21:12 / 16.07.2022
3 045

Yaqin Sharq davlatlari Ukrainadagi urushga qanday munosabatda bo‘lmoqda?

Yaqin Sharq davlatlari Ukrainadagi urushga qanday munosabatda bo‘lmoqda?
Foto: Getty Images
Arab olami Ukrainadagi urushga ancha e’tiborsiz qaramoqda. Arab davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llagani yo‘q, Rossiya bilan aloqalarni ham uzishmagan. BBC talqiniga ko‘ra, Yaqin Sharq dunyoning Vladimir Putin taklif qilayotgan modeliga ishondi. Hattoki Suriyadagi urushdan keyin ham. Endi esa Rossiya hamma Amerikani yomon ko‘radiganlar tomonida turib G‘arb bilan urushyapti degan fikr ularning ongida yanada qattiq o‘rnashib qoldi.

G‘arb axborot urushini boy berayotgan Yaqin Sharqda aksar davlatlar Rossiya tomonidan Ukrainada boshlangan urushga nisbatan neytral pozitsiyada bo‘lishni ma’qul ko‘rmoqda. Hech kim Rossiya bilan ham, AQSH bilan ham urushib qolmoqchi emas.

«Ko‘pchilik davlatlar ko‘proq tomonlar bilan munosabat o‘rnatish kerakligi, «tuxumlarni har xil savatlarga solish kerakligi»ni tushunib yetdi. Rossiya shunday savatlardan biri», deydi Vudro Vilson nomidagi Yaqin Sharq tadqiqot dasturi direktori Merissa Xurma. Uning fikricha, arab davlatlari orasida aynan mana shunday yondashuv odatga aylangan.

Suriya Rossiyaning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi. Rossiyadan keyin aynan Suriya o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ni tan olgandi. BMTning Rossiyaga qarshi rezolyutsiyasiga qarshi chiqqan sanoqli davlatlardan biri ham aynan Suriya. BMT rezolyutsiyasi uchun ovoz berishda Jazoir, Iroq, Eron kabi davlatlar betaraf bo‘lib turishdi, Marokash kabi davlatlar esa umuman ovoz berishda ishtirok etmadi.

«Mintaqadagi aksar davlatlar tarixan AQSH bilan yaqin munosabatda bo‘lgan esa-da, oxirgi vaqtlarda Rossiya ular uchun tijorat va harbiy sohada muhim hamkorga aylandi», deydi Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Yevropa kengashining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika dasturi koordinatori Kelli Petillo.

Ekspert Merissa Xurmaning e’tibor berishicha, mintaqadagi davlatlar Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan avval ham, keyin ham holatga neytral qarash pozitsiyasini egallagan. Ba’zi arab davlatlari oxir-oqibat BMT rezolyutsiyasini qo‘llab ovoz berishdi, ammo keyinchalik bu borada birdamlik ko‘zga tashlanmadi.

«Biz hech kim tomonda bo‘lmaymiz, o‘z iqtisodiy manfaatlarimizdan kelib chiqib harakat qilamiz», dedi Qatar energetika vaziri Saad al Kaabi CNN bilan intervyuda.

Oxirgi yillarda AQSHning mintaqadagi ittifoqchilari chindan turli tomonlar bilan munosabat o‘rnatishga intilmoqda. Xususan, Rossiya bilan. AQSH mintaqadan asta-sekin keta boshlagani fonida ular to‘plangan kapitalni yo‘qotmaslik muhim deb hisoblashadi.

2011 yil Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev tashkil etgan notijoriy tashkilot bo‘lmish Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Rossiya kengashi eksperti Kirill Semyonovning fikricha, aksar arablar Rossiya Ukraina bilan emas, butun NATO davlatlari bilan urushmoqda deb biladi.

Aql va yurakni zabt etish missiyasi

2001 yil 11 sentabrdagi Nyu-York teraktlaridan keyin amerikalik siyosatchi va harbiylar Yaqin Sharqda va xususan Iroqda jang maydonlarida emas, g‘oyaviy maydonda g‘alaba qozonish muhim deb hisoblay boshlashdi. Ular mintaqadagi insonlarning yuragi va aqlini zabt etish muhim degan xulosaga kelgan.

Mintaqadagi arablarning aqli va yuragini zabt etish jangida hozirda Rossiya ham faol olishmoqda. Kanzas universiteti eksperti Nadya Oveydatning fikricha, G‘arb mintaqadagi axborot urushida yutqazmoqda. Ekspert arab olamida Ukrainadagi urush qanday yoritilayotganini kuzatgan holda shunday xulosaga kelgan.

Arab davlatlarining aksarida aholining 60 foizdan ortig‘ini 25 yoshga kirmagan yoshlar tashkil etadi. Ularning aksari ijtimoiy tarmoqdan faol foydalanadi. Ukrainadagi urush haqidagi arab tilidagi xabarlarning aksari esa rus manbalariga borib taqalmoqda. Ya’ni, aksar arab yoshlari Yevropa yoki Amerika emas, aynan Rossiya taqdim etayotgan xabarlarni o‘qimoqda. Hatto aksar mustaqil arab kanallari ham arab tilida ishlovchi rus manbalaridan xabar olmoqda.

Arab davlatlaridagi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan 70 foiz ishtirokchi Rossiyani ittifoqchi, 26 foizi esa dushman deb bilgan. AQSHni ularning 41 foizi dushman deb hisoblagan, 56 foizi ittifoqchi.

Internetning arabcha segmentida G‘arbning «kolonial ikki xil standartli siyosati» haqida ko‘p yozishadi. Masalan, Ukrainadagi qochoqlarga bo‘lgan munosabat Yaman, Suriya va Afg‘onistondan bo‘lgan qochoqlarga ko‘rsatilmagani aytiladi. Ularning fikricha, G‘arb bu mintaqadagi qochoqlarni o‘zidan «devorlar orqali to‘sib qo‘ygan».

Nadya Oveydatning fikricha, mintaqada demokratik prinsiplar shakllanmagan, himoyalanmagan, muqobil nuqtayi nazar esa ommalashmagan.

BBC monitoring xizmati tahlilchisi Ahmad Nurning aytishicha, arab tilida ishlovchi nashrlar axborot urushidagi «narigi tomon»ga qaraganda ko‘proq auditoriyani qamrab olish maqsadida juda ko‘p xabar berib turibdi. Tahlilchi axborot makonidagi arab o‘quvchilar avval ham G‘arb berayotgan xabarlarga ishonmagani va ruslar taqdim etayotgan xabarlarga bajonidil ishonganini ta’kidlaydi. Natijada Rossiya Goliafni mag‘lub etayotgan David ko‘rinishida gavdalanmoqda.

«Bushning Iroqqa bostirib kirgani bilan Putinning Ukrainaga bostirib kirgani o‘rtasida hech qanday farq ko‘rmayapman. Ar-Riyod bu mojaroga aralashmayapti», deydi Spiegel bilan suhbatda Saudiyadagi shahzoda Saud Ol Faysal nomidagi Strategik tadqiqotlar markazi professori Mansul al- Marzuqiy.

Rossiyalik ekspert Kirill Semyonovning fikricha, Ukrainadagi voqealar bo‘yicha arab olamiga AQSH va Yevropa tushuntirishga intilayotgan masalalarning o‘zi arablarga yaqin emas. Arablar uchun Yamandagi urush muhimroq va bu ularning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda. Mintaqadagi ko‘p davlatlar Ukrainadagi va Yamandagi urushning bir biridan farqi yo‘q deb o‘ylaydi.

«Shu sabab mintaqa davlatlari uchun Rossiyaning pozitsiyasi Yevropaniki kabi tushunarsiz emas», deydi Semyonov.

Suriyaning bunga nima aloqasi bor?

Rossiyaning urushdagi g‘alabasi (agar bir davlatni bosib olishni g‘alaba deyish mumkin bo‘lsa) dunyo siyosatida ko‘p narsani o‘zgartirib yuborishi mumkin. Masalan, demokratiyadan o‘zga boshqaruv usulini qidirayotganlar uchun yangicha boshqaruv paydo bo‘lishi, geosiyosatda siljish kuzatilishi, xalqaro huquq va xavfsizlik o‘zanlari ham o‘zgarib ketishi mumkin.

2011 yil arab davlatlaridagi qonli namoyishlar keyinchalik «arab bahori» nomida inqilobga aylanib ketdi, ammo u kutilganidek arablar demokratiya tomon yuz burishiga olib kelmadi. Qaytanga aksar arab davlatlari avtokratiyaga yuz tutib, mintaqada demokratiya barq urishi borasidagi oxirgi umidlar ham chippakka chiqdi. Arab davlatlari fuqarolari orasida o‘tkazilgan oxirgi ijtimoiy so‘rovdan shuni bilish mumkinki, ularning aksari demokratiya Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyatni o‘nglamaydi deb hisoblaydi.

«Rossiyaning muvaffaqiyati Yaqin Sharqdagi avtoritarizmni faqat mustahkamlaydi. Aksar arab davlatlari o‘z hududida kichik Rossiya qurish haqida o‘ylay boshlaydi», deydi Krenfild universiteti eksperti Anise van Engeland.

AQSH Yaqin Sharqqa bo‘lgan qiziqishini pasaytirganidan so‘ng paydo bo‘lgan bo‘shliqni egallashga Rossiya anchadan buyon harakat qilmoqda. Rossiyaga nisbatan munosabat o‘zgarishiga ko‘pchilik Suriyadagi urush, aniqrog‘i Rossiyaning mojaroga qo‘shilishi sabab deb o‘ylaydi.

«Rossiya Suriyada nimalarga qodirligi, kuchi ko‘pligini ko‘rsatib qo‘ydi. Arab olamida esa kuchni hurmat qilishadi, Rossiyaga ham shunga yarasha munosabatda bo‘lishmoqda», deydi Vashington Yaqin Sharq instituti tadqiqotchi direktori Fabris Balansh.

AQSH Suriya prezidenti Bashar Asadni va uning rejimini odamlarga qarshi kimyoviy qurol ishlatgani uchun jazolash va’dasini bajarmadi. Bu esa Bashar Asad va uning asosiy ittifoqchisi bo‘lmish Rossiyaning «qo‘lini yechib yubordi».

Ekspert Balanshning fikricha, Suriyadagi urushdan buyon arab davlatlari kollektiv G‘arb kutilganiday kuchli emasligi, u Rossiya kabi kuch ishlata olmasligini anglab yetgan: «Ular ortiq AQSHdan va G‘arbdan qo‘rqmaydi, shu sabab tezgina Rossiya tomonga o‘girilishlari mumkin. Suriyadagi urush G‘arbning dunyodagi gegemonligi tugaganini ko‘rsatdi. SSSR tarqalganidan buyon ilk marta Rossiya qaysidir rejim ag‘darilishiga qarshilik qildi. Qazzofiy ag‘darilganlar orasida oxirgisi edi. 2011-16 yillarda bu borada siljish kuzatildi.

Arablar Rossiya ko‘p qutbli dunyoda yangi qutb, yangi kuchga aylanganini tushunib yetmoqda. Bu haqda Putin ko‘p gapirgan, arab yetakchilari esa takrorlashadi
», deydi ekspert.

Arab yetakchilari Bashar Asadni yillar davomida qo‘llab kelayotgan Rossiya «o‘zinikilarni tashlab qo‘ymasligi»ga ishonmoqda. Axir AQSH Misrda Husni Muborakni, Tunisda Ben Alini qo‘llamadi, ular «arab bahori» fonida ketgandi.

Neft, gaz, don

Ukrainadagi urush arab davlatlari iqtisodiyotiga ta’sir qilmay qolmadi. Xususan, neft va gaz savdosi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi, qurol savdosi va sayyohlik sektorigacha. Fors ko‘rfazidagi monarxlar uchun neft va gaz narxi oshayotgani ayni muddao bo‘ldi. Ular Yevropaga ko‘proq mahsulot sotib, kattaroq pul ishlamoqda.

Livan, Tunis va Misr Rossiyadan keladigan don mahsulotlariga bog‘lanib qolgan, BAAga rossiyalik tadbirkorlar borib biznes qiladi, Misr esa Rossiya bilan birgalikda qo‘shni Liviyada Xalifa Haftarni qo‘llaydi. Jazoir Rossiyadan qurol sotib oladi, Marokash bahsli G‘arbiy Saxara borasida BMT Xavfsizlik kengashida Rossiyaning ovoziga umid qiladi. Eron esa Iroqda Rossiyaning ittifoqchisi.

Fors ko‘rfazi davlatlari OPЕK+ doirasida ham Rossiya bilan muloqotda bo‘lib turadi. Shu sabab hozircha AQSH va Yevropaning neft qazib olishni oshirish borasidagi so‘rovlariga javob bermayapti. Yaqin Sharqqa safari davomida Jiddada Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan ko‘rishgan Bayden arablarni neft qazib olishni oshirishga ko‘ndirish uchun harakat qilib ko‘rdi.

Bayden bilan shahzodaning uchrashuvidan keyin Saudiya neft qazib olishni oshirishi borasida xabarlar chiqdi, ammo ikki davlat yetakchilarining munosabatlari yaxshi deyish qiyin. Ayniqsa saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchini vahshiylarcha o‘ldirib ketishganidan keyin. AQSH razvedkasi qotillik buyurtmachisi Muhammad bin Salmon bo‘lganini ma’lum qilgan. Bayden 2019 yildayoq Saudiya jurnalistning o‘ldirilishi uchun og‘ir tovon to‘lashini aytgandi.

Shu tariqa, Yaqin Sharq davlatlari Rossiya va AQSH bilan munosabatlarda oltin o‘rtalikni topib olishni istamoqda. Ammo voqealar rivoji tezlashib ketgani sabab ikki o‘t orasida qolib ketish ham hech gap emas.

Ekspertlar turli fikrlar bildirayotgan bo‘lsa-da, bitta masalada umumiy xulosaga kelishgan: arab olamining Ukrainadagi urushga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi unda Rossiyaning muvaffaqiyat qozonishi yoki mag‘lub bo‘lishiga bog‘liq. Pragmatik arab davlatlari AQSH o‘zini qanday tutishini ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. Hozircha esa Rossiyaning mintaqadagi ta’siri katta bo‘lib qolaveradi, ruslarning Yaqin Sharqda kuchsizlanishiga hech qanday ishora ko‘rinmayapti. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaqin Sharq davlatlari Ukrainadagi urushga qanday munosabatda bo‘lmoqda?