirining Serbiyaga tashrifini «deyarli dunyo miqyosidagi tahdid» sifatida qabul qilayotgan bo‘lsa, demak «G‘arbning ishlari juda chatoq».
Yevroittifoqning qariyb barcha davlatlari va Buyuk Britaniya Rossiya 24 fevral kuni Ukrainaga bostirib kirishi bilanoq o‘z havo kengliklarini rossiyaliklar samolyotlari uchun yopgandi.
Shimoliy Makedoniya va Chernogoriya YEI tarkibiga kirmaydi, ammo NATO a’zolari hisoblanadi va yevropaliklarning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilishgan.
Serbiya - Rossiyaning Yevropadagi kam sonli ittifoqchilaridan sanaladi. Bu davlat NATOga a’zo emas va Moskva bilan munosabatlarda qo‘llangan sanksiyalarga qo‘shilmagan, ammo 2012 yildan buyon YEIga a’zo bo‘lish uchun nomzod davlat maqomiga ega hisoblanadi.
Shu bilan birga Serbiya Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi, urush boshlangach esa Belgrad BMTning Moskvani qoralovchi rezolyutsiyasi uchun ovoz bergandi.
Mart oyi boshida Belgradda Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, ko‘p kishilik aksiya bo‘lib o‘tdi.
Serbiya amalda rossiyaliklar gaziga to‘liq qaram, ammo bu davlatning Moskva bilan yaqinligi Rossiya hukumati Kosova mustaqilligini tan olmay, Belgradni qo‘llab-quvvatlashi bilan ham bog‘liq. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar